2019 yil 15 mart kuni bir guruh terrorchilar Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi “al-Nur” va “Linvud” masjidlarida juma namozidan so‘ng bostirib kirib, namozxonlarni o‘qqa tutishi oqibatida 50 dan ziyod kishi halok bo‘ldi, 49 nafar kishi yaralandi. Mazkur mudhish voqea dunyodagi barcha mo‘min-musulmonlarni chuqur qayg‘uga soldi.
Butun dunyo mo‘min-musulmonlari, ulamolari, din va davlat arboblari ushbu uyushtirilgan terrorchilik oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardliklar bildirmoqdalar.
Shu munosabat bilan Yangi Zelandiyadagi “al-Nur” va “Linvud” masjidlarida terrorchilik oqibatida halok bo‘lganlarning haqqiga shu yil 17 mart kuni yurtimizdagi barcha jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng Qur’oni karim tilovatlari va duolar qilindi. Shuningdek, diniy ta’lim muassasalarida xatmi Qur’onlar o‘tkazilib, halok bo‘lganlarning ruhi-pokiga bag‘shida etildi.
Terror oqibatida vafot etib, rahmati Rahmonga erishganlarga, Janobi Haqdan rahmatlar, musibatli xonadon ahllariga sabru jamiyl tilab qolamiz. Jarohat olganlarning tez fursatlarda shifo topishlarini istaymiz.
Alloh taolo hech bir o‘lkaga va xalqning boshiga bunday og‘ir musibat solmasin va chuqur qayg‘u-alamli hodisalarni ko‘rsatmasin. Janobi Haqdan yurtlarimizni terror balosidan, samoviy va aroziy balo-ofatlardan O‘z hifzu himoyasida asrashini so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV