Mus’ab ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: “Molik Nabiy sollallohu alayhi vasallamni zikr qilsa rangi o‘zgarar va egilib ketar edi. Hatto bu birga o‘tiganlarga qiyinchilik tug‘dirar edi. Bir kuni buning sababini so‘rashdi. Shunda: “Agar sizlar men ko‘rgan narsani ko‘rganingizda, ko‘rib turgan narsangizda meni inkor qilmagan bo‘lar edingiz” dedi.
Men Muhammad ibn Munkadirni ko‘rganman, u qorilar sayyidi edi. Undan doim bir hadis so‘rab ulgurmasimizdan yig‘lar, hatto unga rahimimiz kelar edi.
Men Ja’far ibn Muhammad Sodiqni ko‘rganman. U hazilkash va ko‘p tabassumli edi. Agar uning oldida Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsa, rangi sarg‘ayib ketar edi.
Men uning faqat tahorat bilangina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis aytganini ko‘rganman. Men u bilan ko‘p vaqt aralashib (birga) yurdim. (Shu vaqt mobaynida) uni uchta xislat ustida ko‘rdim: yo namoz o‘qir yo sukut qilar yoki Qur’on o‘qir edi. O‘ziga aloqasi bo‘lmagan narsani gapirmas, Alloh azza va jalladan qo‘rqadigan ulamo va obidlardan edi.
Abdurrahmon ibn Qosim Nabiy sollallohu alayhi vasallamni zikr qilayotganida uning rangiga qaradim, go‘yo undan qon oqib chiqayotgandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning haybatlaridan tili og‘zida qurib qolar edi.
Men Omir ibn Abdulloh ibn Zubayrning oldiga borardim. Uning oldida Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsa, ko‘zida yosh qolmaguncha yig‘lar edi. Imom Zuhriyni ham ko‘rganman, u insonlarning eng ko‘p mehmonga taom beradigan va ularga yaqini edi. Huzurida Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsa, go‘yo u sizni tanimas va siz ham uni tanimay qolar edingiz.
Men Safvon ibn Sulaymning oldiga borar edim. U ibodatgo‘y va mujtahidlardan edi. Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallam zikr qilinsa, yig‘lar, odamlar turib, uning o‘zini qoldirib ketguncha yig‘lashdan to‘xtamas edi”.[1]
Qobilxon Axunjanov
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
[1] Tartib al-madorik. 2/51-52. Ash-Shifo. 2/597-598.
Maqolaning audio shakli
Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:
– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:
– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.
– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.
Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:
– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.
Men:
– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.
Ular:
– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.
– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.
“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.
Davron NURMUHAMMAD