Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Hattob roziyallohu anhu qahatchilik bo'lganida Abbos ibn Abdulmuttalib bilan istisqo qildilar: “Allohim! Albatta, biz Senga Nabiyimiz bilan duo qilib yomg'ir so'rardik. Sen bizga yomg'ir berar eding. Endi biz Senga Payg'ambarimizning amakisi bilan yomg'ir so'rab, duo qilamiz. Bizga yomg'ir ber”, dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Hijriy 18-sanada qahatchilik bo'ldi. Qahatchilik to'qqiz oy davom etdi. Odamlar qiynaldi, chorva ozib ketdi. Hazrat Umar roziyallohu anhu odamlarni to'plab, Abbos roziyallohu anhumo bilan yomg'ir so'rab duo qildi. Abbos roziyallohu anhumo Alloh taologa iltijo qilib: “Yo Alloh! Albatta, gunoh bo'lmasa, balo tushmas. Tavba bo'lmasa, balo ko'tarilmas. Biz Senga iltijo qilib duo qilamiz, gunohlarimizni e'tirof qilamiz. Senga tavba qilamiz. Bizga yomg'ir ato qil”, dedi. Shunda jala quydi. Yer to'yib, odamlarning joniga oro kirdi.
Alloh taologa yolvorib qalbining tub-tubidan qilingan iltijoyu duolar mustajob bo'ladi.
Shulardan biri Sayyid Ahmad Toziyga nisbatan “at-Toziya” yoki “at-Tafrijiya” deb nomlangan va “as-Siyg'atul komila” yoki tez ijobat bo'lgani uchun “an-Noriya” deb atalgan salovat bor. U quyidagicha:
“Allohumma solli salotan kamilatan va sallim salaman taamman 'ala sayyidina Muhammadinil laziy tanhallu bihil 'uqodu va tanfariju bihil kurobu va tuqzo bihil havaiju va tunalu bihir rog'oibu va husnul xovatimi va yustasqol g'amomu bi vajhihil kariymi va 'ala alihi va sohbihi fi kulli lamhatin va nafasin bi 'adadi kulli ma'lumin lak!”
Ma'nosi: “Allohim, hazrati Muhammadga va u zotning oilalari (ahli)ga va sahobalariga har nafas va har lahzada O'zingga ma'lum bo'lgan sanoqlar miqdoricha komil salpvot va mukammal salom yuborgin. Chunki u zotning vositasida (har qanday) tugunlar echiladi, qiyinchiliklar ketadi, mashaqqatlar bartaraf, hojatlar ravo bo'ladi, umid- maqsadlariga va yaxshi-go'zal nihoyalarga erishiladi hamda u zotning go'zal-karamli yuzlari hurmatidan yomg'irlar so'raladi”.
Halqimizda Yomg'ir bilan er ko'karadi, duo bilan el” degan maqol bor. Zero, “Solih insonlarning duosi bilan el-yurt farovon bo'lishi shubhasiz.
Shu o'rinda Nabiy sollallohu alayhi va sallamning: “Zaiflaringiz sababidangina nusratlanursizlar va rizqlanursizlar”,deganlarini aytib o'tishimiz kerak. Jamiyatdagi zaiflar, kambag'al, bechoralarning duolari sababidan ham Alloh taolo bandalarining rizqini mo'l qiladi, ularni balo-ofatlardan asraydi.
Hulosa shulki, jamiyatda solihlar ko'paysa, zaiflar, kambag'allar yordamsiz, qarovsiz qoldirilmasa, jamiyat Alloh taoloning izni bilan tinch, balo, ofatlardan omon bo'ladi.
Abdumutal ATABAYeV,
Jizzax viloyati “Holid ibn Valid” masjidi imom-xatibi
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov