Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Xushxabar: bir oyda 7000 nafar kishi umraga boradi

4.04.2019   2812   3 min.
Xushxabar: bir oyda 7000 nafar kishi umraga boradi

Fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy e’tiqodga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlash, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar samaradorligini yanada oshirish, ziyoratlarni yuqori saviyada va tizimli tashkil etish hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini arzonlashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 mart kunida № 154-F Farmoyishi qabul qilindi.
Unga ko‘ra Ishchi guruhi tuzilib, ular joriy yilning 7-10 mart kunlari “Haj” va “Umra” ziyoratlarini tashkil etish mexanizmi va bozorlarni o‘rganish maqsadida Saudiya Arabistoni qirolligiga xizmat safarini amalga oshirishdi.
Safar davomida Ishchi guruh a’zolari Makka va Madina shaharlarida xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar tomonidan taqdim etilayotgan mehmonxona, transport, ovqatlanish va boshqa xizmatlarning sifatiga, shu jumladan taklif etiladigan qo‘shimcha shart-sharoitlarga alohida e’tibor qaratishdi.
Avval xabar qilganimizdek, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning natijasi o‘laroq, qolaversa fuqarolarimizning muqaddas ziyoratga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish maqsadida Rahbariyat ko‘rsatmasi va jamoatchilik kengashi qarori asosida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo‘yicha (kvota) cheklovlar olib tashlangan edi. Hozirda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yana ham takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, safarga otlangan yurtdoshlarimizga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlar idorasi xodimlaridan iborat mutaxassislar ishtirokida Umra ibodatining fazilati, uni mukammal ado etish, safar davomida e’tibor qaratish kerak bo‘lgan muhim jihatlar va boshqa mavzularda tizimli ravishda o‘quvlar tashkil etilmoqda.
Shu o‘rinda ziyoratchilarimiz Madina shahrida 5 yulduzli “Zam-zam Pulman” va Makka shahrida 4 yulduzli “Abrojul Kisva” mehmonxonasida istiqomat qilishayotganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur mehmonxonalarda o‘zbek oshpazlari tayyorlagan tansiq taomlar ziyoratchilarga tortiq qilinmoqda. Ularning sog‘liqlarini doimiy nazorat qilish maqsadida 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgan.
Yurtimiz ziyoratchilari uchun Madina shahridagi Uhud tog‘i, Ikki qiblali masjid, Qubo masjidi va Makka shahridagi Savr va Nur tog‘lari, Arafot maydoni, Mino, Muzdalifa vodiysiga sayohatlar uyushtirilmoqda. Malakali guruh rahbarlari mazkur ziyoratgohlarning islom tarixidagi ahamiyati, u yerlarda sodir bo‘lgan muhim jarayonlar haqida atroflicha ma’lumot berishmoqda.
Endi esa, e’tiboringizni bir qator muhim yangiliklarga qaratmoqchiman.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, 28 oktyabrdan haftada 3 ta aviaqatnov amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilning 31 mart kunidan e’tiboran har kuni bittadan aviaparvoz yo‘lga qo‘yildi. Oldingi yillarda bir yilda 10 000 nafar ziyoratchi Umra safariga borgan bo‘lsa, hozirda faqatgina bir oyda 7000 nafar yurtdoshimiz muborak ziyoratni ado etmoqda.
O‘tgan yilning 28 oktyabr kunidan joriy yilning 4 aprel kuniga qadar 15 ming fuqaro Umra ziyoratini ado etdi. Ramazon oyigacha ushbu ko‘rsatkich 30 mingga yetishi rejalashtirilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad – hozirgi kunda umra safariga borish istagida bo‘lgan fuqarolarimizning ko‘p yillik navbatini bartaraf etishdir.
Hurmatli jurnalistlar, yaqin kunlarda ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha axborot taqdim etilib, unda Haj mavsumida Hojilarimiz uchun yaratilgan imkoniyatlar,arzonlashgan narxlar va sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etamiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qur’on va tajvid markaziga tashrif

9.01.2025   4890   1 min.
Qur’on va tajvid markaziga tashrif

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar. 
 

Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.


Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.


Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif
O'zbekiston yangiliklari