8 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi,muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yong‘indan jabr ko‘rgan sakkizta xonadon ahllaridan xabar oldilar.
Joriy yilning 18 mart kuni poytaxtning Shayxontohur tumani “Oqlon” mahallasidagi “Ko‘kcha Darboza”, “Fuzuliy” va “Omon Muxtorov” ko‘chalarida joylashgan sakkizta xonadonda kuchli yong‘in bo‘lib, uylarning hammasi barcha jihozlari bilan yonib ketgan va 65 kishi boshpanasiz qolgan edi. Shukrki, yong‘in xavfsizligi xodimlarining tezkorligi va mahalla ahlining uyushqoqligi tufayli hech kim jarohat-lanmadi.
Muftiy hazratlari aziyat chekkanlarga tasalli berib, ko‘ngillarini ko‘taradigan gaplarni aytib, bunday talofatda qilgan sabrlari ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab berdilar. Shuningdek, ushbu xonadonlarga mahalla ahli astoydil yordam ko‘rsatayotgani, yong‘in bo‘lgan xonadonlarni qayta qurish ishlari hashar yo‘li bilan barpo etilayotganiga e’tibor qaratdilar va ana shunday og‘ir damlarda mahalla ahlining ittifoqligi juda katta oliy fazilat ekanini ta’kidladilar.
Mo‘minlarning bir-birlariga mehribonligiga misol qilib, Saodat asrida Makkadan Madinaga hazrati Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallam bilan birga ko‘chib borgan mo‘min-musulmonlarga mahalliy aholi o‘zlarining uylaridan joy berganlari, o‘zlarining eng yaxshi ko‘rgan narsalarini in’om etganlarini aytib berdilar.
Darhaqiqat, har bir banda hayoti davomida turli qiyinchilik va musibatlarga duch keladi. Zotan, bu hayotning o‘zi imtihon dunyosidir. Bu haqda Qur’oni karimda bunday xabar qilinadi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar(hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz” (Baqara, 155).
Musibatlar sabab qilinib bandaning imoni sinaladi. Mol-mulkning kasodga uchrashi, bemor bo‘lish yoki ishdagi muvaffaqiyatsizlik kabilarning barchasi sinovdir. Banda gohida yaxshilik bilan, ba’zida qiyinchilik bilan sinaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki, tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Suhbatda mahalla ahli yong‘in sodir bo‘lgan kuniyoq oqsoqol Baxtiyor Karimov boshchiligida shtab tuzilgani, barcha zaruriy yordam va tashkiliy ishlar ushbu shtab orqali amalga oshirilayotganini bildirdi.
Shuningdek, “Oqlon” jome masjidi imom-xatibi Sobir qori Rustamov tashabbusi bilan saxovatpesha insonlar uzluksiz ravishda xayriya qilib turganlarini aytdilar.
Bundan mamnun bo‘lgan muftiy hazratlari imom-xatiblarni bunday savobli ishlarga har doim kamarbasta bo‘lishga chaqirib, ziyoratga o‘zlariga hamrohlik qilib borgan Diniy idoraning Masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar Qayumov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahimberdi Rahmonov va Shayxontohur tumani “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li kabi taniqli imom-xatiblarga shunday damlarda yanada g‘ayrat ko‘rsatish haqiqiy din peshvosining ishi ekanini ta’kidladilar. Shuning bilan birga, xonadon sohiblarining yonib ketgan kitoblari, xususan, Qur’oni karim va boshqa diniy-ma’rifiy adabiyotlarning o‘rnini to‘ldirishni tayinladilar.
So‘ngra “Oqlon” jome masjidida peshin namozini mahalla jamoasi bilan birga ado etdilar. Namozdan so‘ng masjid qavmi bilan suhbatlashayotib, jumladan, bunday dedilar.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Musulmon musulmonning birodaridir. Kim o‘z birodarining hojatini chiqarsa, Alloh uning hojatini chiqaradi. Kim bir musulmonni g‘amdan forig‘ qilsa, Alloh undan qiyomat kunining g‘amlaridan bir g‘amni forig‘ qiladi”, degan hadisi shariflariga ergashgan mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, yoru birodarlarining boshiga tushgan tashvishga sherik bo‘lib, o‘zlarining katta yordamlarini berayotganliklari bizni juda ham xursand qildi. Bu ayni mo‘minlik sifatidir.
Qad rostlayotgan xonadonlar birining poydevoriga muftiy hazratlari va mo‘ysafid otaxonlar birinchi g‘ishtni qo‘yib, eng ezgu duolarni qildilar.
Tez orada ushbu xonadonlar bitadi, yangi uylarda to‘yu tantanalar o‘tkazamiz, insho Alloh.
Muftiy hazratlarining ko‘ngil so‘rab kelganidan sevingan mahalla ahli va xonadon egalari shunday og‘irdamlarda qimmatli vaqtlarini sarflab tashrif buyurganlari va ko‘ngillarini ko‘targanlari uchun minnatdor-lik bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.