Imom Abu Hafsi Kabir
Bismillahir roxmanir roxiym.
Abu Hafs Ahmad ibn Hafs ibn Zibarqon ibn Abdulloh ibn Bahr al-Kabir al-Ijliy al-Buxoriy al-Faqih al-Hanafiy hijriy 150 (milodiy 767) yili Buxoroning Fagsodara mahallasida tavallud topib hijriy 217 (milodiy 832) yilning muharram oyida shu yerda vafot etganlar .
Qur’oni karimni yodlab hadis va fiqh ilmlarini o‘rganib ilmlari mukammal bo‘lishi uchun Bog‘dodga borib hanafiy mazhabining asoschisi mujtahid Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit - Imom A’zam (699-767) rohimahullohning taniqli shogirdi Imom Muxammad ibn Hasan ash-Shayboniy (vaf. m.804) rohimahullohga shogird tushgan.
Hazrat Abu Hafsi Kabir Bog‘doddan Buxoroga qaytib fiqh va hadis ilmini shu darajada rivojlantirdilarkim ularning shogirdlari yuz ming kishidan ko‘proq edi. Hazrat Abu Hafs Kabir rohimahulloh kelganlarida Buxoroda otashparastlar hali ko‘p bo‘lgan va bu zot sharofatlaridan Buxorodagi otashparastlar ham islom dinini qabul qilgan. Buxoroi Sharif shu zot barakotlari sababli Qubbatul Islom (islom dining markazi) deb ataldi. Imom Al-Buxoriydek zot shu kishidan ta’lim olganlar. Katta shogirdlari va ilmlarining merosxo‘ri buyuk olim Abu Hafsi Kabirning o‘g‘illari Abdulloh ibn Ahmad rohimahulloh (hijriy 264, m. 877 yilda vafot etgan) bo‘lib, u kishini Abu Hafsi Sag‘ir deb atashgan. Yana bir katta shogirdlari Abdulloh Supadmuniy rohimahulloh bo‘lib u kishining qabrlari ham Abu Hafs Kabir hazratlarining yonida joylashgan.
“Fatovoi Abu Hafsi Kabir”, “Kitob ul Imon”, “Al-Ahvo’ val ixtilof” (Havoyi gaplar va kelishmovchiliklar), “Ar-Raddu alal Lafziya” (Yuzaki qarovchilarga raddiya) va boshqa asarlarida Abu Hafs Kabir rohimahullohning ko‘plab fatvolari keltirilgan.
Buxorodagi ilk madrasani ham shu zot ochganlar. U kishi va shogirdlarining harakatlari bilan o‘sha davrda bir nechta masjid va madrasalar ochilgan.
X asr tarixchisi Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida: “Imom Abu Hafs Kabir o‘z davrining faqihlaridan biridir, zohid va ham olim bo‘lgan”, - deyiladi. Abdulkarim as-Sam’oniyning aytishicha, Abu Hafs Kabir ko‘pgina faqihlarni tarbiyalab, kamolga yetishtirgan.
Abu Hafs Kabirning sharofatlaridan Buxoroda fiqh shu darajada rivojlanadiki, Buxoro faqihlari islom olamining asosiy shahri Bag‘dod faqixlaridan ustun bo‘lganlar. Narshaxiyning ta’kidlashicha, odamlar Bag‘doddan qaytgan paytlarida Imom Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriydan biror masalani so‘rash uchun ham kelardilar. Imom Abu Hafs al-Kabir ulardan ajablanib so‘rardi: “Nima uchun Iroq olimlaridan so‘ramadingiz?” Unga javoban: “Ulardan so‘radik, lekin ular javob berolmadilar, Iroq olimlari “Buxoroga borib, Imom Abu Hafs al-Kabir yo o‘g‘illari Abu Hafs as-Sag‘irdan so‘ranglar, deb aytishdi”.
Abu Hafs Kabir uyi yaqinidagi yangi darvozaga kiraverishda o‘ng tomonda Qurayshiylar masjidi joylashgan bo‘lgan. Mazkur masjidni Quraysh qabilasiga mansub payg‘ambarzodalardan Muqotil ibn Sulaymon al-Qurayshiy qurgan. Bu masjidda Arabistondan Abu Hafs Kabir rohimahullohdan ta’lim olish uchun kelgan tolibi ilmlar istiqomat qilishgan va o‘qishgan.
Ziyoratgoh xalqimizning Buxoro shahridagi eng serqatnov va gavjum ziyoratgohlaridan biri sifatida e’zozlanadi, buxoroliklar mazkur mozorda dafn qilinishni o‘zlariga faxr deb bilishadi.
Kamoliddin Niyozov
Mir Arab madrasasi mudarrisi
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.