Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

G‘aflatda qolmang! juma kuni bajariladigan 12 amal

14.03.2019   9714   5 min.
G‘aflatda qolmang! juma kuni bajariladigan 12 amal
  1. G‘usl qilish, xushbo‘ylanish, eng chiroyli liboslarni kiyish.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki g‘usl qilib, pokiza kiyim kiysa va mushk bilan xushbo‘ylansa, masjidga shoshmasdan borsa va imom ma’ruzasini bo‘lmasdan eshitsa va namoz o‘qisa u kishi uyga o‘tgan jumadan beri qilgan gunohlaridan forig‘ bo‘lgan holda qaytadi”, dedilar. 

  1. Tongda ushbu duoni o‘qish:

“Astag‘firulloh allaziy la ilaha illa huval hayyul qoyyum va atubu ilayh”

“Hay va qayyum sifatiga ega bo‘lgan Allohdan boshqa iloh yo‘q. Unga istig‘for aytib, Unga tavba qilaman”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma kuni ertalabki namozdan oldin: “Astag‘firullohallaziy la ilaha illa huval hayyul qoyyum va atubu ilayh”, deb uch marta aytsa, Alloh taolo uning gunohlarini dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham, kechirib yuboradi», dedilar (Ibn Sunniy rivoyati). 

  1. Masjidga ertaroq, piyoda yurib borish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim juma kuni g‘usl qilib, masjidga erta borsa, bitta tuya so‘ygandek bo‘ladi. Kim ikkinchi vaqtda borsa, xuddi bitta sigir so‘ygandek, kim uchinchi vaqtda borsa, xuddi bitta shoxdor qo‘chqor so‘ygandek, kim to‘rtinchi vaqtda borsa, xuddi bitta tovuq so‘ygandek, kim beshinchi vaqtda borsa, xuddi bir tuxum atagandek bo‘ladi. Imom (minbarga) chiqqanda esa farishtalar xutbani eshitishga hozir bo‘ladilar”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).

Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki juma kuni g‘usl qilib, masjidga yayov borsa, juma xutbasini chalg‘imasdan eshitsa va namoz o‘qisa, masjidga sari bosib o‘tgan har bir qadami uchun bir yillik (nafl) ro‘za va (nafl) tungi namozning ajri beriladi”, dedilar. 

  1. Masjidga kirishda ushbu duoni o‘qish:

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni masjidga kirsalar, eshikning kesakisidan ushlab:

“Allohummaj’alniy avjaha man tavajjaha ilayka va aqroba man taqorroba ilayka va afzola man sa’alaka va rog‘iba ilayk”

“Yo Allohim, meni o‘zingga yuzlanuvchilarning yuzlanuvchirog‘i, yaqin bo‘lguvchilarning yaqinrog‘i, so‘rovchi va rag‘bat etguvchilarning afzalrog‘i qil”, deb aytar edilar» (Imom Ibn Sunniy rivoyati). 

  1. Juma kechasi va kunduzi Kahf surasini o‘qish. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Kahf surasini juma kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi”, deganlar. 
  1. Ko‘p duo qilish. Chunki juma kunida bir soat borki, unda duolar ijobat bo‘ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom juma kunini zikr qilaturib: “Unda bir soat bor. Bir musulmon banda namozda qoim bo‘lsa va bu (ibodati) ana shu paytga to‘g‘ri kelib qolsa, Alloh unga so‘ragan narsasini beradi”, dedilar va u fursat juda oz ekanini qo‘llari bilan ko‘rsatdilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu: “U soat imom minbarga o‘tirishidan namozini tugatgungacha bo‘lgan vaqt”, degan (Imom Muslim rivoyati). 

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish. Avs ibn Avs Saqafiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kunlaringizning eng yaxshisi juma kunidir. Ana shu kunda menga salavotni ko‘paytiringlar. Chunki menga shu kuni salavotlaringiz ko‘rsatiladi”, dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Rasululloh, sizning suyaklaringiz chirib ketsa, qanday qilib ko‘rsatiladi?” deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo payg‘ambarlarning jasadlarini yeyishni yerga harom qildi”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja rivoyati). 
  1. Ixlos, Falaq va Nas suralarini o‘qish. Onamiz Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma namozidan keyin “Qul huvallohu ahad”, “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas” suralarini yetti marta o‘qisa, Alloh taolo uni keyingi jumagacha yomonlikdan saqlaydi», dedilar. (Ibn Sunniy rivoyati). 
  1. Juma namozidan keyin Allohni ko‘p zikr qilish. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Endi qachon namoz ado qilingach, yer-yuziga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringlar. Allohni ko‘p zikr qilinglarki, shoyad najot topursizlar” (Jum’a surasi, 10-oyat).

Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlar qatorida bizni, ahli-ayolimiz, farzandlarimizni ham juma kunining fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin. 

 

Davron NURMUHAMMAD 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Odamlar dardiga darmon bo‘lib...

25.12.2024   1254   1 min.
Odamlar dardiga darmon bo‘lib...

Kecha, 24 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov raisligida Zangiota tumanidagi «Eshonguzar» jome masjidida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
 

Tadbirda O‘MI Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, bosh imom o‘rinbosarlari, Zangiota tumanidagi masjidlar imomlari, hududlardagi hoji otalar, hoji onalar ishtirok etdi.


Yig‘ilishdan so‘ng tumandagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga kirilib, ularga zarur ko‘maklar ko‘rsatildi.


Shuningdek, arzimas sabablar bilan nizolashgan oilalar, kelin-kuyovlar kayvoni hoji otanlar, hoji onalar ko‘magida yarashtirildi.


Tumandagi 21 ta masjid imom-xatiblari hojilar bilan birga bilib-bilmay aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan yoshlar bilan ham suhbatlar olib borishdi. Ularga Imom Moturidiy rahimahullohning ta’limoti tushuntirildi.


Bir kunning o‘zida o‘nlab oilalarga kirib, ko‘ngli o‘ksiklar holidan xabar olish, yosh oilalarni yarashtirish, adashgan insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish – savobi ulug‘ amal. Zero, hadisi sharifda Nabiyyi muhtaram alayhissalom: «Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni ketkazsa, Alloh taolo undan Qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini ketkizadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh  uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati 

Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib... Odamlar dardiga darmon bo‘lib...
O'zbekiston yangiliklari