Kuni kecha, 18 mart kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Mehmet Surayyo Er janoblari O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Mehmet Surayyo Er muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov bilan muloqot o‘tkazdi.
Muftiy hazratlari elchi janoblarini ushbu sharafli va mas’uliyatli vazifa bilan muborakbod etib, ulkan yutuqlar tiladilar. Mehmet Surayyo Erning elchilik davrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishi, bunda elchi janoblarining sa’y-harakatlari katta bo‘lishini bildirdilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov elchi janoblarini yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, ikki qardosh xalqlar azaldan do‘st bo‘lgani, oxirgi yillarda ushbu do‘stlik yanada mustahkamlanayotganini bildirdi. Shuningdek, rais ziyorat turizmini rivojlantirish, “Haj-Umra” tadbirlarini tashkil etish, diniy soha xodimlarining malakasini oshirish borasida o‘zaro tajriba almashish har jihatdan foydali bo‘lishini ta’kidladi.
O‘z navbatida elchi janoblari o‘tgan ikki yarim yil ichida O‘zbekiston va Turkiya davlatlari aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani, ko‘p tomonlama aloqalar rivoj topgani, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda kelishuvlarga erishilganini alohida qayd etdi. O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va ilmiy maktablar ish boshlaganini alohida e’tirof etdi. Mana shu maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va axborot resurs markazlarining faoliyatini yanada rivojlantirishga yaqindan yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
Muloqotda tomonlar diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga oid turli masalalarni ham muhokama qildilar.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qariyb o‘n oydirki, yurtimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Hoji ota, hoji onalar, imom-xatib va faollar bilan birga mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan oilalar holidan xabar olib, qimmatli va’z-nasihatlar bilan ularning ko‘ngillariga iliqlik olib kirish barobarida xayriya va ehsonlar ulashmoqda.
Bugunga qadar 84 ming 793 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 518 121 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda. Zero, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot kishilik jamiyatida doimiy qilinishi lozim bo‘lgan ishlar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati