Joriy yilning 5-6 aprel kunlari ko‘rish, eshitish va nutqida imkoni cheklanganlar bilan Buxoro viloyatiga MUSLIM TOUR tomonidan ziyorat uyushtirildi.
Buxoroda ziyoratchilarni MUSLIM TOUR xodimlari gidlar bilan birgalikda kutib olishdi. Buxoro shahridagi “Mir arab” madrasasi, “Masjidi Kalon” masjidi, Labi hovuz, “Bahouddin Naqshband”, “Sayyid Mir Kulol” ziyoratgohlariga sayohat uyushtirildi.
Ziyorat davomida ko‘zi ojiz insonlarimizga eshitish va nutqida imkoniyati cheklanganlar ixlos bilan yordam berishdi. Ikkita jamiyat a’zolarini bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlari atrofdagi insonlarning ko‘z yoshlariga sabab bo‘ldi.
Avtobusda ziyoratgohlarga ketayotgan vaqtda ko‘zi ojizlar tomonidan aytilgan go‘zal nashidlarga kar-soqovlarimiz ixlos bilan, o‘z harakatlari bilan birgalikda qo‘shilib jo‘r bo‘ldilar.
Ziyoratdan go‘zal taassurotlar bilan qaytar ekanmiz, ko‘zi ojiz Abdurahim xoji otaning so‘zlari yuraklarga muhrlandi: “Ziyoratni tashkil qilganlar, homiy bo‘lganlar, bizlarga ziyorat vaqtida yordam bergan yaqinlarimizga chin qalbimizdan minnatdorchilik bildiramiz. Alhamdulillah, ilm markazi bo‘lib kelgan Buxoroga borishdek orzuimni ushalishi meni behad quvontirdi”
Ziyoratni tashkil qilishda imkoniyati cheklanganlardan ikkita jamiyat a’zolarini birga olib ketish bir oz qiyinchilik tug‘dirishi mumkinligini o‘ylagan edik. Ammo aksincha, ular imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan bir-birlariga chin yurakdan yordam berishlarini ko‘rib xursand bo‘ldik.
Imkoniyati cheklanganlar MUSLIM TOUR rahbari B.Toshpo‘latov va barcha xodimlarga, “Vaqf” xayriya jamoat fondiga, homiylarga o‘z minnatdorchiliklarini izhor qilishdi.
Alloh taolo ularga ko‘ngli yarim insonlarning ko‘nglini olib, Ka’bani obod qilganlik savoblarini nasib etsin!
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Narpay tumani markaziy masjidi hisoblangan “Naqshbandiy” jome masjidining yangi binosi qurilishiga dastlabki g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oqsoqollar, imomlar, ziyoli va mas’ullar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla Sattorov va tuman hokimi Sherbek Buranov masjid qurishning foydalari, katta savobligi, uning homiylar va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgani tahsinga loyiqligini ta’kidladi.
Xayrli ishni boshlashdan oldin Qur’oni karim tilovat qilinib, ezgu amallar bardavom bo‘lishi, elu yurtga omonlik va farovonlik so‘rab, duoga qo‘l ochildi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu yangi masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, jami 5 000 namozxonni o‘z bag‘riga oladi. Uning qurilish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati