Mirzo Ulug‘bek buyuk Sohibqiron Temurning bunyodkorlik ishlarini davom ettirdi u ko‘plab madrasalar, masjid va xonaqolar qurdirdi, Movarounnahrni ilm-ma’rifat markaziga aylantirish yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshiradi.
Jumladan 1417 - 1430 yillar orasida Ulug‘bek Samarqand markazi Registon maydonida ulkan madrasa, xonaqoh, muqatta’ masjidi va hammom qurdiradi. Shuningdek, 1417 yilda Buxoroda va 1433 yilda G‘ijduvonda ham madrasa qurdirgan. Mazkur madrasalarda diniy ilmlarga nisbatan matematika, geometriya, falakiyot, tabiyot, jug‘rofiya va tarix kabi dunyoviy ilmlar ko‘proq o‘qitilgan va o‘z davrining eng nufuzli ilm-fan maskani bo‘lib hisoblangan.
Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi o‘z davrining mukammal oliy ta’lim maskani bo‘lib, o‘z davrida o‘ziga xos universitet vazifasini bajargan.
Buxorodagi madrasa kattaligi jihatidan Movarounnahrdagi ikkinchi nufuzli madrasa bo‘lib, uning eshigiga Ulug‘bek tomonidan «Ilm olishga intilish har bir muslim va muslima uchun farzdir» degan hadis bitilgan.
Madrasada bilim olish muddati 8 yil davom etgan. Shu muddat davomida talabalarga oylik maosh va «Ulfa» deb atalgan maxsus to‘lov puli berib borilgan.
Ulug‘bek Go‘ri Amir maqbarasiga ham ayrim qurilishlar bilan o‘zgacha fayz tarovat bag‘ishlaydi. Samarqanddagi Afrosiyobning janubida ulkan qabriston markazida joylashgan Shohi Zinda obidasi me’morchilik san’atining kamyob durdonalaridan hisoblanadi. Mazkur yodgorlik asosan XI asrdan boshlab qurilib kelinayotgan bo‘lsa-da, Amir Temur va Ulug‘bek zamonasida nihoyasiga yetkazilgan. Ulug‘bekning sa’y-harakati bilan bu yerda ham me’morchilik ishlari olib boriladi. 1434 - 1435 yillar mobaynida Shohi Zindaning asosiy darvozasi rang-barang koshinlar bilan ziynatlanib, qaytadan qurilganligi ham Ulug‘bek zamonasining me’morchilik san’atidan nishonadur.
1424-28 yillarda qurilgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi XV asr me’morchiligining nodir namunalaridan bo‘lgan. Bobur Mirzoning yozishicha rasadxonaning sirti koshin va chiroyli bezaklar bilan ziynatlangan bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida kvadrantdan tashqari bir necha kuzatish asboblaridan ham foydalanilgan. Ularning orasida armilyar sfera, trikver kabi asboblar mavjud edi.
Mirzo Ulug‘bek maktabiga mansub olimlarning aniqlagan ma’lumotlari ulardan bir necha asr oldin yashab o‘tgan buyuk allomalar erishgan natijalar bilan solishtirilganda o‘ta aniqligi bilan ajralib turar edi. Ekliptika og‘maligi, yulduz yilining xisobi, sayyoralarning yillik hisobini aniqlash, kabi masalalar alohida o‘rin tutgan. Mirzo Ulug‘bekning yulduzlar katalogi 1690 yili Polyak olimi Yan Gaveliyning (1611-1687) «Astranomiya darakchisi» nomli asarida nashr etilgan va bu asarda Mirzo Ulug‘bek besh astronom Ptolemey, Tixo Brage, Javani Richchioli, Vilgelm IV va Yan Gaveliy davrasida, to‘garak stol atrofida astronomiya muzasi (ma’budasi) Uraniyaning o‘ng tomonida birinchi bo‘lib o‘tiribdi. Uning o‘rindig‘i orqasida «O‘z ishimni munosib avlodlarimga qoldirdim» degan so‘zlar bitilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bir donishmanddan: “Xotirjamligingiz siri nimada?” deb so‘rashsa, u: “Allohni taniganimdan beri boshimga nimaiki kelsa, tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qiyman. Yolvorib duo qilaman. Biror ishda ikkilansam, istixora namozini o‘qiyman. Hayotim shukr, sabr va duo bilan o‘tadi. Halovatim ham balki shundandir”, deb javob bergan ekan.
Ko‘pincha odamlar biror yutuqqa erishsa, buni harakatlarining mahsuli deb bilishadi. Biror musibat bilan sinalganida esa, o‘zgalarni ayblashadi. Alloh yozgan taqdirga isyon qiladi. Istaymizmi-yo‘qmi, qiyiinchiliklarda toblanmay, xato qilmay o‘rganish, mag‘lubiyat alamini totmay g‘olib bo‘lish qiyin. Taqdirga rozi bo‘lish chin mo‘minlikdir. Demak, mahzun paytda ham odob saqlash kerak. Zero, musibat ham xuddi shodlik singari Rabbimiz tarafidan beriladigan inoyatdir.
“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
«Oyatdagi “yaxshi hayot” so‘zining ma’nosi faqirlik, kasallik, musibat kabi balo-ofatlardan xoli yashash emas, balki inson qalbining halovat topishi, Allohning qazo-qadariga rozi bo‘lishi, xotirjam yashashi deganidir. Bunday odamga xursandchilik yetsa, shukr qilib savob oladi. Agar musibat yetsa, sabr qilib, yaxshilikka erishadi.
Payg‘ambarlar qavmlarining ozorlaridan zohiran juda ko‘p qiyinchilik, mashaqqat tortgan bo‘lsalar-da, botinan qalblari iymonga limmo-lim to‘lib, Allohning hukmiga taslim bo‘lib, xotirjam hayot kechirishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Odamlar ichida ko‘p musibat ko‘rganlar payg‘ambarlardir. So‘ngra ulardan keyingilar, so‘ngra ulardan keyingilardir. Inson dini (mustahkamligi) miqdoricha sinaladi (musibatlanadi)” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, yaxshi hayot deganda faqat moddiy farovonlikni emas, iymon bilan yashashni tushunishimiz lozim. Zero, dunyo ne’matlari qanchalik ko‘p bo‘lmasin, iymonsiz hayot mazmunsiz, rangsizdir.
Abdulatif ABDULLAYEV