Londonda dunyodagi eng katta va eng mashhur xalqaro “Kew Gardens” bog'ida Qur'oni karimda zikri kelgan o'simliklar haqida ma'lumot beruvchi maxsus ko'rgazma tashkil etildi. Bu Qur'oni karim mazmunini tanishtirishni maqsad qilgan ilk tashabbuslardan sanaladi.
Buyuk Britaniya poytaxti London g'arbida joylashgan ushbu bog'da tashkil qilingan ko'rgazmada Qur'oni karimda zikr etilgan o'simliklarning chizmasi, fotosuratlari ham namoyish etildi. Ko'rgazma faoliyati shu yilning 17 sentabrigacha tomoshabinlar uchun ochiq ekani ma'lum qilindi.
O'z navbatida bog' ma'muriyati: “Qur'oni karimda ko'plab misol va ta'limotlar mavjud, shuningdek, unda tabiat manzarasi, xususan, yashil maydon, o'simlik va gullar haqida so'z yuritilgan”, deydi.
Ko'rgazmada namoyish etilgan san'at asarlari to'plamini “Qur'on o'simliklari: tarix va madaniyat” kitobi muallifi doktor Shahina G'azanfar va Yangi Zelandiyada yashovchi botanika bo'yicha illyustrator Suye Vikison yaratdi.
Vikison tomonidan ishlangan 30 ta fotosuratdan iborat Qur'on o'simliklari ko'rgazmasida sarimsoq va anordan tortib uzum va xinagacha bo'lgan keng turdagi o'simliklar va ularning Qur'ondagi ahamiyati va mazmuni haqida ma'lumotlar taqdim etilgan.
Shunisi e'tiborga loyiqki, “Kew Gardens” bu sohada dunyodagi eng yirik xalqaro bog' hisoblanadi. Chunki u dunyodagi eng katta va eng xilma-xil o'simlik va qo'ziqorin kollektsiyalarini o'z ichiga oladi.
Halqaro bog'lar Londonning g'arbiy qismida joylashgan bo'lib, ularda 1 100 dan ortiq xodim ishlaydi va yillik byudjeti 65 million funt sterling, ya'ni 85 million AQSh dollaridan oshadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati