Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

O‘lchovdan urish nega harom? Urib qolish nimalarda bo‘ladi?

22.03.2019   11775   5 min.
O‘lchovdan urish nega harom? Urib qolish nimalarda bo‘ladi?

«(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir. Ular (o‘lgandan keyin) qayta tiriluvchi ekanlarini o‘ylamaydilarmi, Ulug‘ kunda (qiyomatda) – odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!» (Mutaffifun, 1–6).

Madinaliklar orasida o‘lchov va tarozidan urib qolish odati bor edi. Pay­g‘am­bar (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlarida: «(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kim­salar holiga voy!» (Mutaffifun, 1) oyati nozil bo‘ldi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ularga oyatni o‘qib berdilar va aytdilar: “Besh narsaga besh narsa sabab bo‘ladi: qaysi qavm ahdini buzsa, Alloh taolo ularga dushmanini hukmron qilib qo‘yadi; qaysi bir qavm Alloh taologa bo‘yinsunmasa, ularda faqirlik ko‘payadi; qaysi qavmda fohishalik paydo bo‘lsa, ularda o‘lim ko‘payadi; qaysi qavm o‘lchov va tarozidan uradigan bo‘lsa, ularda qurg‘oqchilik bo‘ladi; qaysi qavm zakotni bermasa, ularga yomg‘ir yog‘may qoladi”.
«(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! ...»
Mufassirlar aytadilar: Voy, ya’ni vayl, oxiratda bo‘ladigan qattiq azobdir.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Vayl do‘zaxdagi bir vodiydir, unda yiring oqadi, uning ahli o‘lchov va tarozidan urib qoluvchilardir...”
«Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir».

Ibn Kasir tafsirida bunday deyil­gan: “Insonlardan molni o‘lchab olganda ko‘paytirib oladigan, boshqalarga o‘lchab berganda urib qoluvchi kishilar “mutaf­fif”, ya’ni o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi­dir”.
Sotuvchining o‘lchov va tarozidan urib qolishiga indamay rozi bo‘lib ketish kerak emas. Balki jamiyatda bunday illatga qarshi kurashish va uning oldini olish lozim.

Ulamolar: “Tarozidan ko‘p va oz urib qolishning azobi oxiratda bir xil bo‘ladi”, deyishgan. Hatto ba’zi olimlar, tarozidan urib qolishni niyat qilishning o‘zi ham katta gunohlardan, deb hisoblaganlar.
Imom Moturidiy oyat tafsirida aytadi: “Kishi o‘lchanadigan molni sotib olayotganda sotuvchining tarozidan urib qolayotganini bilib indamasa, unga rozi bo‘lsa yo uni kechirib yuborsa, sotuvchining gunohiga sherik bo‘ladi. Chunki tarozidan, o‘lchovdan urib qolish oluvchi yo sotuvchidan birining zarar ko‘rayotgani uchun harom emas, balki Alloh taolo tarozi va o‘lchovdan urib qolishni man qilgani uchun haromdir”.

Hazrat Ali (roziyal­­lohu anhu) bir kuni za’faron o‘lchab sotayotgan kishining yonidan o‘tib ketayot­ganida, sotuvchi molni xaridorga og‘irroq qilib berdi. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) unga dedi: “Oldin tarozida teng qilib o‘lchab ber, ana undan so‘ng xohlaganingcha qo‘shib ber”. Demak, sotuvchi oldin tarozini to‘g‘ri tortib, zimmasidagi vojibni ado etishi zarur. So‘ng agar istasa, molidan bir miqdorini xaridorning xaltasiga solib, ehson qilishi mumkin.
Ibn Umar (roziyallohu anhu) sotuvchi oldidan o‘tganlarida bunday der ekanlar: “Allohdan qo‘rq, to‘g‘ri o‘lcha, chunki tarozidan urib qoluvchilar qiyomat kuni to‘xtatiladi, ularning badanlarini ter qoplaydi”.
Ba’zi olimlar aytishlaricha, nafaqat o‘lchov va tarozidan urib qoluvchilar, balki molning aybini aytmay, xaridorni aldab sotuvchilar ham “mutaffif” hisoblanadi.

Ba’zi olimlar bunday deganlar: “Urib qolish o‘lchov, vaznda bo‘lgani kabi namoz va tahoratda, so‘zda ham bo‘ladi. Ya’ni, kishi tahorat va namoz yoki boshqa ibodatlarning ruknlarini to‘la, nuqsonsiz, mukammal bajarishi lozim, aks holda mutaffif bo‘ladi.

Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) aytadi: “Namoz ham tarozidir (ya’ni, tarozi kabi me’yordadir). Kim uni mukammal ado etsa, Alloh uning ajrini to‘la beradi, kim uni nuqsonli qilsa, sizlar Alloh taoloning tarozidan urib qoluvchilar haqidagi so‘zini eshitgansiz (ya’ni, tarozidan urib qoluvchilarning oqibati qanday bo‘lishini bilasiz)”.

«Ular (o‘lgandan ke­yin) qayta tiriluv­chi ekanlarini o‘yla­maydilarmi, Ulug‘ kunda (qiyomatda) – odamlar (butun) olam­lar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!» Ya’ni, o‘lchovdan urib qoluvchilar qiyomat kuni qayta tirilib, barcha qilgan ishlari haqida javob berishlarini o‘ylamaydilarmi?

Ibn Umar (roziyallohu anhu)ning “Vay­lun­lil mutoffifin” surasini o‘qib «“Ulug‘ kunda (qiyomatda) – odamlar (butun) olam­lar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda” mazmunli oyatiga yetganda o‘qishdan to‘xtab yig‘laganlari va hushdan ketganlari» rivoyat qilingan.

Kundalik turmushda bo‘ladigan savdo-sotiqda o‘ta ehtiyot bo‘laylik, bir-biri­mizning haqimizga xiyonat qilmaylik!

Imom Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy,
imom Zamaxshariy, Ibn Kasir va
Qurtubiy tafsirlari asosida
Badriddin SADRIDDIN o‘g‘li
tayyorladi.

Boshqa maqolalar

Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

16.07.2025   6580   2 min.
Yomon tush ko‘rganda nima qilinadi?

Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.

Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.

Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.