Buyuk muhaddislarimizga ta'na qiluvchi, hadis va sunnatga nisbatan ommada shubha uyg'otuvchi toifalar hamma davrlarda ham bo'lgan. Buni ayni kunlarda Imom Buxoriy va “Al-Jome' as-sahih” asariga nisbatan g'arazli fikr-uydirmalar qilayotgan iymoni zaif kimsalar misolida ham ko'rsa bo'ladi. Bu kabi ilmdan bexabarlarning ilgari surayotgan vajlaridan birini o'rganib chiqishga, haqiqat aslida qanday ekanligiga oydinlik kiritsak.
O'sha toifalarning ayollar sha'ni kamsitilgan hadislar borligi da'vosi sanad yoki lafzdagi ayrim tafovutlar bilan takrorlanib kelgan bir necha hadisga asoslanadi. Masalan, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey ayollar jamoasi! Sadaqa qilinglar, chunki men do'zax ahlining ko'pchiligi sizlar ekaningizni ko'rdim”, dedilar. Shunda ayollar: “Ey Allohning Rasuli, nimaga shunday?” deyishdi. U zot alayhissalom: “La'natni ko'p ishlatasizlar, erlaringizga noshukrlik qilasizlar. Aqlli erkakning aqlini sizlarga qaraganda eng tez ketkazadigan, aqli va dini noqis bo'lgan biror kimni bilmayman...”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati, 298-hadis) hadisi, “Kasal yuqishi ham, shumlanish ham yo'qdir. Baxtsizlik faqatgina uch narsada: ot, ayol va hovli-joyda bo'ladi”(Imom Buxoriy rivoyati, 5438-hadis) hadisi yoki “Ayollarga xayrixoh bo'linglar. Chunki ayol kishi qovurg'adan yaratilgan. Qovurg'aning eng qiyshiq joyi yuqori qismidir. Agar uni to'g'rilayman, desang sindirib qo'yasan. Agar o'z holiga qo'ysang, qiyshiqligicha qoladi. Shunday ekan, ayollarga xayrixoh bo'linglar” (Imom Buxoriy rivoyati, 3153-hadis) hadisi shular jumlasidandir.
“Sahihi Buxoriy”da ayollarning sha'niga taalluqli yuzlab hadislar kelgan. Shulardan biri: “Bir ayol mushuk sababli do'zaxda azoblandi. U mushukni qamab qo'ygan edi. Shu sababli jahannamga kirdi. Qamab qo'yganga yarasha taom ham, ichimlik ham bermadi yoki er yuzida rizqini topib eyishga ham qo'ymadi”, hadisidir. Aql sohibi borki, shu ishni erkak kishi qilganda ham oqibati aynan shunday bo'lishiga shubha qilmaydi. Demak, bu “Sahihi Buxoriy”dagi hadislarda ayollar sha'ni kamsitilgan, deb da'vo qilishga sabab bo'la olmaydi. Shuning bilan birga bu hadislarning aksariyati shar'iy hukmni bayon qilish yoki pand-nasihat berish, to'g'ri yo'lga yo'naltirish ma'nosida kelgan, demak, ularda maqtov ham, ta'na qilish ham yo'q.
Imom Buxoriy boshqa sahih to'plamlardagi ayollar haqida gap ketgan hadislarning ayrimlarini sahihga chiqarmagan. Masalan, Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan mana bu hadislar: «U kishining huzurlarida namozni kesadigan narsalar zikr qilindi. “Namozni it, eshak va ayol kishi kesadi”, dedilar. Bas, u kishi: “Batahqiq, bizni itlarga teng qildingizlar», dedilar.
Boshqa bir rivoyatda esa: «Batahqiq, bizlarni eshaklar va itlarga o'xshatdingiz. Nabiy sollallohu alayhi vasallam namoz o'qiyotganlarida men u kishi bilan qiblaning orasida bo'lgan holatlarim bor. Men so'ri ustida yonboshlab yotar edim. Agar biror hojatim chiqib qolsa, u kishiga yuzlanishni yoqtirmay, sekin surilib chiqib ketar edim”, dedilar».
Imom Buxoriy “Al-Jome' as-sahih”da Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam bilan zamondosh bo'lgan, u zotning da'vatlaridan ta'sirlangan ayollarni namuna sifatida tilga olgan.
Oysha roziyallohu anho g'azotlarning birida Payg'ambar alayhissalom birga edi. U singlisi Asmoning munchog'ini ham o'zi bilan olib olgandi. Oysha roziyallohu anho o'sha munchoqni yo'qotib qo'ydi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, u zotga qo'shilib odamlar ham munchoqni izlashga tushishdi. Hatto ba'zilar Abu Bakr roziyallohu anhuning oldiga borib: “Oysha nima ish qilganini ko'rmaysizmi? Rasululloh va odamlarni suvsiz qoldirdi”, dedilar. Shunda u Oysha roziyallohu anhoning oldiga borib, qizini koyidi.
Payg'ambar alayhissalomning boshlari Oysha roziyallohu anhoning tizzalari ustida bo'lgani uchun o'rnidan turib keta olmadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'rinlaridan turdilar. Tong yorishib qolgan, ammo suv yo'q edi. Shunda tayammum qilish haqidagi oyat nozil bo'ldi. Usayd ibn Huzayr Oysha roziyallohu anhoga: “Alloh Sizni munosib taqdirlasin. Allohga qasamki, sizga sizni xafa qiladigan biror tashvish tushsa, albatta, Alloh o'sha ishni musulmonlar uchun yaxshilik qilib qo'yadi”, dedi.
Bu hadisdan aniq ko'rinib turibdiki, erkak sahobalar Oysha roziyallohu anho munchoq uchun qattiq qayg'uga tushib qolganini arzimas ish deb sanagan, uni deb qo'shinni yo'ldan olib qolish to'g'ri emas, deb bilgan. Lekin munchoq Oysha roziyallohu anhoning mulki emasdi. Shuning uchun birovning molini yo'qotib qo'yishdan qattiq tashvishga tushib qolgan edi. Alloh taolo uni mana shu ishi uchun ikki marta mukofotladi. Birinchisi, u munchoqni tuyaning tezagi tagidan topib oldi. Ikkinchisi, suv topa olmaganlar yoki uzrli kishilar uchun tayammum qilishga ruxsat berilishiga sabab bo'ldi (Imom Buxoriy rivoyati, 327-hadis).
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir ayol: “Ey Rasululloh, Siz o'tirishingiz uchun minbar yasatib beraymi? Chunki mening duradgor qulim bor”, dedi. U zot: “Agar xohlasang, minbar qilib ber”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati, 437-hadis).
Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, erkaklar hadisingizni ilib ketdi. Alloh Sizga bildirgan narsalardan bizlarga ham ta'lim berishingiz uchun o'zingiz bir kunni tayin qilsangiz”, dedi. U zot: “Falon kuni falon joyda to'planing”, dedilar. O'sha kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularning oldiga kelib Alloh bildirgan narsalardan ularga ta'lim berdilar...” (Imom Buxoriy rivoyati, 6880-hadis).
Demak, ayrim nopok kimsalarning “Sahihi Buxoriy”da ayollar sha'ni kamsitilgan, degan asossiz. Ayollarga tegishli yuqoridagi hadislar ataylab noto'g'ri talqin etilmoqda. Zero, Imom Buxoriy rivoyat qilgan ushbu hadislar har xil lafzlar bilan boshqa sahih to'plamlarda ham kelgan.
Otabek MUHAMMADIYeV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktor o'rinbosari
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 13 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan diniy ta’lim, haj-umra, masjidlar holati, oilaviy muammo va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati