Sayt test holatida ishlamoqda!
18 May, 2025   |   20 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:02
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
18 May, 2025, 20 Zulqa`da, 1446

Bu hol qiyomatgacha davom etadi

27.03.2019   3743   4 min.
Bu hol qiyomatgacha davom etadi

Payg‘ambar alayhissalom vafotlaridan olti oy o‘tib, hazrat Fotima roziyallohu anho  xastalanib qoldi…
Hijratning o‘n birinchi yili, ramazon oyining ikkinchi kuni, dushanba edi…
Shu paytgacha ora-sira kasal bo‘lib turardi, ammo bu safargisi avvalgilariga o‘xshamadi.
Yaxshi-yomon kunlarida uni yolg‘iz qoldirmagan xo‘jayini hazrati Ali roziyallohu anhu har doimgidek yonlaridan jilmasdi.
– Bolalarni olib tashqariga chiqsangiz, yaxshi bo‘lardi…
Past ovozda aytilgan bu jumla hazrat Ali roziyallohu anhuning yuragini tilkaladi. Uni xafa qilmaslik va g‘amga botirmaslik uchun o‘zini tushunmaganlikka oldi. Bolalarini onasining yoniga olib keldi. Hazrati Fotima roziyallohu anho ularni birma-bir quchib erkaladi. So‘ng hazrat Ali roziyallohu anhuga imo qildi. Yuragi ezilib, bolalarini tashqariga chiqardi. Shundan so‘ng onamizning yonlariga Asmo binti Umays va Ummu Rofe’ roziyallohu anholar kirishdi.
– Mening yuvinishim uchun suv tayyormi, onajon?
– Ha.
Hazrat Fotima roziyallohu anho Ummu Rofe’ roziyallohu anhoni «onajon» derdi. Chunki bu ayol Fotima roziyallohu anhoga doimo xuddi onadek mehr ko‘rsatar edi.
– Menga suv quyib turasizmi, onajon?
– Albatta, qizim.
Hazrat Fotima roziyallohu anho yaxshilab yuvindi, ayollar yordamida eng yaxshi libosini kiydi.
– To‘shagimni xona o‘rtasiga solinglar.
– Xo‘p.
Ayollar ishlarni bajarisharkan, nima yuz berayotganini anglab, juda iztirob chekishardi.
– Meni yotqizing va yuzimni qiblaga qarating.
– Xo‘p.
– Endi meni yolg‘iz qoldiring!
– Ammo…
– Iltimos.
– Ammo…
– Robbimga duo va iltijo qilmoqchiman.
– ...!
Fotima onamiz duo va iltijoga shunchalar berilib ketdiki, joni qanday chiqib ketganini ham bilmay qoldi.
Ovoz chiqmay qolganidan xavotirlanib uyga kirganlar hazrat Fotima Fotima roziyallohu anhoning vafot etganini ko‘rishdi.
Bu xabar bir zumda butun Madinaga tarqaldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng suyukli qizi ham bu foniy dunyodan boqiy dunyoga yo‘l olgan edi.
Endigina yigirma sakkiz yoshni qarshilagan, bir farzandi go‘dak chog‘ida vafot etgandi.
Ortida ko‘zlari yosh suyukli yori va besh nafar farzandlari qoldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kenja qizlari, hazrat Ali roziyallohu anhuning sevimli zavjasi hazrati Fotima roziyallohu anho vafot etganida Hasan roziyallohu anhu sakkiz, Husayn roziyallohu anhu yetti, Ummu Gulsum roziyallohu anho besh, Zaynab roziyallohu anho uch, Ruqiyya roziyallohu anho ikki yoshda edi. Hazrat Fotima roziyallohu anhoning qabriga boqarkan, hazrat Ali roziyallohu anhuning yodiga ayoli vafotidan biroz oldin aytgan gaplari tushdi:
– Ey Ali (roziyallohu anhu), vafotimdan so‘ng uylaning. Aks holda, siz ham, bolalarim ham qiynalib qolasizlar. Ammo ularni o‘gay ona qo‘lida ham qoldirgim kelmayapti. Shu bois opam Zaynabning qizi Umomaga uylaning. U mehribon va taqvoli.
Afsuski, saodat asrining gullari, musulmonlarning ulug‘ onalari birin-ketin dunyoni tark etishdi. Ilohiy taqdir shunday. Zotan, bu odamzotning qismati. Biri keladi, biri ketadi…
Qiyomatgacha davom etadi bu hol…
Avval hazrat Ruqiyya roziyallohu anho…
So‘ng hazrat Zaynab roziyallohu anho …
Hazrat Ummu Gulsum roziyallohu anho …
Va oxirida hazrat Fotima roziyallohu anho …
Ular gullarning gullari edi. Payg‘ambar alayhissalomning ko‘z nurlari edi.
Buni tafakkur qilgan biladi, aql yuritgan biladi, anglab yetgan biladi. Ammo, Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimda sevimli payg‘ambari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga marhamat qilganidek:

 “Har bir jon o‘limning totuvchisidir. Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin)  Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz”. (Anbiyo surasi, 35-oyat) 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

14.05.2025   3985   3 min.
“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

Tartil bilan Qur’oni karimni qiroat qilish muhim amallardan biri bo‘lib, harflarni maxrajlaridan chiqarib, Allohning kalomini tushunib, tajvid qoidalari bilan to‘g‘ri o‘qishni anglatadi. “Tartil”ning lug‘aviy ma’nosi “biror narsani dona-dona qilib terish”ni anglatadi.

Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi bo‘lib, uni tartil bilan o‘qish U zotning buyrug‘idir. Muzzammil surasi 4-oyatda shunday deyiladi: “Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil”.

Ali roziyallohu anhudan oyatning ma’nosini so‘rashganda, “tartil – harflarni yaxshilash, vaqf o‘rinlarni bilish”, deb javob qilganlar. Jabroil alayhissalomga Muhammad alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar.

Tartil bilan Qur’on qiroat qilish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish lozim. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Tajvid qoidalariga rioya qilish: “Tajvid”ning lug‘aviy ma’nosi “sifatini oshirish, ziynatlash, chiroyli qilish”ni bildiradi, istilohda Qur’ondagi so‘zlarning har birini o‘z miqdori va sifatida talaffuz qilish, iste’lo va istifola harflarini bir-biridan farqlab, tafxim, tarqiq, idg‘om, izhor kabi qoidalarga amal qilib o‘qishni anglatadi.
  2. Dona-dona, bir maromda va aniq o‘qish: Tartil bilan o‘qishda shoshilmaslik, har bir kalimani aniq tarzda o‘qish muhimdir. Bu oyatlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi. Imom Shofeiy tartilning eng ozi tilovatda shoshilishni tark etishdir deganlar.
  3. Ma’nolarini tadabbur qilish: Qur’on ma’nolarini anglash tartilning muhim qismidir. Oyatlarning ma’nosini bilish ularni qalbga singdirishga yordam beradi.
  4. Ixlos va taqvo: Qur’onni faqat Allohning roziligi uchun o‘qish kerak. Ixlos bilan o‘qilgan Qur’onning barakasi va savobi ulug‘ bo‘ladi.
  5. Poklik va ehtirom: Qur’onni tahorat bilan o‘qish, tinch joyda va e’tibor bilan o‘qish tartilning sifatini oshiradi.

Tartil bilan Qur’on o‘qishning foydalari juda ko‘p. Ulardan ba’zilari:

  • Ruhiy oziq: Qur’on qalb uchun nurdir. Uni tartil bilan o‘qish insonning ruhini yanada sayqallaydi va Allohga yaqinlashtiradi.
  • Savob: Har bir harf uchun ko‘plab savob beriladi. Tartil bilan o‘qish bu savobni yanada oshiradi.
  • Qalb xotirjamligi: Qur’on qiroatining ovozi va ma’nosi qalbga taskin beradi, stress va tashvishlarni kamaytiradi.
  • Ilm: Qur’on ma’nolarini anglash va tajvidni o‘rganish orqali insonning bilimi rivojlanadi.
  • Shafoat: Qur’on qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxiri qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi”, dedilar”, (Imom Termiziy rivoyati).

Zafar qori Mahmudov,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi.