Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Nega ayollardan payg‘ambar chiqmagan?

25.03.2019   5426   5 min.
Nega ayollardan payg‘ambar chiqmagan?

Islom dini jamiyatda ayolning mavqe’ini ko‘tardi. Ayol deganda ko‘z oldimizda onalarimiz, turmush o‘rtoqlarimiz, opa-singillarimiz va qizlarimiz keladi. Qur’oni karimda ayollar haqida alohida "Niso"(Ayollar) surasi kelgan.

Alloh taolo o‘z bandasiga xoh u erkak bo‘lsin, xoh u ayol bo‘lsin hammasiga birday yaxshilikni xohlaydi. Shuning uchun ham Islom dinida erkak bilan ayolning haqqi bir xil. Alloh taolo shu haqda Qur’onda shunday marhamat qiladi: 

إِنَّ الْمُسْلِمِينَ وَالْمُسْلِمَاتِ وَالْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَالْقَانِتِينَ وَالْقَانِتَاتِ وَالصَّادِقِينَ وَالصَّادِقَاتِ وَالصَّابِرِينَ وَالصَّابِرَاتِ وَالْخَاشِعِينَ وَالْخَاشِعَاتِ وَالْمُتَصَدِّقِينَ وَالْمُتَصَدِّقَاتِ وَالصَّائِمِينَ وَالصَّائِمَاتِ وَالْحَافِظِينَ فُرُوجَهُمْ وَالْحَافِظَاتِ وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا

 “Albatta, muslimlar va muslimalar, mo‘minlar va mo‘minalar, davomli itoatkor erkaklar va davomli itoatkor ayollar, sadoqatli erkaklar va sadoqatli ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozu’li erkaklar va tavozu’li ayollar, sadaqa qilguvchi erkaklar va sadaqa qilguvchi ayollar, ro‘za tutguvchi erkaklar va ro‘za tutguvchi ayollar, farjlarini saqlovchi erkaklar va (farjlarini) saqlovchi ayollar, Allohni ko‘p zikr qilguvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qilguvchi ayollar–o‘shalarga Alloh mag‘firatni va ulug‘ ajrni tayyorlab qo‘ygandir[1].

Ayollarni ham erkaklar kabi ibodatda va ajru mukofotda barobar ekanligini Alloh taolo bildirmoqda. Odamlar Alloh nazdida eng hurmatlisi jins bilan emas, erkakligi yoki ayolligi bilan emas, balki Parvardigorga bo‘lgan ishonchi, ixlosi va taqvosi bilandir: 

إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِندَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ

Albatta, Allohninghuzuridaenghurmatligingizengtaqvodoringizdir.[2]

Demak, erkak bo‘lsin yoki ayol bo‘lsin o‘z Parvardigoriga doimo taqvo qiladimi tamom, ana o‘sha banda Allohning nazdida karomat bilan ikromlangan, duosi ijobat va yer yuzida aziz bandalardan hisoblanadi.

Ayollardan Xudoning do‘stlari avliyolar bo‘lgan va bo‘ladi, ammo ayollardan payg‘ambar va podshoh bo‘la olmaydi. Chunki bunga ularning jismoniy va fitriy tuzilishlari mone’lik qiladi: 

وَمَا أَرْسَلْنَا مِن قَبْلِكَ إِلاَّ رِجَالاً نُّوحِي إِلَيْهِمْ فَاسْأَلُواْ أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لاَ تَعْلَمُونَ

“(Ey, Muhammad) Biz sizdan (ya’ni, sizni payg‘ambar qilib yuborishimizdan) ilgari hamfaqat siz kabi erkaklarni - insonlarnigina o‘zimiz tushirgan vahiy bilan(payg‘ambar qilib) yuborganmiz.(Ey mushriklar) agar(bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangizlar, ahli ilmlardan (ya’ni Tavrot va Injilni biladigan kishilardan)so‘ranglar![3]

Ayollardan payg‘ambar yuborilmaganligining hikmatlari haqida quyidagilarni ham aytish mumkin: Payg‘ambarlik og‘ir yuk, mashaqqatli vazifa. Ayol esa yaratilish jihatidan nozik va zaifa bo‘lgani uchun ham bunday og‘ir va nihoyatda qiyin vazifani bajara olmaydi. Chunki payg‘ambarlik doimiy ravishda sabr va matonatni talab qiladi. Istisnosiz barcha payg‘ambarlar haq dinni tushuntirishda turli balo va musibatlarga duchor bo‘lishgan. Odam alayhis salomdan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha o‘tgan barcha payg‘ambarlarga har xil bo‘hton va haqoratlar qilingan. Zakariyo, Yahyo va Jirjis alayhis salomlar esa shahid etilgan.

Payg‘ambarlarning hammasi barcha zulm va aziyatlarga sabr hamda sabot bilan javob berishgan. Alloh taolo bunday qiyin va og‘ir vazifani ayollar zimmasiga yuklamagan. Qolaversa, ayolning fitriy tuzilishi ham bunga monelik qiladi.

Bundan tashqari nifos va yana boshqa holatlari ham borki, homiladorligida ish yuritishi butunlay qiyinlashardi. Chunki farzandini qorni yoki qo‘lida ko‘tarib yurish bilan birga qo‘shinga boshchilik qilishi, jismonan baquvvat bo‘lib oldingi saflarda epchil harakat qilishi lozim bo‘lardi. Bularning barchasi ayolning payg‘ambar bo‘lishiga imkon bermaydigan holatlardir. Vaxolangki, bu mas’uliyatli ishlarni ayollarga xos uzrlar bilan birga olib borishning imkoni yo‘q.

Payg‘ambarlar Sayyidi sollallohu alayhi vasallam ham shu masalaga e’tibor qaratib, ularni "dinga oid masalalarni to‘liq ado qilmaydigan va ba’zi narsalarni idrok eta olmaydiganlar", deb tushuntirganlar. Farzandi tufayli ibodatlari qusur va nuqsonli ayol qanday qilib payg‘ambarlik qilsin...

Holbuki, payg‘ambar hamma narsada o‘rnak, rahbar va qusursiz yo‘lboshchi bo‘lishi kerak. Zero hamma uning holatiga qarab o‘zini tuzatadi. Ayollarga oid jihatlar esa payg‘ambar saodatxonasidagi ayollardan o‘rganiladi.

Islom ayol kishining komil inson ekanini, mustaqil shaxs ekanini, mulkka ega bo‘lish haqqini, o‘zi ega bo‘lgan narsalarni erkinlik bilan tasarruf qila olishini, ta’lim olish haqqini, e’tiqod va ixtiyor erkinligini, fikr erkinligini, nasihat va amri ma’ruf, nahyi munkar qilish haqqini, o‘zi xohlagan kishiga turmushga chiqish haqqini yoki xohlamagan kishisidan ajrash haqqini, o‘z ismi, laqabi, otasi va oilasining ismini saqlash haqqini bergan. Ammo bir ummatni boshqaradigan payg‘ambarlik yoki rahbarlikka g‘ariziy ojizaliklari mone’lik qiladi.

 

Mir Arab” o‘rta maxsus islom

bilim yurtining mudarrisi,

Masjidi Kalon” jome’

Masjidi imom xatibi

Mavlonov Jamol

 

[1]Ahzob, 35

[2]Hujurot, 13

[3]Nahl, 47

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   7896   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.