Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Fevral, 2025   |   14 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:01
Quyosh
07:21
Peshin
12:42
Asr
16:12
Shom
17:57
Xufton
19:11
Bismillah
13 Fevral, 2025, 14 Sha`bon, 1446

Muqaddas qadamjolar, tariximizni ilmiy asosda o‘rganish vazifasi qo‘yildi

8.04.2019   3412   3 min.
Muqaddas qadamjolar, tariximizni ilmiy asosda o‘rganish vazifasi qo‘yildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 6 aprel kuni Surxondaryo viloyatida bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashrif doirasida Termiz yaqinidagi Sulton Saodat yodgorlik majmuasini ziyorat qildi, majmuada mahalliy va xorijiy ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish, uni yanada obod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Sulton Saodat yodgorlik majmuasining musulmon olamida tutgan o‘rni xaqida O‘zA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi:
 
– Bismillohir rohmonir rohiym. Ollohga beadad shukronalar bo‘lsinki. yurtimizga juda ham ulug‘ ne’matlar, tinchlik-osoyishtalikni berdi. Bugun Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda barcha sohalarda katta katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, diniy sohada ham. Ulug‘ allomalar, ma’rifatparvar zotlar mangu qo‘nim topgan joylarni obod qilishga katta e’tibor berilayapti. Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga tashriflari doirasida Sulton Saodat yodgorlik majmuasini ziyorat qildi.
 
Bu majmuada Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning qizlari Fotima onamizning beshinchi avlod nabirasi Hasan al-Amir mangu qo‘nim topgan. Bu ulug‘ zot Termiz amirlarining sultoni bo‘lgan.
 
Manbalarda qayd etilishicha, Hasan al-Amir o‘z yaqinlari bilan Samarqandga ko‘chib kelgan. Bu yerda o‘n yillar yashab ma’rifat tarqatish, xalqni birdamlikka chorlash bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shundan so‘ng Balxga ko‘chadi. U yerda bir muddat yashaydi, taxminan 865 yilda Termizga qelib, umrining oxirigaga yashab qoladi.Shu yerda dafn etiladi. Asrlar davomida u mo‘tabar zotning avlodlari uchun ham mahobatli maqbaralar qurilgan.
 
Sulton Saodat, Sayyidlar sultoni degan ma’noni anglatadi. Shuning uchun ham bu joyning maqomi ulug‘, ruhoniyati baland. Kimki kelib ziyorat qilsa, o‘ziga ma’rifat, ulgu oladi. 
 
O‘z davrida buyuk allomalarimiz, olimlarimiz sayyidlarning duolarini olganlar, ularga e’htirom ko‘rsatganlar. “Temir tuzuklari”da qayd etilishicha, Sohibqiron Amir Temur Hindistonga yurishlari chog‘ida hamisha Termiz sayyidlari xonadonida to‘xtab, mehmon bo‘lgani qayd etilgan. Sayyidlardan bir qanchasi Sohibqironning yurishlarida qatnashgani aytilgan. Sayyidlar o‘z xalqiga Vataniga sadoqatini izhor qilgan. Amir Temur o‘z tuzuklarida men sayyidlarni, ilm-ahlini hurmat qilar edim, degan bitiklarini qoldirgan.
 
Sulton Saodat ziyoratgohi obodonlashtirilgan bo‘lishiga qaramay, boshqa ziyoratgohlarga nisbatan kam ma’lumot berilgan. Bizning tarixmiz juda boy. Lekin o‘rganilmagan jihatlari ko‘p.
 
Prezidentimiz bu muqaddas qadamjoga tashrif chog‘ida yoshlarimiga tariximizni ilmiy asosda tushuntirish, bu ulug‘ zotlar qanday ishlarni amalga oshirganliklarini, Vataniga sodiqligini, ilm-ma’rifatini o‘rganish yuzasidan ko‘rsatma berdilar. Shu joyda qisqa muddatli o‘qishlarni tashkil qilishni taklif etdilar. Unda yoshlar va mutaxassislarga tariximizdan bilim beriladi.
 
Mana shunday ulug‘ zotlarni yo‘lidan borsak, ular qoldirgan ma’rifatni o‘rgansak yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz. 
 

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alisher Navoiy fenomeni – jahon ahli nigohida

9.02.2025   4567   3 min.
Alisher Navoiy fenomeni – jahon ahli nigohida

Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi, Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi Mir Alisher Navoiyning porloq nomi va bebaho merosi xalqimiz tarixida, milliy ma’naviyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Ulug‘ ajdodimiz o‘zining o‘lmas asarlarida ona tilimizning so‘z boyligi va ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, o‘zbek adabiy tiliga asos soldi. Ayni paytda o‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va takomilida hech kim Navoiydek beqiyos xizmat qilgan emas, desak, ayni haqiqatdir.

Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Gomer va Dante, Servantes va Shekspir, Gyote va Tolstoy, Nizomiy Ganjaviy va Hofiz Sheroziy kabi jahon adabiyotining daholari safida turadi. G‘arb olamida Tristan va Izolda, Romeo va Juletta singari qahramonlar qanchalik mashhur va jozibali bo‘lsa, Sharq dunyosida hazrat Navoiy yaratgan Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi adabiy personajlar ham shu qadar sevimli va qadrlidir.
 

Alisher Navoiyning asosiy fenomeni – u buyuk insonparvar va yuksak ideal sohibidir. Shoir hayot va adabiyotdagi asosiy orzusi – komil inson g‘oyasini tarannum etish va uni butun dunyoga targ‘ib qilish borasida ulkan ma’naviy jasorat ko‘rsatgani alohida e’tiborga loyiqdir.


Asrlar davomida shoir asarlaridan bahramand bo‘lib kelayotgan minglab insonlar, ular qaysi millat va elat vakili bo‘lmasin, jahonning qaysi mamlakatida yashamasin, o‘z zamonasining barcha ijtimoiy-ma’naviy muammolariga, o‘zlarini qiynayotgan savollarga javob topa oladilar. Chunki biron-bir hayotiy masala, qadriyat va tuyg‘ular, fazilat va illatlar yo‘qki, Navoiy qalamga olmagan bo‘lsa!


Buyuk ajdodimizning o‘lmas merosi biz uchun, ayniqsa, bugungi murakkab globallashuv davrida har qachongidan ham dolzarb va zarurdir. Bu bebaho xazina tinch va barqaror, erkin va obod hayot barpo etish yo‘lida bashariyatga katta ma’naviy kuch baxsh etadi.


Ulug‘ gumanist Alisher Navoiy hamisha xalqning dard-u tashvishi bilan yashagani, umr bo‘yi yordam va ko‘makka muhtoj insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatib, ilm-fan, san’at va adabiyot ahliga homiylik qilgani bu mumtoz siymoning yana bir ibratli fazilatidir. Uning mamlakat poytaxti Hirot shahrining o‘zida o‘z mablag‘lari hisobiga uch yuz saksondan ortiq ijtimoiy muassasa – madrasa va masjidlar, shifoxona va kutubxonalar, hovuz va ariqlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo ettirgani, adib va olimlar, rassom va me’morlar, sozanda va xonandalar, mohir hunarmandlarni doimo moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlab kelgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinovning o‘quvchilarga taqdim etilayotgan yangi asari – "Alisher Navoiy fenomeni" nomli kitobi buyuk shoir ijodi namunalari hamda ilmiy asoslangan tarixiy ma’lumotlar bilan jahon afkor ommasi, xususan, xalqaro ilmiy, madaniy-ma’rifiy markazlarini yaqindan tanishtirish maqsadida tayyorlangan. Ushbu muhtasham kitob dunyo ahli tomonidan Navoiy dahosiga qiziqish o‘z davridan to bugungi kunga qadar so‘nmay kelayotgani va tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shoirlar sarvari, mutafakkirlar peshvosi, buyuk qalb sohibi Mir Alisher Navoiyning barhayot merosi, umrboqiy asarlari yer yuzidagi yangi-yangi avlodlarni tarbiyalab, olam ahlini doimo yaxshilik va ezgulikka, mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikka chorlab turadi.

Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

"Jadid" gazetasining 2025 yil 7 fevraldagi 6-sonida

Maqolalar