Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

22.03.2019 y. Tejamkorlik – yarim rizq

15.03.2019   5589   13 min.
22.03.2019 y. Tejamkorlik – yarim rizq

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الذِّي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَاماً"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي قَالَ: "مَا عَالَ مَنْ اِقْتَصَدَ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أَمَّا بَعْدُ

TЕJAMKORLIK – YARIM RIZQ

                   (2019 yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”)

Muhtaram jamoat! Islom dini musulmonlarga rizqlarini halol mehnat qilib topishga va oila ahllarini nafaqa bilan ta’minlashga targ‘ib etgandir. Shunga binoan, har bir musulmon kishi o‘zi uchun munosib kasb tanlashi va shu kasbi orqali rizqini istamoqligi lozim. Bir kuni sahobalardan biri Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan: Yo Rasululloh! Eng halol kasb qaysi? – deb so‘radi. On Hazrat: “Kishi o‘z qo‘l mehnati bilan qilgan amali va halol savdodir”, deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyati). Boshqa bir hadislarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

لأَنْ يَأْخُذَ أَحَدُكُمْ حَبْلَهُ فَيَأْتِيَ الْجَبَلَ بِحُزْمَةٍ مِنْ حَطَبٍ عَلَى ظَهْرِهِ ، فَيَبِيعُهَا فَيَسْتَغْنِي بِهَا خَيْرٌ لَهُ مِنْ أَنْ يَسْأَلَ النَّاسَ أَعْطَوْهُ أَوْ مَنَعُوهُ 

(رواه الْاِمَامُ البخاري)

ya’ni: “Birortangiz arqonini olib, tog‘u-toshdan bir bog‘ o‘tin terib kelib, uni sotib, shuning puli bilan kifoyalanishi odamlardan tilanib, ular unga yo berib, yoki bermaganlaridan ko‘ra yaxshiroqdir”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Dinimizda halol kasb qilib oila boqish eng katta savobli amal darajasiga ko‘tarilgan. Bu haqda quyidagi hadisda shunday deyilgan:

روى كعبُ بنُ عجرةٍ رضي الله عنه قال: مرَّ رجلٌ على النبيِّ صلى الله عليه وسلم ، فرأى أصحابُ رسولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم من جَلَدِهِ ونشاطِه ما رأوا، فقالوا: يا رسولَ اللهِ لو كانَ هذا في سبيلِ اللهِ؟ فقالَ رسولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم:  إنْ كانَ خَرَجَ يَسْعَى على وُلْدِهِ صِغاراً فَهُوَ في سَبِيل اللَّهِ وإنْ كانَ خَرَجَ يَسْعَى على أبوَيْنِ شَيْخَيْنِ كَبِيرَيْنِ فَهُوَ في سَبِيلِ اللَّهِ وإنْ كانَ خَرَجَ يَسْعَى على نَفْسِهِ يُعِفُّها فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللَّهِ وإنْ كانَ خَرَجَ يَسْعَى رِياءً وَمُفاخَرَةً فَهُوَ في سَبِيلِ الشَّيْطانِ

(رواه الْاِمَامُ الطبرانيُ)

ya’ni: Ka’b ibn Ujra raziyallohu anhu aytadilar: Bir yigit Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning oldilaridan o‘tdi. Uning kuchini va g‘ayratini ko‘rgan sahobalar: Yo Rasululloh! Qani endi bu kuch va g‘ayrat Alloh yo‘lida bo‘lsa edi? – deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar u yosh bolalarini deb ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, demak u Alloh yo‘lida, agar qariya ota-onasini deb ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, demak u Alloh yo‘lida, agar u o‘zining iffatini saqlash uchun chiqqan bo‘lsa ham, u Alloh yo‘lida. Ammo, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, maqtanish uchun chiqqan bo‘lsa, u holda shayton yo‘lida bo‘ladi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Muhtaram azizlar! Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَابْتَغِ فِيمَا آَتَاكَ اللَّهُ الدَّارَ الْآَخِرَةَ وَلَا تَنْسَ نَصِيبَكَ مِنَ الدُّنْيَا وَأَحْسِنْ كَمَا أَحْسَنَ اللَّهُ إِلَيْكَ وَلَا تَبْغِ الْفَسَادَ فِي الْأَرْضِ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُفْسِدِينَ

ya’ni: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas”, (Qasas surasi, 77-oyat).

Insonlar rizq topish va kasb qilish borasida bir necha toifaga bo‘linadilar. Masalan, bir toifa insonlar rizq topish uchun kasb qilish o‘rniga odamlardan tilanib kun ko‘rishni, tilanchilikni o‘zlari uchun tirikchilik manbaiga aylantirib olganlar. Dinimiz tilanchilik qilishdan qaytargan bo‘lib, bu borada yuqoridagi hadis vorid bo‘lgan. Boshqa bir hadisda aytilishicha, ansoriylardan bir kishi Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning oldilariga tilanchilik qilib keladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam undan: “Uyingda biror narsang bormi?” deb so‘radilar. U: Ha, ostimizga solib o‘tiradigan bo‘yra va suv ichadigan xumchamiz bor, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ularni olib kel”, dedilar. Olib kelgach, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularni qo‘llariga olib: “Bu ikkisini kim sotib oladi?”, deb so‘radilar. Bir kishi: Men bir dirhamga olaman, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bir dirhamdan ko‘proq beradi?”, deb ikki-uch marta takrorladilar. Boshqa bir kishi: Men ikki dirhamga sotib olaman, dedi. Rasululloh ikki dirhamga sotib, pulni ansoriyga berdilar va: “Bir dirhamiga oilangga taom sotib ol, ikkinchisiga esa, bolta sotib olib oldimga kelgin”, dedilar. Boltani sotib olib kelgach, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga yog‘ochdan sop yasab berdilar va: “Endi borib o‘tin terib sotgin va o‘n besh kun menning ko‘zimga ko‘rinma”, dedilar. O‘n besh kun o‘tin terib, sotib o‘n dirham daromad qildi. Unga kiyim-kechak va taom sotib oldi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga: “Mana bu ishing qiyomat kuni yuzingda tilanchilikning asaridan dog‘ paydo bo‘lishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Tilanchilik faqat uch kishiga mumkin: o‘ta qashshoq kishiga, nochor qarzdor kishiga va zimmasida tovon to‘lash majburiyati bo‘lgan kishiga” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Ikkinchi toifa kishilar kasb qilish, rizq topish ekan deb halolidan haromini farq qilmaydilar. Bunday kishilar oxir-oqibat qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lib, hasratu nadomatda qolishlari aniq. Chunki, haromdan topilgan molda baraka bo‘lmaydi, ehson qilgan bilan qabul bo‘lmaydi, duo qilsa duosi ijobat bo‘lmaydi. Ulamolardan birlari shunday degan:

لَوْ قُمْتَ فِي العِبَادَةِ قِيَامَ السَّارِيَةِ مَا نَفَعَكَ حَتَّى تَنْظُرَ مَا يَدْخُلُ بَطْنَكَ

ya’ni: “Garchi ibodat vaqtida ustundek qotib tursangda, to qorningga kirayotgan luqmangga e’tibor bermaguningcha ibodatingdan foyda yo‘q”.

Uchinchi toifa kishilar kasb qilishda halol yo‘lni tutadilar va topayotgan molu davlatlarida Allohning haqqini ham ado etadilar.

Muhtaram birodarlar! Insonning qilayotgan halol kasbi garchi odamlarning nazarida haqir, birovlar mensimaydigan darajada bo‘lsada, o‘zgalardan tilanib, boshqalarga boqimanda bo‘lishdan yaxshiroqdir. Zero, inson o‘zgalarga qaram bo‘lmaslik bilan o‘z or-nomusini asraydi. Umar ibn Xattob raziyallohu anhu aytadilar:

مَكْسَبَةٌ فِيهَا دَنَاءَةٌ خَيْرٌ مِن سُؤالِ النَّاسِ، وَإني لَأرَى الرَّجُلَ فيُعْجِبُنيِ شَكْلُهُ، فَإذَا سَأَلْتُ عَنهُ فَقِيْلَ لِي: لاَ عَمَلَ لَهُ، سَقَطَ مِنْ عَيْنِي

(رواه الْاِمَامُ ابن عبد البر في التمهيد)

ya’ni: “Eng past kasbni qilish ham odamlardan tilanchilik qilib yurishdan yaxshiroqdir. Men bir odamni ko‘rib, uning ko‘rinishiga havasim kelsa, uning nima kasb qilishini so‘rayman. Shunda menga: U ishlamaydi, deb aytishsa, nazarimdan qoladi”  (Imom Ibn Abdulbar rivoyati).

Inson kasb qilar ekan, topgan molu davlatini tejab, iqtisod qilib sarflashni ham bilishi lozim. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"مَا عَالَ مُقْتَصِدٌ قَطُّ"

(رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ وَالْاِمَامُ الدَّرَاقُطْنِيُّ)

ya’ni: (Nafaqada) o‘rtacha bo‘lgan kishi hech ham kambag‘al bo‘lmaydi” deganlar (Imom Tabaroniy va Imom Doraqutniy rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan marfu’ hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

عَن ابنِ مَسْعُودٍ مَرْفُوعًا:"لَا يَعِيلُ أَحَدٌ عَلَى قَصْدٍ وَلَا يَبْقَى عَلَى سَرَفٍ كَثِيرٌ 

(رواه الْاِمَامُ أبو الشيخ الاصبهاني)

ya’ni: “Iqtisod qilgan kimsa faqirlik ko‘rmas, isrof qilish bilan ko‘p mol ham qolmas”, – deganlar (Imom Abu Shayx Asbahoniy rivoyati) .

         Abdulmalik ibn Marvon qizi Fotimani Umar ibn Abdulazizga nikohlab berayotganida: Qizimga qancha nafaqa berasan? – deb so‘radi. Shunda Umar ibn Abdulaziz: Ikki gunohning o‘rtasidagi savobni, deb javob berdi va quyidagi oyatni o‘qidi:

وَالَّذِينَ إِذَا أَنفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَٰلِكَ قَوَامًا

ya’ni: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).

Demak, barcha sohalarda bo‘lgani kabi iqtisodiy jabhada ham mo‘tadillikka rioya qilish kerak bo‘ladi.

ILOVA: Dafnga oid ba’zi masalalar haqida

  • Mayyitni dafn qilish farzi kifoyadir. Qabrni lahad shaklida kavlanishi sunnatdir. Ya’ni, insonning gavdasi bo‘yicha chuqur kavlab tushilgandan keyin qibla tomondan lahad kavlanadi. Uning chuqurligi ko‘krak barobaricha bo‘lishi kerak. Agar undan chuqurroq bo‘lsa, yanada yaxshi. Eni yarim qomat, ya’ni bir metrga yaqin, uzunligi esa mayyitning qomati barobaricha bo‘lishi lozim. (“Olamgiriya”, “Muhit”).
    • Agar qabrni lahad shaklida kovlashga yerning yumshoqligi yoki qumli tuproq ekani sababli imkon bo‘lmasa, “shaqq” ko‘rinishida, ya’ni yorma go‘r kavlab, dafn etish ham mumkin. Bunda ariq qazigandek yer ochiladi va ikki yoni xom g‘ishtlar bilan urib chiqiladi. Mayyit qo‘yilgach, ustiga tegmaydigan qilib yog‘och, taxta yoki shox-shabbalardan “shift” yasab, ustidan tuproq tortiladi. Shayx Abu Bakr Muhammad ibn Fazl rahmatullohi alayhning bergan fatvolariga ko‘ra, ba’zi yumshoq tuproqli yerlarda lahad yoki yorma qabr kovlashning imkoni bo‘lmagani uchun nimadan bo‘lsa ham tobut (quti, sandiq) yasab, mayyitni unga solib ko‘mish mumkin. Agar temirdan yasalsa, uning ichiga avval tuproq to‘shaladi, ustki qismi yorma qabr usti kabi yopib, loy bilan suvab qo‘yiladi. Mayyitning o‘ng va chap tomonlariga xom g‘isht teriladi. Shunday qilinsa, lahadga o‘xshatilgan bo‘ladi. Lahadga pishiq g‘isht ishlatish makruhdir (“Olamgiriya”, “Qozixon”).
    • Ayol kishi jasadini lahadga qo‘yishga hammadan ko‘ra uning mahramlari haqliroqdir. Ulardan keyin mahram bo‘lmagan qarindoshlari avlodir. Agar ulardan hech kim bo‘lmasa yoki qo‘yishni uddalay olmasa, begonalar qo‘yishi joiz bo‘ladi. (“Olamgiriya”, “al-Bahrur-roiq”).
    • Qabr ustiga turli ramziy imorat qurish, o‘tirish, uxlash, bosib yurish, tahorat ushatish, ko‘karib turgan giyohlarni yulish yoki chorva mollarini o‘tlatish makruh ishlardan sanaladi. Maqbara tiklash, qabr toshi qo‘yib, unga yozuvlar bitish masalasidagi ulamolarning ixtilofi asosan, oddiy musulmonlarning qabrlari to‘g‘risida bo‘lgan. Ammo mashhur aziz-avliyolar, dunyoga tanilgan olimu ulamolarning qabrlari esa, ziyoratchilar ruhiy taassurot olsin, keyingi avlod uchun ularning mozorlari ibrat manbai bo‘lsin, degan ezgu maqsadda o‘zlari vasiyat qilmagan va xohlamagan bo‘lsalar-da, boshqalar tomonidan tiklansa, obod qilinsa, zarari yo‘q, balki ko‘p manfaatli jihatlari borligi uchun ruxsat berilgan.
    • Tobutni yerga qo‘yishdan oldin o‘tirib olish makruh hisoblanadi.
    • Dafn marosimidan keyin darhol tarqab ketmay, bir oz vaqt (ya’ni, tuya so‘yilib, go‘shti taqsimlanadigan miqdorcha) duo, Qur’on tilovati bilan o‘tirish mustahab amallardandir (“Olamgiriya”).

ILOVA: O‘tgan haftada “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan “Xadichai Kubro” ayol-qizlar madrasasining 10 nafar talaba qizlariga 27 000 000 (yigirma yetti million) so‘m o‘quv shartnoma puli va 17 000 000 (o‘n yetti million) so‘mlik diniy-ma’rifiy kitoblar va audio disklar, ayollar kiyimi uchun gazlamalar, shuningdek, Gemotologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida oq qon (leykoz) bemorligidan davolanayotgan 39 nafar bemorga 1 000 000 (bir million) so‘mdan jami 39 000 000 (o‘ttiz to‘qqiz million) so‘m, jami 83 000 000 (sakson uch million) so‘m miqdorida xayriya qilindi.

Alloh taolo barchamizni haloldan kasb qilib, haromdan hazar qilishga, oziga qanoat qilib, ko‘pini o‘zgalar bilan baham ko‘rishga muyassar qilsin!  

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “JINOYATLARNING ASOSI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz. 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   5726   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.