Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

O‘zingiz haqingizda bilasizmi?

18.03.2019   4914   8 min.
O‘zingiz haqingizda bilasizmi?

Ulamolar “Kim o‘zini tanisa, Robbisini taniydi” deyishgan. Zero, dunyoda insonning tanasidan-da mo‘jizakor xilqat yo‘q. Quyida inson tanasi haqida olimlar tomonidan aniqlangan ba’zi ma’lumotlarni taqdim etamiz. 

  • Siz shu jumlalarni o‘qiyapsiz-u, tanangizda 50 ming hujayra o‘lib, o‘rniga yangilari paydo bo‘lyapti.
  • Bitta inson miyasidan tarqaluvchi elektr signallar dunyodagi barcha mobil telefonlar tarqatadigan to‘lqinlardan ko‘proqdir.
  • Ajali yaqinlashgan odam taxminan 150 trillion ma’lumotni eslay oladi.
  • Inson tanasidagi eng kuchli muskul tilida joylashgan.
  • Odamning yuragi umri davomida o‘rtacha 182 million litr qonni haydaydi.
  • Inson tanasidagi barcha qon tomirlarining uzunligi 100 ming kilometrga yetadi.
  • Charlz Osborn degan kimsa 68 yil davomida hiqichoqdan qiynalgan.
  • O‘ng qo‘lini ishlatadiganlar chap qo‘lini ishlatadiganlardan taxminan 9 yil ko‘proq yashashlari tajribada kuzatilgan.
  • Orqasi bilan yotib uxlaydigan yagona jonzot – insondir.
  • Inson tanasida 900 dona qalam ishlab chiqarishga yetadigan uglerod, 50 litrli qozonni to‘ldirishga yetadigan suv, 7 dona sovun ishlab chiqarishga yetadigan yog‘, o‘rtacha kattalikdagi itning tanasidagi barcha burgalarni o‘ldirishga yetadigan oltingugurt bor.
  • Inson tanasidagi qon tomirlariga ega bo‘lmagan yagona a’zo – muguz parda (ko‘zning eng ustki tiniq pardasi)dir. Bu a’zo kislorodni to‘g‘ridan to‘g‘ri havodan oladi.
  • Yangi tug‘ilgan go‘dak yetti oygacha bir vaqtning o‘zida ham nafas olib, ham nafas chiqarishi mumkin.
  • 4 yoshli bolakay bir kunda o‘rtacha 450 ta savol berishi mumkin.
  • Miyaning asab pulslari soatiga 274 kilometr tezlikda harakatlanadi.
  • Insondan tashqari faqat koala ayig‘ida barmoq izlari bor.
  • Agar inson umr bo‘yi sochlarini oldirmasa, uning uzunligi o‘rtacha 725 kilometrga yetadi.
  • Ayrim egizaklarning qon tahlillari ham, qon guruhlari ham bir xil bo‘lib, ba’zan ular bir kunda vafot etishadi.
  • Inson tug‘ilganda uning miyasida taxminan 14 milliard hujayra bo‘ladi. 25 yildan keyin bu hujayralarning soni kuniga 100 mingtadan kamayib boradi. 40 yoshdan keyin bu kamayish shiddat bilan yuz berib, 50 yoshdan keyin miyaning hajmi ham qisqarib boradi.
  • Insonning og‘zida taxminan 40 mingta bakteriya bo‘ladi.
  • Ko‘zning to‘rpardasida yorug‘likni sezuvchi 137 million hujayra bor bo‘lib, bular 650 kvadrat millimetrda joylashgan. Bu hujayralarning 130 milliontasi oq-qora ranglarni ajratishga, qolgan 7 milliontasi esa boshqa ranglarni ajratishga xizmat qiladi.
  • Agar sen ko‘zlaringning har bir harakatiga mos ravishda qadam tashlab borsang, bir kunda 80 kilometr masofani bosib o‘tasan. Chunki mushaklar yordamida ko‘z kun davomida taxminan 100 ming marta harakatlanadi.
  • Inson ochlikdan ko‘ra uyqusizlikdan tezroq vafot etadi. Chunki ochlik sababli bir necha hafta yashashi mumkin, ammo uyqusizlikka o‘n kundan ortiq bardosh bera olmaydi.
  • Inson skeleti 29 ta turli birikkan yirik suyaklardan tashkil topgan.
  • Homilaning barmoq izlari tug‘ilganidan so‘ng 3 oy o‘tib shakllanadi.
  • Ayollar yuragi erkaklarnikidan ko‘ra tezroq uradi.
  • Germaniyalik olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, insonlarda yurak xuruji asosan dushanba kunida sodir bo‘lar ekan.
  • Bahor faslida insonlarning nafas olishi kuzga nisbatan ikki barobarga ortadi.
  • Inson tanasidagi issiqlikning 80 foizi bosh (burun, og‘iz, ter) orqali tashqariga chiqariladi.
  • Inson uyalganda va qattiq xijolat bo‘lganda (yolg‘oni fosh bo‘lganda) yuzi qizaradi. Olimlarning aniqlashicha, xuddi shu payt oshqozon ham qizaradi.
  • Inson chanqoqlikni his qilishi uchun tanadagi suvning 1 foizga kamayishi kifoya. Agar tanadagi suv 5 foizga kamaysa, holsizlik tufayli hushdan ketish mumkin. Bordiyu suv miqdori 10 foizga kamaysa, tana suvsizlikdan quriydi. Bu esa halokatga olib keladi.
  • Inson tanasi kamida 700 xil foydali ferment ishlab chiqarish xususiyatiga ega.
  • Inson tanasidagi ba’zi suyaklar (son suyagi) po‘latdan 5 marta mustahkamroqdir.
  • Aksariyat insonlar ko‘rgan tushining yarmidan ko‘prog‘ini uyg‘onganda unutib yuboradi.
  • Inson tanasiga tushadigan zararli bakteriyalarning eng kam miqdori ham kasal bo‘lishga kifoya qiladi.
  • Inson tanasida o‘zini qayta tiklamaydigan va tuzalishi murakkab bo‘lgan a’zo – tishlaridir.
  • Inson uxlashi uchun odatda yetti daqiqa yetarlidir.
  • Chapaqaylar aksariyat ishlar kabi taom chaynashni ham chap jag‘lari bilan amalga oshiradilar.
  • Dunyo aholisining taxminan 7 foizi chapaqaylardir.
  • Olimlarning ta’kidlashicha, olma va banan mevalarini hidlash ham inson vaznining kamayishiga hissa qo‘shar ekan.
  • Dunyodagi barcha jonzotlar orasida faqat insongina to‘g‘ri geometrik chiziq chiza oladi.
  • Inson tanasidagi bakteriyalarning umumiy vazni 2 kilogramni tashkil etadi.
  • Inson tanasidagi kalsiy miqdorining 99 foizi tishlarga tegishli.
  • Inson lablarining sezuvchanligi barmoqlar sezgirligidan 100 marta kuchliroqdir.
  • Odamdagi jag‘ muskullarining har biri 195 kilogramgacha og‘irlikni ko‘tara oladi.
  • Inson tanasidagi temir moddasi to‘plansa, bir dona mix ishlab chiqarishga yetadi.
  • Inson organizmida shamollashga olib boruvchi 100 ga yaqin viruslar mavjud.
  • Inson tanasi hayoti davomida taxminan 1000 marta to‘liq yangilanadi.
  • Kuniga bir dona sigaret chekadigan odamning zaxarlanishi bir yil davomida yarim kosa smola (neft) ichgan bilan teng.
  • Inson kun davomida kamida 23 marta chuqur nafas oladi.
  • Ayollar erkaklarga nisbatan ikki marta ko‘proq kiprik qoqadi.
  • Inson, ko‘zi ochiq holatda aksa urolmaydi.
  • Insonning qo‘lidagi tirnoqlari oyog‘idagi tirnoqlariga qaraganda to‘rt marotaba tezroq o‘sadi.
  • Inson miyasida har soniyada taxminan 100 ming kimyoviy hodisa sodir bo‘lar ekan.
  • Ko‘zlari ko‘k bo‘lgan insonlar og‘riqni boshqalardan ko‘ra ko‘proq his etadi.
  • Odam o‘pkasining yoyilgan shakli tennis maydoniga teng kelar ekan.
  • Qondagi oq qon tanachalari har 2-4 kunda yangilanib boradi. Qizil qon tanachalarining umri esa 3-4 oyni tashkil etadi.
  • Inson yuragining hajmi o‘zining qo‘l mushti hajmiga teng. Vazni esa 220-260 grammni tashkil etadi (yoshi kattalarda).
  • Yangi tug‘ilgan chaqaloqning suyaklari taxminan 300 tani tashkil etadi. Ulg‘ayish jarayonida esa suyaklar birikib, 206 taga kamayadi.
  • O‘ng o‘pka chap o‘pkaga nisbatan havoni ko‘proq qabul qiladi.
  • Spermatozoidlar (maniy) erkak tanasidagi eng kichik hujayralardir.
  • Insonda 2000 dan ortiq ta’m bilish retseptorlari mavjud.
  • Odamning ko‘zlari taxminan million xil rangni ajratish xususiyatiga ega.
  • Yurak qonni tomirlar orqali tanaga haydaydigan kuchning tezligi to‘rt qavatli binoning balandligiga tengdir.
  • Uxlayotganingizda tanangiz sarflagan kaloriya televizor ko‘rganingizdagidan ko‘proqni tashkil etadi.
  • Bolalarning ulg‘ayishi bahor faslida boshqa fasllardagiga nisbatan tezlashadi.
  • Tabassum qilayotganingizda yuz va boshingizdagi 17 ta mushak faol harakat qiladi. Qovog‘ingizni uyganingizda esa 43 ta mushaklaringiz majburiy harakatlanadi.
  • Odam oltmish yoshida ta’m bilish xususiyatining 50 foizini yo‘qotadi.
  • Olimlarning ta’kidlashicha, yer yuzida 1 foiz odamlargina ultrabinafsha va infraqizil nurlarni ko‘ra oladi.
  • Inson kislorod yetishmasligidan emas, balki karbonat angidridning tanada ortib ketishidan halok bo‘ladi.
  • Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, har ikki milliard insondan bittasi 116 yil yashar ekan.
  • Har bir odam kun davomida o‘rtacha 4 ming 800 ta so‘z talaffuz qiladi.
  • Odamning ko‘zlari tug‘ilganidan to vafot etgunicha bir xil hajmda bo‘ladi. Burun va quloq esa umri davomida o‘sishdan to‘xtamaydi.
  • Odamning tanasi kechqurungiga nisbatan ertalab 8 millimetr uzunroq bo‘ladi. Sababi inson uxlaganda tanasidagi umurtqa va mushaklar yoyiladi.
  • Odam yo‘talayotganda bo‘g‘zidan chiqayotgan havoning tezligi soatiga 96 kilometrga yetadi.

 

Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Iminjonov,

Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Narxni Alloh belgilaydi

18.06.2025   865   6 min.
Narxni Alloh belgilaydi

Mazkur maqolada islom fiqhi nuqtayi nazaridan bozordagi narxlarni sun’iy ravishda belgillash, tovarlarni ushlab turish orqali narxni ko‘tarish (ihtikor) amaliyoti shariatda qanday baholanishiga oid masalalar tahlil qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari va sahobalar rivoyatlari asosida narx belgilash va ehtikorning shariatdagi hukmi, ijtimoiy oqibatlari hamda zamonaviy xatarlari ochib berilgan.

Islom iqtisodiy tizimi adolat, o‘zaro rozilik va zulmsiz muomala asosiga qurilgan. Bozor iqtisodiyotida muhim tushunchalardan biri – narx belgilash huquqidir. Shariatda bu masala shunchaki iqtisodiy vosita emas, balki axloqiy va ilohiy qoida bilan chambarchas bog‘langan. Narxni sun’iy ravishda chegaralash yoki tijorat molini ushlab turib narxni ko‘tarish – shariatda qoralangan ishlardan hisoblanadi. Bu maqolada mazkur holatlarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning munosabati, ulamolar fatvolari va ijtimoiy oqibatlari tahlil etiladi.

«Narxni chegaralash» deganda mas’ul shaxs yoki taraf tomonidan narxni chegaralab qo‘yish tushuniladi.

«Ihtikor» deganda esa, turli yo‘llar bilan bir xil savdo molini egallab olib narxni oshirishga urinish aytiladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Odamlar: "Yo Allohning Rasuli, narx ko‘tarilib ketdi bizga narxni belgilab bering" deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, Allohning o‘zi narxni belgilovchi, tutuvchi, keng qiluvchi va rizq beruvchidir. Men esa sizdan birortangiz ham mendan na qon va na molda zulm, da’vo qilmaganingiz holimda Allohga ro‘baro bo‘lishni xohlayman" dedilar (Sunan egalari rivoyat qildilar).

Qimmatchilik ko‘pchilikni tashvishga solib qo‘yadi. Chunki bu holat barchaga zarar keltirayotgan bo‘lib ko‘rinadi. Hamma bu holatdan chiqish yo‘lini istaydi. Eng oson, eng sodda va hammaga «yalt» etib ko‘rinadigan chora bozorda narxni chegaralab qo‘yish bo‘lib, ko‘rinadi. Nima uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu ishni qilmadilar? Hatto ba’zi sahobalar bu taklifni qilganlarida ham ma’qul ko‘rmadilar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech bir narsaga yuzaki qaramasdilar.

Narxni chegaralash vaqtincha foyda bergani bilan aldamchilikdir, keyin esa zarar bo‘lishi turgan gap. So‘ngra tojirlar o‘z faoliyatlarini to‘xtatadilar. Bu hol esa el yurtga boshqa tomondan rizq kelishini ma’n qiladi. Shuning uchun ham qanchadan-qancha boy davlatlar xonavayron bo‘ladi. Faqirilk va miskinlikka ro‘baro‘ bo‘ladi.

Sotuvchi o‘z molini o‘z ixtiyori ila o‘zi xohlagan narxda sotsa, yaxshi bo‘ladi. Oluvchi o‘z ixtiyori ila o‘zi rozi bo‘lib, xohlagan narxga olsa, yaxshi bo‘ladi. Muhimi, o‘zaro rozilik bo‘lishi kerak.

Yaxshi va sifatli narsaning narxi baland bo‘ladi. Yomon va sifatsiz narsaning narxi esa past bo‘ladi. Hammasi bozor ko‘tarishiga qarab bo‘ladi. Shuning uchun ham har bir kishi bozor yaxshi ko‘taradigan molni yetishtirishga, olib kelishga qiziqadi. Hamma shunga uringandan keyin yurtda doimiy va haqiqiy serobchilik, arzonchilik hukm suradigan bo‘ladi.

Muammar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim ehtikor qilsa, o‘sha xatokordir", dedilar (Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

«Ihtikor» lug‘atda ushlab turish ma’nosini anglatadi. Shariatda esa sotib olingan narsani narxini oshirish uchun qasddan sotmay ushlab turishga «ihtikor» deb aytiladi.

Ulamolarimiz xalq ommasining ehtiyoji ko‘proq tushadigan narsalar, xususan, oziq-ovqatning ehtikoriga alohida, boshqa narsaning ehtikoriga alohida qaraganlar.

Birinchisi mutloq mumkin emas desalar, ikkinchisini qimmatchilik vaqtida mumkin emas deganlar. Ihtikor haqida juda ko‘p hadislar rivoyat qilingan.

Abdulloh ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim taomni 40 kecha ehtikor qilsa, batahqiq u Allohdan voz kechgan va Alloh undan voz kechgan bo‘ladi. Qaysi yurtning ahlidan bir kishi och yotgan bo‘lsa, batahqiq, ular Allohning zimmasidan tushgan bo‘lurlar", deganlar.

Ba’zilar shu hadisga suyanib ehtikor faqat taomda bo‘ladi deydilar. Lekin jumhur ulamolar ehtikor haqida hadislar ko‘p, shuning uchun bu hadis asos bo‘la olmaydi deydilar.

Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Jalb qiluvchi rizqlantirilgandir, ehtikorchi esa la’natlangandir", deganlar.

«Jalb qiluvchi» boshqa yurtdan o‘z yurtiga kerakli narsalarni olib kelib sotuvchidir. Demak, bu ish, yaxshi ishdir. Kim bu ishni qilsa rizqi ulug‘ bo‘ladi. Ammo o‘z yurti bozorida eng kerakli narsalarni sotib olib, ushlab turib, sun’iy ravishda narxni ko‘taruvchilar la’natlangandur. Chunki unga xalq muhtoj bo‘lib turgandi, u esa ishlab chiqarmay, boshqa yurtdan olib kelmay foyda topishga uringan xaromxo‘r kimsadir.

Imom Ahmad Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulomonlarning narxlariga kirishib, ularga qimmatchilik keltirish uchun harakat qilsa, Alloh uchun uni qiyomat kuni katta olovga o‘tkazmog‘i haq bo‘ladi", deganlar.

Demak, ehtikorchi bu dunyoda ham, u dunyoda ham qattiq azob-uqubatlarga duchor bo‘ladi.

Ashurov Mahmudxon Muhammad G‘ulom


Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Qur’oni Karim. – Toshkent: Hilol nashriyoti, 2018.
  2. Imom Muslim. Sahihi Muslim. – Qohira: Darul-Hadis, 2007.
  3. Imom Ahmad. Musnad. – Bayrut: Muassasatur-Risola, 1995.
  4. Abu Dovud. Sunan. – Bayrut: Darul-Maorif, 2003.
  5. At-Termiziy. Sunan. – Bayrut: Darul-G‘arb al-Islomiy, 1996.
  6. Abu Homid al-G‘azzoliy. Ihyo Ulumiddin. – Qohira: Darul-Qalam, 1993.
  7. Tabaroniy. Mu’jam al-Kabir. – Bayrut: Darul-Fikr, 1984.