“Inson borki tashvish bor. Tashvishning katta-kichikligi aslida kishining imon va e’tiqodiga qarab bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hazrati Ali roziyallohu anhuga aytgan gaplarida ko‘rishimiz mumkin: «Kimki, Alloh va Uning Rasuliga muhabbat qo‘yadigan bo‘lsa, endi tayyorgarligini ko‘raversin. Unga shunday muhtojliklar yetadiki, xuddi sel yoqqanida yuzi qanday ho‘l bo‘lib ketsa, shunday kambag‘alliklar yetadi. Kimki, Alloh va Uning Rasuliga muhabbat qo‘yadigan bo‘lsa, tayyorgarligini ko‘raversin. Unga shunday balolar keladiki, o‘sha balolarga u qalqon bo‘lib turib berishiga to‘g‘ri keladi». Lekin imoni zaiflar uchun biror sinov kelsa ham osmonu falakni boshiga ko‘tarib ayyuhannos soladi, dod-faryod qiladi. O‘sha muammodan qutulishni har qanday yo‘lini qiladi. Maboda o‘zi ko‘zlaganidek natijaga erisha olmasa o‘z joniga qasd qiladi. Eng achinarlisi, o‘z joniga qasd qilishni barcha tashvishlardan qutilishning yagona yo‘li deb bilishidadir. Vaholanki, bu uslub yechim emas, balki eng buyuk azob-uqubatning boshlanishidir. Aslida esa barcha muammolarning yechimi quyidagi oyati karimada o‘z ifodasini topgan: Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur.
Samarqand viloyati Payariq tumanidagi "Mulla Tohir" jome masjidi imom-xatibi Ziyovuddin Hoshimov qishloq ahli bilan o‘tkazilgan navbatdagi suhbatda ana shular haqida gapirib: Afsuski biz yashayotgan qishloqda ham bu illat uchramoqda. Shuning uchun ogoh bo‘ling deb, sizga zimmamda farz bo‘lgan omonatni yetkazdim, deya so‘zini yakunladi imom-xatib. Suhbat so‘ngida tinglovchilardan Shohida opa so‘z olib, (ism o‘zgartirilgan) imom domlaning so‘zlaridan ta’sirlanganini ko‘zida yosh bilan ifoda etdi: “Men 4 nafar farzandim bilan og‘ir holatda yashayman. Hayot tashvishlari, iztiroblar men uchun tugamayotagandek bo‘laveradi. Shu tobda o‘zimni o‘ldirib, hamma-hammasidan qutulish fikri ko‘p marta hayolimni band etar edi. Bugun esa angladimki, bularning hammasi shaytonning chaqirig‘i, jahannam sari yo‘llanma ekan. Alloh ato etgan umr ne’matining, mashaqqatlarga chidam va sabr qilishning oxiratdagi sharafi, ajrini endi tushunib yetdim. Men endi doimo yaratgan Allohimga tavakkul qilib, qayg‘u va shodliklarimni O‘ziga topshirib yashayman. Sizga rahmat domla, ko‘zimni ochdingiz”, deb minnatdorchilik bildirdi.
Mana, mav’izaning inson ongi va hayotiga ta’siri. Alloh taolo o‘ziga zulm qilmoqchi bo‘lgan bir bandasini boshqa bir olim bandasi orqali halokatdan asrab, O‘ziga yaqin qilib qo‘ymoqda. Hikmati buyuk Zot!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati