Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

Qo‘rquv bilan shodlanuvchilar...

04.04.2019   3180   4 min.
Qo‘rquv bilan shodlanuvchilar...
  • Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qo‘rquvchilar haqida so‘radilar: “Ularning qalblari qo‘rquv bilan shodlanib turuvchidir va ularning ko‘zlari yig‘lab turuvchidir. Ular aytadilarki, biz qanday qilib shodlanaylikki, o‘lim ortimizda va qabr oldimizda turgan bo‘lsa va qiyomat bizga va’da qilingan joyimiz bo‘lsa va yo‘limiz jahannam ustidan o‘tsa va Rabbimiz oldida to‘xtab turishimiz aniq bo‘lsa!..” deb javob berdilar. 
  • Hasan Basriy rahmatullohi alayh bir yigitni uchratib qoldilar. Yigit haddan ortiq qattiq kuladigan qavm bilan kulishib o‘tirgan edi. Hasan Basriy hazratlari unga: “Ey yigit! Sirotdan o‘tdingmi?” dedilar. “Yo‘q”, dedi yigit. “Jannatga kirishing va do‘zaxdan qutulishingni bildingmi?” dedilar. “Yo‘q”, dedi yigit. Hasan Basriy hazratlari: “Ey bolam, modomiki, Sirotdan o‘tmagan ekansan, jannatga kirishing va do‘zaxdan qutulishingni bilmas ekansan, u holda bu kulgi nimaning xursandchiligidan?” dedilar. Shundan so‘ng o‘sha yigitning kulganini hech kim ko‘rmagan ekan. 
  • Hammod ibn Abdi Robbih agar o‘tirsalar ikki oyog‘ining ustiga o‘tirar ekanlar. “Xotirjam joylashib o‘tirsangiz bo‘lmaydimi? deyishganda   “Xotirjam o‘tirish xotirjam kishilarning o‘tirishidir. Lekin men bilmasdan turib Allohga osiylik qilib qo‘ygan bo‘lsam qanday qilib xotirjam bo‘laman. Men o‘zimning holimdan qo‘rqqanim uchun shunday o‘tiraman”, deb javob bergan ekanlar. 
  • Umar ibn Abdulaziz aytgan ekanlar: “Alloh taolo g‘aflatni bandalarining qalbiga rahmat qilib qo‘ygan. Agar g‘aflat bo‘lmaganida odamlar Allohning azobidan qo‘rqqanlaridan o‘lib qolgan bo‘lardilar. Ko‘p valiylar va olimlar qalblari g‘aflatdan uzoq bo‘lganidan ba’zilari eng kamida og‘riqni ko‘tara olmay o‘tirib olgan, ba’zilari kasal bo‘lib qolgan, ba’zilari behush bo‘lgan va ba’zilari o‘lib qolgan. Ular ana shu qo‘rquvdan Qur’oni karim, hadisi sharif va sahobalar ijmo’lariga suyanib qutulishini bilganlar va shu ishga qat’iy kirishganlar. O‘tgan olimlarimiz ko‘p xatm qilgan shu asnoda Allohning buyruq va nahylarini eng kamida bir marta o‘qish bilan ming xil ma’noda miyasida aylantirib turgan va ming xil fazilatli ma’noga muyassar bo‘lishgan. Shu sababdan dunyoning mujmal masalalari ularni sira ham dovdiratib qo‘ymagan. 
  • Mashhur tasavvuf olimi Moliki Dinor rahmatullohi alayh o‘zlarini juda ham past sanab aytganlarki: “Men orqamda qolganlarga buyurishni qasd qildim: qachon o‘lsam meni kishanlanglar va buynimga zanjir osinglar, so‘ngra o‘zining egasidan qochgan qo‘l o‘z egasiga olib borilgandek qilib qabrga olib borib tashlanglar”.
  • Hotamul Asom rahimahulloh aytgan ekanlar: “Solih kishilarning o‘rnida turganing uchun g‘ururga ketma. Aslida Jannatdan ko‘ra birorta salohiyatli makon yo‘q. Madrasaning ichida turgan bo‘lsang ham men yaxshi joyda turibman deb, aldoqchi g‘ururga bormagin. Odam alayhissalom nimaga yo‘liqqan bo‘lsalar jannatning ichida yo‘liqdi. Sen bo‘lsa, masjidda turibman, madrasada turibman, deb kerilasan. Ibodating ko‘pligi bilan ham g‘ururga ketib qolmagin, baribir iblischa ibodat qilganing yo‘q. Iblis uzun ibodatidan keyin nimaga yo‘liqqan bo‘lsa, shuning orqasidan yo‘liqdi. Ilmning ko‘pligi bilan ham g‘ururlanma. Chunki Bal’am ibn Baur degan kishi Allohning ismi A’zamini biladigan, duo qilsa duosi qabul bo‘ladigan odam bo‘lgan. Bas u nimaga yo‘liqqaniga qara! U oxiri qilgan ibodatlariga havolanib murtad bo‘lib o‘ldi. U haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z hadislarida bayon qilib o‘tganlar. Ko‘p olimlar har qancha olim bo‘lsalar ham lekin ismi A’zamni bilmaydilar. Solihlarni ko‘rganing bilan ham g‘ururlanib qolma. Allohning nazdida har qanday ulug‘ ustoz bo‘lsa ham Mustafo solallohu alayhi va sallamdan ko‘ra buyukrok ustoz yo‘qdir. Nabiy alayhissalomga yo‘liqish u zotning yaqinlariga ham, dushmanlariga ham foyda bermagan. Abu Lahab Payg‘ambarimizni ko‘rgan, lekin ko‘rgani unga zarracha foyda bermagan. Shu sababdan men ko‘p ulug‘larni ko‘rganman deb o‘zingni ko‘p aldama. Bu aldash faqat o‘zingga zarar yetkazadi, xolos.
  • Sirri Saqatiy rahmatullohi alayh aytadi: “Qilgan gunohlarim oqibatida yuzim qorayib ketmadimikan, deb qo‘rqqanimdan har kuni 100 marta ko‘zguga qarayman.
  • Abu Hafs Kabiyr rahmatullohi alayh aytadilar: “40 yildirki, Alloh taolo menga g‘azab nazari bilan qarayapti, degan qo‘rquvdaman. Chunki amallarim shunga dalolat qiladi. Allohga qilayotgan amallarim nuqsonlidek tuyilaveradi”.

 

O‘rol Mustonov

Toshkent shahar “Mirza Yusuf” jome masjidi imom noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   5924   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD