Islom dini jamiyatda ayolning mavqe’ini ko‘tardi. Ayol deganda ko‘z oldimizda onalarimiz, turmush o‘rtoqlarimiz, opa-singillarimiz va qizlarimiz keladi. Qur’oni karimda ayollar haqida alohida "Niso"(Ayollar) surasi kelgan.
Alloh taolo o‘z bandasiga xoh u erkak bo‘lsin, xoh u ayol bo‘lsin hammasiga birday yaxshilikni xohlaydi. Shuning uchun ham Islom dinida erkak bilan ayolning haqqi bir xil. Alloh taolo shu haqda Qur’onda shunday marhamat qiladi:
إِنَّ الْمُسْلِمِينَ وَالْمُسْلِمَاتِ وَالْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَالْقَانِتِينَ وَالْقَانِتَاتِ وَالصَّادِقِينَ وَالصَّادِقَاتِ وَالصَّابِرِينَ وَالصَّابِرَاتِ وَالْخَاشِعِينَ وَالْخَاشِعَاتِ وَالْمُتَصَدِّقِينَ وَالْمُتَصَدِّقَاتِ وَالصَّائِمِينَ وَالصَّائِمَاتِ وَالْحَافِظِينَ فُرُوجَهُمْ وَالْحَافِظَاتِ وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا
“Albatta, muslimlar va muslimalar, mo‘minlar va mo‘minalar, davomli itoatkor erkaklar va davomli itoatkor ayollar, sadoqatli erkaklar va sadoqatli ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozu’li erkaklar va tavozu’li ayollar, sadaqa qilguvchi erkaklar va sadaqa qilguvchi ayollar, ro‘za tutguvchi erkaklar va ro‘za tutguvchi ayollar, farjlarini saqlovchi erkaklar va (farjlarini) saqlovchi ayollar, Allohni ko‘p zikr qilguvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qilguvchi ayollar–o‘shalarga Alloh mag‘firatni va ulug‘ ajrni tayyorlab qo‘ygandir”[1].
Ayollarni ham erkaklar kabi ibodatda va ajru mukofotda barobar ekanligini Alloh taolo bildirmoqda. Odamlar Alloh nazdida eng hurmatlisi jins bilan emas, erkakligi yoki ayolligi bilan emas, balki Parvardigorga bo‘lgan ishonchi, ixlosi va taqvosi bilandir:
إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِندَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ
“Albatta, Allohninghuzuridaenghurmatligingizengtaqvodoringizdir.”[2]
Demak, erkak bo‘lsin yoki ayol bo‘lsin o‘z Parvardigoriga doimo taqvo qiladimi tamom, ana o‘sha banda Allohning nazdida karomat bilan ikromlangan, duosi ijobat va yer yuzida aziz bandalardan hisoblanadi.
Ayollardan Xudoning do‘stlari avliyolar bo‘lgan va bo‘ladi, ammo ayollardan payg‘ambar va podshoh bo‘la olmaydi. Chunki bunga ularning jismoniy va fitriy tuzilishlari mone’lik qiladi:
وَمَا أَرْسَلْنَا مِن قَبْلِكَ إِلاَّ رِجَالاً نُّوحِي إِلَيْهِمْ فَاسْأَلُواْ أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لاَ تَعْلَمُونَ
“(Ey, Muhammad) Biz sizdan (ya’ni, sizni payg‘ambar qilib yuborishimizdan) ilgari hamfaqat siz kabi erkaklarni - insonlarnigina o‘zimiz tushirgan vahiy bilan(payg‘ambar qilib) yuborganmiz.(Ey mushriklar) agar(bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangizlar, ahli ilmlardan (ya’ni Tavrot va Injilni biladigan kishilardan)so‘ranglar!”[3]
Ayollardan payg‘ambar yuborilmaganligining hikmatlari haqida quyidagilarni ham aytish mumkin: Payg‘ambarlik og‘ir yuk, mashaqqatli vazifa. Ayol esa yaratilish jihatidan nozik va zaifa bo‘lgani uchun ham bunday og‘ir va nihoyatda qiyin vazifani bajara olmaydi. Chunki payg‘ambarlik doimiy ravishda sabr va matonatni talab qiladi. Istisnosiz barcha payg‘ambarlar haq dinni tushuntirishda turli balo va musibatlarga duchor bo‘lishgan. Odam alayhis salomdan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha o‘tgan barcha payg‘ambarlarga har xil bo‘hton va haqoratlar qilingan. Zakariyo, Yahyo va Jirjis alayhis salomlar esa shahid etilgan.
Payg‘ambarlarning hammasi barcha zulm va aziyatlarga sabr hamda sabot bilan javob berishgan. Alloh taolo bunday qiyin va og‘ir vazifani ayollar zimmasiga yuklamagan. Qolaversa, ayolning fitriy tuzilishi ham bunga monelik qiladi.
Bundan tashqari nifos va yana boshqa holatlari ham borki, homiladorligida ish yuritishi butunlay qiyinlashardi. Chunki farzandini qorni yoki qo‘lida ko‘tarib yurish bilan birga qo‘shinga boshchilik qilishi, jismonan baquvvat bo‘lib oldingi saflarda epchil harakat qilishi lozim bo‘lardi. Bularning barchasi ayolning payg‘ambar bo‘lishiga imkon bermaydigan holatlardir. Vaxolangki, bu mas’uliyatli ishlarni ayollarga xos uzrlar bilan birga olib borishning imkoni yo‘q.
Payg‘ambarlar Sayyidi sollallohu alayhi vasallam ham shu masalaga e’tibor qaratib, ularni "dinga oid masalalarni to‘liq ado qilmaydigan va ba’zi narsalarni idrok eta olmaydiganlar", deb tushuntirganlar. Farzandi tufayli ibodatlari qusur va nuqsonli ayol qanday qilib payg‘ambarlik qilsin...
Holbuki, payg‘ambar hamma narsada o‘rnak, rahbar va qusursiz yo‘lboshchi bo‘lishi kerak. Zero hamma uning holatiga qarab o‘zini tuzatadi. Ayollarga oid jihatlar esa payg‘ambar saodatxonasidagi ayollardan o‘rganiladi.
Islom ayol kishining komil inson ekanini, mustaqil shaxs ekanini, mulkka ega bo‘lish haqqini, o‘zi ega bo‘lgan narsalarni erkinlik bilan tasarruf qila olishini, ta’lim olish haqqini, e’tiqod va ixtiyor erkinligini, fikr erkinligini, nasihat va amri ma’ruf, nahyi munkar qilish haqqini, o‘zi xohlagan kishiga turmushga chiqish haqqini yoki xohlamagan kishisidan ajrash haqqini, o‘z ismi, laqabi, otasi va oilasining ismini saqlash haqqini bergan. Ammo bir ummatni boshqaradigan payg‘ambarlik yoki rahbarlikka g‘ariziy ojizaliklari mone’lik qiladi.
“Mir Arab” o‘rta maxsus islom
bilim yurtining mudarrisi,
“Masjidi Kalon” jome’
Masjidi imom xatibi
Mavlonov Jamol
[1]Ahzob, 35
[2]Hujurot, 13
[3]Nahl, 47
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV