Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:
"Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
" Burni yerga ishqalsin, burni yerga ishqalsin, burni yerga ishqalsin", dedilar.
"Ey Allohning Rasuli, kimning?" deyishdi.
"Ota-onasi yoki ulardan biri keksaligida ular bilan birga yashab, do‘zaxga kirgan kishining", dedilar".
Sharh: Demak, ota-ona ulug‘ yoshga kirganlarida ularning xizmatini qilib, roziligini topib qolsa, jannatga kirar ekan, aks holda do‘zaxga kirar ekan. Ikkovlari bo‘lmasa, bittasi - yo ota, yo ona bo‘lsa ham, ana shu holat bo‘lar ekan.
Bu hadisi sharif ham ota-onaning roziligini topish qanchalik muhim ish ekanini ta’kidlamoqda. Bandaning jannat yoki do‘zaxga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri ota-onaga bo‘ladigan munosabat ekanini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa ota-ona keksayganlarida alohida ehtiyotlik bilan ularga yaxshilik qilish payida bo‘lish zarurligini bildirmoqda.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Tinglovchining e’tiborini tortish uchun bir ishning oqibatini takror-takror aytish mumkinligi.
2. Olim va rahbar kishidan biror masala oqibati haqidagi gapni eshitganda, bu oqibat kim uchun ekanini so‘rash lozimligi.
3. Ota-onasi bo‘la turib, ularning roziligini topib, jannatga kirishga sazovor bo‘lolmay qolgan odam baxtsiz shaxs ekan.
"Odoblar xazinasi" kitobidan.
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.