Tolei baland bir o‘lkaning adolatparvar podshohi odamlarning holidan xabar olishni niyat qilib, oddiy insonlardek kiyinib oldi, qorovullar boshlig‘ini ham shunday kiyintirib, u bilan birga shahar aylangani chiqdi. O‘sha kuni shilta yomg‘ir yoqqan edi. Ular yo‘lda bir odamning balchiqqa botib yotganini ko‘rdilar. Unda hayot asari ko‘rinmasdi. Odamlar bee’tibor o‘tib-qaytib yurishibdi.
Odamlarning beparvoligidan ranjigan podshoh ularga qarab: “Bu odam qanday vafot etdi, nima uchun buni tashlab ketyapsiz, uning ahli qayerda? dedi. Odamlarning biri: “U aroq ichadigan fahshga boradigan, masjidga bormaydigan fosiq edi. Shu yerga yiqilib tushdi-yu o‘lib qoldi. Undan nafratlangani bois hech kim uni ko‘tarishni istamayapti”, dedi. Podshoh: “Har qancha gunohkor bo‘lsa ham mening mamlakatim fuqarosi, uni bu holda tashlab keta olmayman”, deb o‘yladi. So‘ngra qorovulboshi ikkalasi mayyitni chekkaroqqa oldilar. Qorovulboshiga suv quydirib uning loy chaplanib qolgan yuzini yuva boshlagan podshohning tobora hayrati kuchayib boraverdi. Chunki suv tekkani sayin mayyitning chehrasi ochilib nur taratib borayotgan edi.
Atrofdagilardan uning uyi qayerda ekanini so‘radi. Falon joyda dedilar. Uyiga borib ayoliga erining vafot etganini xabar qilmasdan uning kimligini, qanday odam ekanini so‘radi. Ayoli: “Erim hunarmand. Kechgacha ishlagan pulining bir qismiga aroq sotib oladi, bir qismiga yengiltak ayollarni uyga boshlab keladi. Uyga kelgandan so‘ng aroq shishalarini hojatxonaga bo‘shatadi. Ayollarga esa men tonggacha zinoning harom ish ekanini tushuntiraman. Jamoaga qo‘shilib namoz o‘qish uchun qo‘shni mahalladagi masjidga boradi. “Nega o‘zimizning masjidga bormaysiz?” desam, “Uzog‘roq yurib borsam ko‘proq savob olaman-da”, deb kuladi. Ammo uning bu ishlarini hech kim bilmaydi, bildirmaydi. Odamlar uni yomon odam deb o‘ylashadi. Shularni o‘ylab bugun juda ham siqildim. “Kuningiz bitib qolsa, o‘ligingiz ko‘chada qoladi, mayitingizni yuvadigan, janozangizni o‘qiydigan odam chiqmaydi, bunday qilmang”, deb qattiq gapirib qo‘ydim.
U bo‘lsa sira ham xafa bo‘lmadi. Aksincha, masrurona jilmayib: “Buni o‘ylab aslo siqilma, mening janozamni mashoyixu ulamolar, butun mamlakat ahli o‘qiydi”, dedi.
Bu gapni eshitib podshoh dod solib yig‘lab yubordi. Keyin ayolga erining vafot etgani va o‘zining podshoh ekanini aytib berdi. Mayitni uyiga olib keltirib, butun mamlakat ahlini janozaga chaqirtirdi. Mayitni esa o‘zi yuvdi. Keyin janozasini o‘qitib joyiga qo‘yib keldilar.
Yahyo ABDURAHMONOV,
“Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi
Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.
"موت العالم موت العالم"
— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi:
"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."
"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."
Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...
Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.
Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.
Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.
Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.
Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
“Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.
Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li