Kuni kecha, 13 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Tataristondagi xizmat safarlari davomida Tatariston musulmonlari idorasi, madrasalari va masjidlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Kamil hazrat Samigullin va boshqa mutasaddilar bilan o‘zaro muloqotlar o‘tkazdilar. Muftiy hazratlari Diniy boshqarma ish faoliyati, madrasalarda dars berish jarayonlari, kutubxonalar fondi, mudarrislarning saboq berish mahorati va talabalarga yaratilgan shart-sharoitlarni birma-bir ko‘zdan kechirdilar.
Ma’lumot o‘rnida, Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi 1992 yilda Tatariston musulmonlari qurultoyi qarori bilan tashkil etilgan. Gabdulla hazrat Galiullin Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasining birinchi raisi etib saylangan. 1998 yilda Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 2013 yil aprel oyidan boshlab, muftiy Kamil hazrat Samigullin Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasini boshqarib kelmoqda.
Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi bugungi kunda o‘z tarkibiga 9 ta qoziyot, 48 ta tuman muhtasiblari, 1415 ta masjid, 9 ta madrasani o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, diniy boshqarma Qozon islom universiteti muassisi hamda Rossiya islom instituti va Bulg‘or islom akademiyasi hammuassisi hisoblanadi.
Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi uslubiy rahbarligi ostida "Halol" standart qo‘mitasi, Tatariston “Vaqf” jamg‘armasi, Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi Haj rasmiy haj-operatori, “Zakot” xayriya jamg‘armasi, “Huzur” nashriyot uyi o‘z faoliyatlarini olib bormoqda.
Tomonlar uchrashuvlar davomida o‘zaro tajriba almashib, bir-birlariga esdalik sovg‘alari topshirdilar.
Safar jarayonlarini saytimiz orqali kuzatishda davom eting.









O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati