Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bo‘ylari qanday edi?
U zot sollallohu alayhi vasallam novcha ham emas, pakana ham emas, o‘rta bo‘y edilar.
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam novcha ham emas, pakana ham emas edilar...”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak tana va yuzlarining rangi qanday edi?
Ranglari oq-qizil, yuzlari bug‘doyrang edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tana a’zolari qanday edi?
Tana a’zolari bir-biriga mutanosib, xushbichim, badanlari tuksiz edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak peshonalari, kipriklari, qoshlari qanday edi?
Peshonalari keng, kipriklari uzun, qoshlari qo‘shilmagan, egik edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak burunlari va soqollari qanday edi?
Burunlari biroz baland, qirrali, soqollari qalin edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak tishlari qanday edi?
Tishlari mayda, yaltiroq, oldingi tishlari bir-biridan alohida ko‘rinar edi. Agar so‘zlasalar, tishlarining oralaridan go‘yo nur kabi bir narsa chiqardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qadam tashlari qanday edi?
U zot sollallohu alayhi vasallam oldinga moyil bo‘lib yurardilar.
Abu Tufayl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim. U zot xuddi pastlikka tushayotganga o‘xshab yurar edilar”, dedi (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak yelkalari, kaftlari, qadamlari qanday edi?
Ikki yelkalarining orasi keng edi. Ikki yelkalari o‘rtasida payg‘ambarlik muhri bor. Muhri nubuvvat kaptar tuxumidek keladigan qizg‘ish go‘sht, usti tukli edi. Kaft va qadamlari to‘la, go‘shtdor edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak boshlari, yuzlari, ko‘zlari qanday edi?
Boshlari katta, yuzlari dumaloqroq, ko‘zlari qora, suyaklarining qo‘shilgan yeri yo‘g‘on edi.
Baro roziyallohu anhudan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yuzlari qilichga o‘xsharmidi?” deb so‘rashdi. Shunda Baro roziyallohu anhu: “Yo‘q. To‘lin oyga o‘xshar edi”, deb javob berdi (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘kraklari va bilaklari qanday edi?
Ko‘kraklari keng, bilaklari uzun edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak sochlari qanday edi?
Sochlari ikki quloqlarining yarmiga tushardi. Sochlarini tarab, farq ochardilar. Sochga yog‘ surtardilar.
Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Anas roziyallohu anhudan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlari qanday edi?” deb so‘radim. U: “Sochlari to‘lqin sifat: juda jingalak ham, juda yumshoq ham emas edi. Ikki quloqlari bilan yelkalari o‘rtasida turardi”, dedi (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy rahimahullohning
“Shamoili Muhammadiya” asari asosida
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Savol: Ayol kishi rukuda tizzasini bukadimi yoki erkaklar kabi tekis tutadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namoz o‘qishda, ayollar bilan erkaklarning bir nechta farqlari bo‘lib, ayollar satrliroq holda namoz o‘qishga buyurilganlar. Rukuda ham shunday, ya’ni ayollar rukuda erkaklardan farqli ravishda, tizzalarini biroz bukib ruku qiladilar.
Mashhur tobeiy Ato ibn Abu Raboh bunday deganlar:
تَجْتَمِعُ الْمَرْأَةُ إِذَا رَكَعَتْ تَرْفَعُ يَدَيْهَا إِلَى بَطْنِهَا وَتَجْتَمِعُ مَا اسْتَطَاعَت. مصنف عبدالرزاق
“Ayol kishi ruku qilganda, imkon qadar yig‘ilibroq, ikki qo‘lini qorniga yaqinlashtirib turadi” (“Musannafi Abdurrazzoq”).
“Fatavoi Olamgiriya”da bunday deyilgan:
وَالْمَرْأَةُ تَنْحَنِي فِي الرُّكُوعِ يَسِيرًا وَلَا تَعْتَمِدُ وَلَا تُفَرِّجُ أَصَابِعَهَا وَلَكِنْ تَضُمُّ يَدَيْهَا وَتَضَعُ عَلَى رُكْبَتَيْهَا وَضْعًا وَتَحْنِي رُكْبَتَيْهَا وَلَا تُجَافِي عَضُدَيْهَا .كَذَا فِي الزَّاهِدِيِّ
“Ayol kishi rukuda biroz egiladi, tizzalariga suyanmaydi, barmoqlarini ochmaydi, balki qo‘llarini birlashtirib, tizzalariga qo‘yadi va tizzalarini biroz bukadi va bilakalarini tanasidan ajratmaydi. “Zohidiy”da shunday deyilgan”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.