Bugun, 2 aprel kuni poytaxtimizdagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida imkoniyati cheklangan insonlar uchun ma’rifiy muloqot tadbiri tashkil etildi. Unda ko‘zi ojiz hamda eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan shaxslar ishtirok etdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston kar-soqovlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati xodimlari qatnashishdi.
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi ekanini ko‘rsatish maqsadida, xayrli islohotlar amalga oshirilayotgani, buni muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning imzolangani, ushbu Farmonda “nogiron” so‘zi o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs” iborasining qo‘llanilishi yurtimizda inson omiliga bo‘lgan yuksak e’tiborning natijasi ekani alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, mazkur tadbirda imkoniyati cheklanganlarga davlatimiz Rahbari tomonlaridan barcha sohalarda bo‘lgani kabi, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
So‘zga chiqqan notiqlar imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning talab va istaklariga muvofiq bir qator markaziy masjidlarda juma ma’ruzalari surdo tarjimon yordamida tashkil etilayotgani, “O‘zbekiston” telekanalining “Imom Buxoriy saboqlari” ko‘rsatuvi surdo tarjimasi bilan efirga uzatilayotgani, yaqin kunlarda “Hidoyat sari” studiyasi va “Ziyo” media markazi tomonidan tayyorlanayotgan ko‘rsatuvlar ham surdo tarjimasi bilan namoyish etilishi rejalashtirilayotgani, ularga bo‘lgan yuksak e’tiborning namunasi ekanini qayd etdi.
Ko‘zi ojiz shaxslar orasida Alloh taboraka va taoloning ism va sifatlarini bilish yuzasidan musobaqa ham o‘tkazildi. G‘oliblar diplom va munosib sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi. Mazkur ma’rifiy suhbat va samimiy muloqot ularga olam-olam quvonch bag‘ishladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati