Payg‘ambar alayhissalom vafotlaridan olti oy o‘tib, hazrat Fotima roziyallohu anho xastalanib qoldi…
Hijratning o‘n birinchi yili, ramazon oyining ikkinchi kuni, dushanba edi…
Shu paytgacha ora-sira kasal bo‘lib turardi, ammo bu safargisi avvalgilariga o‘xshamadi.
Yaxshi-yomon kunlarida uni yolg‘iz qoldirmagan xo‘jayini hazrati Ali roziyallohu anhu har doimgidek yonlaridan jilmasdi.
– Bolalarni olib tashqariga chiqsangiz, yaxshi bo‘lardi…
Past ovozda aytilgan bu jumla hazrat Ali roziyallohu anhuning yuragini tilkaladi. Uni xafa qilmaslik va g‘amga botirmaslik uchun o‘zini tushunmaganlikka oldi. Bolalarini onasining yoniga olib keldi. Hazrati Fotima roziyallohu anho ularni birma-bir quchib erkaladi. So‘ng hazrat Ali roziyallohu anhuga imo qildi. Yuragi ezilib, bolalarini tashqariga chiqardi. Shundan so‘ng onamizning yonlariga Asmo binti Umays va Ummu Rofe’ roziyallohu anholar kirishdi.
– Mening yuvinishim uchun suv tayyormi, onajon?
– Ha.
Hazrat Fotima roziyallohu anho Ummu Rofe’ roziyallohu anhoni «onajon» derdi. Chunki bu ayol Fotima roziyallohu anhoga doimo xuddi onadek mehr ko‘rsatar edi.
– Menga suv quyib turasizmi, onajon?
– Albatta, qizim.
Hazrat Fotima roziyallohu anho yaxshilab yuvindi, ayollar yordamida eng yaxshi libosini kiydi.
– To‘shagimni xona o‘rtasiga solinglar.
– Xo‘p.
Ayollar ishlarni bajarisharkan, nima yuz berayotganini anglab, juda iztirob chekishardi.
– Meni yotqizing va yuzimni qiblaga qarating.
– Xo‘p.
– Endi meni yolg‘iz qoldiring!
– Ammo…
– Iltimos.
– Ammo…
– Robbimga duo va iltijo qilmoqchiman.
– ...!
Fotima onamiz duo va iltijoga shunchalar berilib ketdiki, joni qanday chiqib ketganini ham bilmay qoldi.
Ovoz chiqmay qolganidan xavotirlanib uyga kirganlar hazrat Fotima Fotima roziyallohu anhoning vafot etganini ko‘rishdi.
Bu xabar bir zumda butun Madinaga tarqaldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng suyukli qizi ham bu foniy dunyodan boqiy dunyoga yo‘l olgan edi.
Endigina yigirma sakkiz yoshni qarshilagan, bir farzandi go‘dak chog‘ida vafot etgandi.
Ortida ko‘zlari yosh suyukli yori va besh nafar farzandlari qoldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kenja qizlari, hazrat Ali roziyallohu anhuning sevimli zavjasi hazrati Fotima roziyallohu anho vafot etganida Hasan roziyallohu anhu sakkiz, Husayn roziyallohu anhu yetti, Ummu Gulsum roziyallohu anho besh, Zaynab roziyallohu anho uch, Ruqiyya roziyallohu anho ikki yoshda edi. Hazrat Fotima roziyallohu anhoning qabriga boqarkan, hazrat Ali roziyallohu anhuning yodiga ayoli vafotidan biroz oldin aytgan gaplari tushdi:
– Ey Ali (roziyallohu anhu), vafotimdan so‘ng uylaning. Aks holda, siz ham, bolalarim ham qiynalib qolasizlar. Ammo ularni o‘gay ona qo‘lida ham qoldirgim kelmayapti. Shu bois opam Zaynabning qizi Umomaga uylaning. U mehribon va taqvoli.
Afsuski, saodat asrining gullari, musulmonlarning ulug‘ onalari birin-ketin dunyoni tark etishdi. Ilohiy taqdir shunday. Zotan, bu odamzotning qismati. Biri keladi, biri ketadi…
Qiyomatgacha davom etadi bu hol…
Avval hazrat Ruqiyya roziyallohu anho…
So‘ng hazrat Zaynab roziyallohu anho …
Hazrat Ummu Gulsum roziyallohu anho …
Va oxirida hazrat Fotima roziyallohu anho …
Ular gullarning gullari edi. Payg‘ambar alayhissalomning ko‘z nurlari edi.
Buni tafakkur qilgan biladi, aql yuritgan biladi, anglab yetgan biladi. Ammo, Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimda sevimli payg‘ambari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga marhamat qilganidek:
“Har bir jon o‘limning totuvchisidir. Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin) Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz”. (Anbiyo surasi, 35-oyat)
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi