Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

05.04.2019 y. Oilada er va xotinning majburiyatlari

29.03.2019   7396   19 min.
05.04.2019 y. Oilada er va xotinning majburiyatlari

سم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي قال: " قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا"، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي قال: "إِنَّمَا النِّسَاءُ شَقَائِقُ الرِّجَالِ"، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ، اَمَّا بَعْدُ

OILADA ER VA XOTINNING MAJBURIYATLARI

Muhtaram jamoat! Muqaddas Islom dinimizda er-xotin o‘rtasidagi mehr-muhabbat davomiyligini ta’minlash uchun o‘ziga xos qonun-qoidalar joriy qilingan. Agar er va xotin mazkur qoidalarga amal qilishsa, bir-birlariga nisbatan zimmalaridagi burch va mas’uliyatlarini his qilib, sidqidildan ado etishsa, bunday oila baxt va saodat qasriga aylanadi.

Er va xotinning majburiyatlari haqida Qur’oni karim oyatlari va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hadislarida batafsil yoritilgan. Mujtahid ulamolarimiz mazkur oyat va hadislardan ko‘plab hukmlarni chiqarganlar. Hamma hujjat va dalillarni to‘plab o‘rgangan ulamolarimiz erning xotindagi haqlarini quyidagicha bayon qilganlar.

Erning zimmasidagi ba’zi majburiyatlar:

  1. Er ayoliga yaxshi va chiroyli muomala qilishi.Zero, Alloh taolo O‘z kitobida shunday marhamat qilgan:

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا   

ya’ni: Ular (ayollar) bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin (Niso surasi, 19-oyat).

Bu buyruq erning xotinga yaxshi muomalada bo‘lishini, tabiatidagi ayrim noqisliklarga sabr qilishni, ba’zi xatolariga ko‘z yumishni taqozo etadi.

  1. Ayolga mahr berish.Alloh taolo Qur’oni karimda erlarni ayollarining mazkur haqlariga rioya qilishga chaqirib: وَآتُواْ النَّسَاء صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً

ya’ni: “Xotinlariga mahrlarini hadya kabi (ya’ni chin ko‘ngildan) beringiz”  deya amr etgan (Niso surasi, 4-oyat). Afsuski, ba’zi erlar zimmalarida shunday vazifa borligini ham bilmaydilar.

  1. Er xotinning ozorini ko‘tarishi, u g‘azablanganida va jahli chiqqanida muloyim bo‘lishi, uning xatolarini kechirishi.Bunday qilish – Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Bu borada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ

(رواه الإمام مسلم)

ya’ni: “Mo‘min er mo‘mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko‘rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo‘lib ketaveradi” (Imom Muslim rivoyati).

Demak, er xotinining ayrim fe’lidan g‘azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko‘z oldiga keltirib, shu bilan ko‘nglini to‘q qilib yurishi kerak ekan.

  1. Erkak ayolini qizg‘anishi, uning or-nomusini saqlashi.Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

ثَلاَثَةٌ لاَ يَدْخُلُونَ الْجنَّةَ أَبَدًا: اَلدَّيُّوثُ، وَالرَّجِلَةُ مِنَ النَّسَاءِ، وَمُدْمِنُ الْخَمْرِ قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ! أَمَّا مُدْمِنُ الْخَمْرِ فَقَدْ عَرَفْنَاهُ، فَمَا الدَّيُّوثُ؟ فَقَالَ: اَلَّذِي لاَ يُبَالِيْ مَنْ دَخَلَ عَلَى أَهْلِهِ قُلْنَا: فَمَا الرَّجِلَةُ مِنَ النِّسَاءِ

 قَالَ: اَلَّتِي تَشَبَّهَ بِالرِّجَالِ

  (رواه الإمام الطبراني والإمام البيهقي)

ya’ni:  “Uch toifa kishi aslo jannatga kirmaydi: dayus, erkaksifat ayol va xamr ichishga mukkasidan ketgan kishi”, – dedilar. “Ey Allohning Rasuli, xamr ichishga mukkasidan ketganni bilamiz. “Dayus” nima degani?” deyishdi. U zot: “Ahli huzuriga kim kirayotganiga parvo qilmaydigan odam”, – dedilar. Biz: “Erkaksifat ayol kim?” – dedik. U zot: “O‘zini erkaklarga o‘xshatadigan ayol”, dedilar” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Islomda rashk ana shu darajada yuksak baholanishi bilan bir qatorda, bu borada haddan oshish, chegaradan chiqish qoralanadi. O‘z o‘rnida va me’yorida bo‘lgan rashk erkakda bo‘lsin, ayolda bo‘lsin, maqtalgan va go‘zal turmush taqozo etgan xislatlardandir. Har ikki tomon ham umr yo‘ldoshining me’yordagi rashkini qadrlashi lozim.

  1. Er xotinini uy-joy bilan ta’minlashi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

  أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنْتُمْ مِنْ وُجْدِكُمْ

ya’ni: “Ularga (taloq iddasini saqlayotgan xotinlaringizga) o‘zlaringiz maskan tutgan joydan toqatingizga qarab joy beringiz...” (Taloq surasi, 6- oyat).

  1. Er xotinining oziq-ovqat va kiyim-bosh kabi nafaqasini ta’minlashi.Nafaqaning miqdori erning iqtisodiy holidan kelib chiqib belgilanadi. Alloh taolo bu haqda shunday degan:

لِيُنْفِقْ ذُو سَعَةٍ مِنْ سَعَتِهِ وَمَنْ قُدِرَ عَلَيْهِ رِزْقُهُ فَلْيُنْفِقْ مِمَّا آَتَاهُ اللَّهُ   

ya’ni: “Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin!...” (Taloq surasi, 7-oyat).

Mazkur nafaqa minnat va ta’nasiz bo‘lishi kerak. Chunki nafaqa berish, erkakning xotiniga qilgan marhamati emas! Balki, Alloh taolo erning zimmasiga farz qilgan amalni bajarishdir! Dinimizda er oilasiga sarflagan xarjlari uchun ajr va savobga erishadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar: 

إِنَّكَ لَنْ تُنْفِقَ نَفَقَةً تَبْتَغِي بِهَا وَجْهَ اللَّهِ إِلَّا أُجِرْتَ عَلَيْهَا حَتَّى مَا تَجْعَلُ فِي فَمِ امْرَأَتِكَ

(متفق عليه)

ya’ni: “Siz Alloh taolo roziligini istab qilgan har qanday sarf xarajatingiz uchun ajr olasiz. Hatto xotiningiz og‘ziga solgan taomingiz uchun ham sizga ajr bor” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Nafaqa masalasida er o‘zining iqtisodiy holidan kelib chiqib ish ko‘radi. Xotinning bitmas-tuganmas talab va xohishlari uchun er o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, noshar’iy va noqonuniy yo‘llar bilan pul topishi durust emas.

  1. Ayoliga zaruriy shar’iy masalalarni o‘rgatishi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ   

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)” (Tahrim surasi 6-oyat).

Demak, har bir er musulmon kishi bilishi kerak bo‘lgan zaruriy ma’lumotlarni ayoliga o‘rgatishi zarur bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda masjid va boshqa joylardagi nasihat va maruzalarni yaxshi tinglab, ayoli va farzandlariga yetkazishi kerak.

  1. 8. Er xotinining xususiyatlari va o‘rtalaridagi aloqalari haqida og‘iz ochmasligi hamda odamlar o‘rtasida yoymasligi kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

 هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ   

ya’ni: “…Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz…”, (Baqara surasi, 187-oyat). Ulamolar ushbu oyati karimaning tafsirlarida “libos” so‘ziga turlicha ma’nolar berganlar. Ba’zilar er-xotin bir-birining aybu nuqsonini libos kabi yashiradi, desalar, boshqa birlari er-xotin bir-birlarini fahsh va zinodan saqlaydilar, degan ma’nolarni berganlar.

 Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu haqda shunday deganlar:

إِنَّ مِنْ أَشَرِّ النَّاسِ عِنْدَ اللهِ مَنْزِلَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ اَلرَّجُلُ يُفْضِيْ إِلَى اِمْرَأَتِهِ وَتُفْضِيْ إِلَيْهِ ثُمَّ يَنْشُرُ سِرَّهَا

ya’ni: “Qiyomat kuni Allohning dargohida eng yomon maqomda bo‘ladigan odam, o‘zi yoki xotinining tashabbusi bilan jinsiy aloqa qilgan va xotinining sirlarini oshkora qilgan erkakdir” (Imom Muslim rivoyati).

Xotinning zimmasidagi ba’zi majburiyatlar:

  1. Ayol kishi eriga itoatkor bo‘lishi.Ayol kishi gunoh bo‘lmagan barcha ishda eriga itoat qilishi lozim. Ayolning eriga itoat qilishi naqadar buyuk fazilat va baxt ekanligi haqida Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: 

إِذَا صَلَّتِ الْمَرْأَةُ خَمْسَهَا، وَصَامَتْ شَهْرَهَا، وَحَفِظَتْ فَرْجَهَا، وَأَطَاعَتْ زَوْجَهَا، قِيْلَ لَهَا: اُدْخُلِي الْجَنَّةَ مِنْ أَيِّ بَابٍ شِئْتِ .

 ya’ni: “Ayol besh vaqt namozini o‘qisa, (yilda) bir oy (farz) ro‘zasini tutsa, o‘z farjini haromdan saqlasa va eriga itoat qilsa, unga jannatning istagan eshigidan kir!”, - deyiladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

  1. Ayol kishi faqat erining roziligi bilangina ko‘chaga chiqishi. Chunki, mantiqan o‘ylab qaralsa ham, uy ayol kishining fitrati va tabiatiga mos bo‘lgan faoliyat maydoni hisoblanadi. Erkak kishi ko‘chadagi ishlar, pul topish, ro‘zg‘or tebratish uchun mas’ul ekan, o‘z-o‘zidan bolalarni parvarishlash, ularni uy ichida yedirib-ichirib o‘tirishga, kiyim-kechaklarni yuvib, dazmollashga vaqti bo‘lmaydi. Bu tabiatan ayol kishining fitriy vazifalaridandir. Alloh taolo Qur’oni karimda ayollarga xitoban:

   وَقَرْنَ فِي بُيُوتِكُنَّ...

ya’ni, O‘z uylaringizda qaror topingiz...!” degan (Ahzob surasi, 33-oyat).

Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: 

حَقُّ الزَّوْجِ عَلَى زَوْجَتِهِ أَلاَّ تَخْرُجَ مِنْ بَيْتِهِ إِلاَّ بِإِذْنِهِ، فَإِنْ فَعَلَتْ لَعَنَهَا اللهُ حَتَّى تَتُوبَ أَوْ تَرْجِعَ 

ya’ni: “Erning xotini ustidagi haqqi ayolning er ruxsatisiz uydan chiqmasligidir. Agar shunday qilsa, (ya’ni, er iznisiz ko‘chaga chiqib ketsa) to tavba qilguncha yoki uyga qaytguncha Alloh unday ayolni la’natlaydi” (Imom Bayhaqiy va Imom Tayolisiy rivoyatlari). Albatta, bu zikr qilingan oyat va hadislar ayol kishining umuman ko‘chaga chiqishi mumkin emasligini anglatmaydi. Balki, bu – uyning ishlarini zoye qilgan holda besabab, eriga aytmasdan ko‘chaga chiqib ketaverish, sayoq yuradigan bo‘lib qolish kabi salbiy holatlarga taalluqli. Holbuki, eriga aytib o‘z ehtiyoji uchun ko‘chaga chiqish, ota-onasini ko‘rib kelish va hokazolar, albatta, shariatimizda mumkin bo‘lgan ishdir.

Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma” asarida shunday deganlar:

زَنَانْ رَا هَمِیْنْ بَسْ بُوَدْ یَکْ هُنَرْ                                   نِشِیْنَنْدُ و زَایَنْدْ شِیْرَانِ نَرْ

ya’ni: Aslida ayollarning eng katta hunarlari

Uyda turgan holda yetuk ug‘lonlarni dunyoga keltirishdir.

  1. Xotin erining haqqini o‘z haqqidan va hamma yaqinlarining haqqidan ham ustun qo‘yishi kerak.Chunki zimmasidagi erining haqqi juda kattadir. Bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: 

لاَ يَحلُّ لامْرَأَةٍ أَنْ تَصُومَ وَزَوْجُهَا شَاهِدٌ إِلا بِإِذْنِهِ وَلاَ تَأذَنَ فِي بَيْتِهِ إلاَّ بِإذْنِهِ

ya’ni: “Ayol kishi eri borida, uning iznisiz ro‘za tutishi va uning iznisiz uyiga birovni kiritishi halol bo‘lmaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

  1. Eri to‘shakka chaqirganda, unga to‘sqinlik qilmasligi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِذَا دَعَا الرَّجُلُ زَوْجَتَهُ لِحَاجَتِهِ فَلْتَأْتِهِ، وَإِنْ كَانَتْ عَلَى التَّنُّورِ

(رواه الإمام الترمذي والإمام النسائي)

ya’ni: “Qachon er xotinini hojati uchun chaqirsa, u garchi tandir oldida turgan bo‘lsa ham darhol kelsin” (Imom Termiziy va Imom Nasaiy rivoyatlari).

Avvalgi vaqtlarda tandir oldida non yopib turish eng nozik va zarur ishlardan bo‘lgan. Ayol kishi nima bo‘lsa ham yopayotgan nonini tashlab keta olmagan. Ammo, shunday bo‘lsa ham eri uni o‘z hojatiga chaqirsa, ayol kishi erining chaqirig‘iga javob bersin, deb ta’kidlanmoqda. Demak, ayol kishi eri xohlagan vaqtda, shar’iy uzr bo‘lmasa, uning ehtiyojini qondirishi kerak. Shar’iy uzr deyilganda, farz ro‘za tutgan, hayz yoki nifos ko‘rgan holatlar ko‘zda tutiladi.

  1. Xotin kishi Alloh taolo eriga bergan nasibaga rozi bo‘lishi va unga injiqlik qilmasligi kerak.Ayol kishi eri topgan narsaga shukr qilib, qanoat libosini kiyib, erining rizq topishdagi mashaqqatlarini qadrlashi, harom kasbga o‘tishidan qo‘rqib, undan hojatdan ortig‘ini talab qilmasligi darkor. Balki, erini ham qanoatga undab, harom yo‘llardan ogohlantirishi zarur. Momolarimiz erlarini kuzatayotib, shunday degan ekanlar: Harom kasbdan saqlaning! Biz ochlik va qiyinchilikka chidaymiz, ammo do‘zax oloviga chiday olmaymiz. Afsuski, ba’zi ayollar boshqa erni o‘z xotiniga sarflagan narsalarini misol qilib, erlaridan xuddi shunday ta’minot talab qiladilar. Holbuki, dunyoviy sohada inson o‘zidan yuqoridagiga emas, o‘zidan pastroqdagilarga qarashi ayni hikmatdir. Ana shunda inson o‘zining qanchalar ko‘p ne’mat ichida ekanligini his qilib, shukr qilishni boshlaydi. Shu ma’noda Nabiy sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: 

"أُنْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ دُونَكُمْ وَلَا تَنْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ فَوْقَكُمْ، فَإِنَّهُ أَجَدَرُ أَنْ لَا تَزْدَرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ"

(رواه الإمام مسلم والإمام ابن ماجة)

  ya’ni: “O‘zingizdan pastdagilarga qarang, o‘zingizdan yuqoridagilarga qaramang! Zero, shu ish (ya’ni o‘zingizdan pastdagilarga qarashingiz) Allohning sizlarga bergan ne’matini kamsitmasligingizga undaydi” (Imom Muslim va Imom Ibn Moja rivoyatlari). 

  1. Xotin go‘zalligi bilan eriga faxrlanmasligi, eri xunuk bo‘lsa, yomon ko‘rmasligi, agar boy bo‘lsa, eri oldida moli bilan g‘ururlanmasligi kerak.Balki er tomonini rioyasini qilishi, uni hurmat va qadrlashi lozim. Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar: 

لا تُؤْذِي امْرَأَةٌ زَوْجَهَا فِي الدُّنْيَا إِلا قَالَتْ زَوْجَتُهُ مِنَ الْحُورِ الْعِينِ: لا تُؤْذِيهِ قَاتَلَكِ اللَّهُ فَإِنَّمَا هُوَ عِنْدَكِ دَخِيلٌ يُوشِكُ أَنْ يُفَارِقَكِ إِلَيْنَا

(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: “Qay bir xotin bu dunyoda eriga ozor bersa, albatta, uning huri iyndan bo‘lgan xotini “Alloh halok qilgur, unga ozor berma! U sening oldingda vaqtinchalik mehmon bo‘lib turibdi, xolos. Yaqinda seni tark etib, bizning oldimizga keladi”, deya xitob qiladi (Imom Termiziy rivoyati).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, er – oilaning rahbari. Agar ayol erning itoatida bo‘lsa, farzandlar ham otaga itoat qiladigan bo‘ladi. Oqibatda oilada do‘stlik, ahillik, muhabbat hukm suradi, oila mustahkamlanadi, qut-barakali bo‘ladi. Ayolning eriga itoatsizligi esa oilaning buzilishiga va boshqa ko‘plab noxushliklarga sabab bo‘ladi. Ushbu haqiqatni har bir musulmon oilaning a’zolari yaxshilab tushunib olishi kerak.

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida taloq haqida suhbatlashamiz. Chunki hozirgi kunda ba’zi erkaklar bilib-bilmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli o‘z jufti haloliga “taloq” lafzini ishlatib qo‘ymoqdalar. Ba’zilari esa taloq berish huquqini su’iste’mol qilib, ha deganda ayolini qo‘rqitish yoki o‘ziga bo‘ysundirish maqsadida bu so‘zdan foydalanadilar. Bu bilan bir oilaning parokanda bo‘lishi, bolalarning har yerda sarson bo‘lishiga sababchi bo‘ladilar. O‘zini ham, taloq qilgan xotinini ham shayton va nafs vasvasalariga duchor qiladilar hamda gunoh yo‘llarga kirib ketish ehtimoli katta bo‘ladi. Holbuki, “taloq” lafzi aytilganda shar’iy nikoh bekor bo‘lib, er-xotin bir-biriga harom bo‘lib qoladi. Sababsiz taloq qilish Alloh taologa xush kelmaydigan ish bo‘lib, u oxirgi chora sifatida joriy qilingandir. Payg‘ambar alayhissalom marhamat qilganlar:

"أَبغَضُ الحَلَالِ اِلىَ اللهِ الطَّلاَقُ "

(رواه الإمام أبو داود والإمام ابن ماجه)

ya’ni: “Halol narsalar ichida Allohga  eng yoqimsizi taloqdir” (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyati).

Ba’zi erkaklar taloq masalasiga beparvo bo‘lib, ayoliga taloq so‘zini ko‘p aytsada bunga parvo qilmay o‘zaro oilaviy munosabatlarda davom etaverish hollari ham uchrab turadi. Ularning bu ishlari katta gunohdir. Har birimiz buning xatari va oqibatidan ogoh bo‘lishimiz lozim. Taloqni ermak qilish, bo‘lar-bo‘lmas sabablar bilan xotinni taloq qilaverish juda katta kulfatlarga, oilaviy baxtsizliklarga sabab bo‘lishini unutmasligimiz zarur.

Ming afsuslar bo‘lsinki, taloqning kelib chiqishiga ko‘p hollarda taloqning oldini olishi kerak bo‘lgan shaxslar – ota-onalar sababchi bo‘lib qolishyapti. Shuni yaxshi bilish lozimki, ota-ona farzandini ayoliga talog‘ini berishga majburlashga haqqi yo‘q. Aksincha, yoshi kattalar yoshlarni sabr va shukrga chaqirib, oilani saqlab qolishga targ‘ib qilishlari kerak. Soha mutaxassislari va statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oilaga uchinchi tomonning aralashishi uning buzilishiga sabab bo‘ladi.

Demak, bandani rozi qilaman deb, Alloh taoloni norozi qiladigan narsani qilib bo‘lmaydi. Har bir musulmon farzand ota-onasini rozi qilish uchun barcha yaxshiliklarini qilishi shart. Ammo ota-onasi xohlamay qolgan, lekin risoladagidek ayolni talog‘ini berish mumkin emas. Balki ularning o‘rtasini isloh qilib, adolat bilan ish tutib, oilasini saqlab qolish ayni muddaodir.

Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, xalqimizni farovon qilib, barchamizga shariatimiz ko‘rsatmalariga mukammal amal qilish baxtini nasib aylasin. Omin!

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “IJTIMOIY ODOBLAR” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   5449   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.