Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki g‘usl qilib, pokiza kiyim kiysa va mushk bilan xushbo‘ylansa, masjidga shoshmasdan borsa va imom ma’ruzasini bo‘lmasdan eshitsa va namoz o‘qisa u kishi uyga o‘tgan jumadan beri qilgan gunohlaridan forig‘ bo‘lgan holda qaytadi”, dedilar.
“Astag‘firulloh allaziy la ilaha illa huval hayyul qoyyum va atubu ilayh”
“Hay va qayyum sifatiga ega bo‘lgan Allohdan boshqa iloh yo‘q. Unga istig‘for aytib, Unga tavba qilaman”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma kuni ertalabki namozdan oldin: “Astag‘firullohallaziy la ilaha illa huval hayyul qoyyum va atubu ilayh”, deb uch marta aytsa, Alloh taolo uning gunohlarini dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham, kechirib yuboradi», dedilar (Ibn Sunniy rivoyati).
Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki juma kuni g‘usl qilib, masjidga yayov borsa, juma xutbasini chalg‘imasdan eshitsa va namoz o‘qisa, masjidga sari bosib o‘tgan har bir qadami uchun bir yillik (nafl) ro‘za va (nafl) tungi namozning ajri beriladi”, dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni masjidga kirsalar, eshikning kesakisidan ushlab:
“Allohummaj’alniy avjaha man tavajjaha ilayka va aqroba man taqorroba ilayka va afzola man sa’alaka va rog‘iba ilayk”
“Yo Allohim, meni o‘zingga yuzlanuvchilarning yuzlanuvchirog‘i, yaqin bo‘lguvchilarning yaqinrog‘i, so‘rovchi va rag‘bat etguvchilarning afzalrog‘i qil”, deb aytar edilar» (Imom Ibn Sunniy rivoyati).
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu: “U soat imom minbarga o‘tirishidan namozini tugatgungacha bo‘lgan vaqt”, degan (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlar qatorida bizni, ahli-ayolimiz, farzandlarimizni ham juma kunining fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin.
Davron NURMUHAMMAD
HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
HADIS SHARHI
Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.
HAROM OYLARI TO‘RTTADIR
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).
BU OYDA RASULULLOH ﷺ QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?
Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.
RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI
Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.
BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI
06 yanvar – dushanba
Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12
QANDAY NIYAT QILINADI?
Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.
Davron NURMUHAMMAD