2019 yilning 9 aprel kuni Quvaytda xalqaro Qur’on musobaqasi boshlanadi. Bu haqda Al-Vatan axborot agentligi xabar berdi.
Quvayt Din ishlari va vaqf vaziri Fahd Al-Sho‘laning ta’kidlashicha, Qur’oni karim tilovatiga arab va ajam ummatini oshno qilish, qorilarning qiroat saviyasini oshirish, xalqaro miqyosdagi eng yaxshi qorilarni aniqlash, Qur’oni karimni yodlash bo‘yicha haqqoniy raqobatni tashkil etish, umuman ummatni Qur’oni karimga tashviq qilish ushbu tadbirning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Islom.uz nashrining yozishicha joriy yildagi musobaqada yosh hofizlar uchun alohida joy ajratilgan. Musobaqaga juda o‘nlab davlatlardan hofizi Qur’onlar taklif etilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.