Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

"Mening janozamni butun mamlakat ahli o‘qiydi”

5.04.2019   5914   2 min.

Tolei baland bir o‘lkaning adolatparvar podshohi odamlarning holidan xabar olishni niyat qilib, oddiy insonlardek kiyinib oldi, qorovullar boshlig‘ini ham shunday kiyintirib, u bilan birga shahar aylangani chiqdi. O‘sha kuni shilta yomg‘ir yoqqan edi. Ular yo‘lda bir odamning balchiqqa botib yotganini ko‘rdilar. Unda hayot asari ko‘rinmasdi. Odamlar bee’tibor o‘tib-qaytib yurishibdi.

Odamlarning beparvoligidan ranjigan podshoh ularga qarab: “Bu odam qanday vafot etdi, nima uchun buni tashlab ketyapsiz, uning ahli qayerda? dedi. Odamlarning biri: “U aroq ichadigan fahshga boradigan, masjidga bormaydigan fosiq edi. Shu yerga yiqilib tushdi-yu o‘lib qoldi. Undan nafratlangani bois hech kim uni ko‘tarishni istamayapti”, dedi. Podshoh: “Har qancha gunohkor bo‘lsa ham mening mamlakatim fuqarosi, uni bu holda tashlab keta olmayman”, deb o‘yladi. So‘ngra qorovulboshi ikkalasi mayyitni chekkaroqqa oldilar. Qorovulboshiga suv quydirib uning loy chaplanib qolgan yuzini yuva boshlagan podshohning tobora hayrati kuchayib boraverdi. Chunki suv tekkani sayin mayyitning chehrasi ochilib nur taratib borayotgan edi.   

Atrofdagilardan uning uyi qayerda ekanini so‘radi.  Falon joyda dedilar. Uyiga borib ayoliga erining vafot etganini xabar qilmasdan uning kimligini, qanday odam ekanini so‘radi. Ayoli: “Erim hunarmand. Kechgacha ishlagan pulining bir qismiga aroq sotib oladi, bir qismiga yengiltak ayollarni uyga boshlab keladi. Uyga kelgandan so‘ng aroq shishalarini hojatxonaga bo‘shatadi. Ayollarga esa men tonggacha zinoning harom ish ekanini tushuntiraman. Jamoaga qo‘shilib namoz o‘qish uchun qo‘shni mahalladagi masjidga boradi. “Nega o‘zimizning masjidga bormaysiz?” desam, “Uzog‘roq yurib borsam ko‘proq savob olaman-da”, deb kuladi. Ammo uning bu ishlarini hech kim bilmaydi, bildirmaydi. Odamlar uni yomon odam deb o‘ylashadi. Shularni o‘ylab bugun juda ham siqildim. “Kuningiz bitib qolsa, o‘ligingiz ko‘chada qoladi, mayitingizni yuvadigan, janozangizni o‘qiydigan odam chiqmaydi, bunday qilmang”, deb qattiq gapirib qo‘ydim.

U bo‘lsa sira ham xafa bo‘lmadi. Aksincha, masrurona jilmayib: “Buni o‘ylab aslo siqilma, mening janozamni mashoyixu ulamolar, butun mamlakat ahli o‘qiydi”, dedi. 

Bu gapni eshitib podshoh dod solib yig‘lab yubordi. Keyin ayolga erining vafot etgani va o‘zining podshoh ekanini aytib berdi. Mayitni uyiga olib keltirib,  butun mamlakat ahlini janozaga chaqirtirdi. Mayitni esa o‘zi yuvdi. Keyin janozasini o‘qitib joyiga qo‘yib keldilar.

 

Yahyo ABDURAHMONOV,

“Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   3056   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.