Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Rajab oyi haqida

12.03.2019   6055   3 min.
Rajab oyi haqida

Savol: Hurmatli ustozlar, Rajab oyining fazilati, unda qilinadigan ibodatlar haqida ma’lumot bersangiz.

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Rajab oyi qamariy oylarning yettinchisi bo‘lib, urush harom qilingan ulug‘ oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so‘zi lug‘atda “ulug‘lash”, “hurmat bajo keltirish” ma’nolarini anglatadi. Johiliyat davri arablari bu oyni ulug‘lagani va hurmatlagani bois shu nom bilan atalgan.

Sahobai kiromlar va ulardan keyingi salafi solihlarimiz Ramazon oyidan so‘ng tutgan ro‘zalarini qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘rashar edi. Rajab oyi kelganda esa, Ramazonga sog‘-salomat yetishni so‘rar edilar. Bu haqda Nabiy alayhissalomdan zaif sanad ila hadis ham rivoyat qilingan:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ. قَالَ : كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ رَجَبٌ قَالَ: "اللهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِي رَجَبٍ، وَشَعْبَانَ، وَبَلِّغْنَا رَمَضَانَ"

(رواه الإمام ابن عساكر والبيهقي)

ya’ni: Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha’bana va ballig‘naa ramazona” (“Ey Alloh! Rajab va sha’bon oylarida bizga baraka bergin va Ramazon oyiga yetkazgin”) der edilar” (Imom Ibn Asokir va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan. Imom Navaviy va Ibn Rajab zaif hadis deyishgan).

Mashhur tobein Abu Qiloba rahimahulloh Rajab oyi fazilati haqida bunday degan:

عن عَامِرِ بْنِ شِبْلٍ رضي الله عنه، قَالَ: سَمِعْتُ أَبَا قِلابَةَ رضي الله عنه،  يَقُولُ: "فِي الْجَنَّةِ قَصْرٌ لِصُوَّامِ رَجَبٍ"

(رواه الإمام البيهقي)

Omir ibn Shibldan rivoyat qilinadi, Abu Qiloba roziyallohu anhudan eshitdim, u zot aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Imkoni bor kishilar Rajab oyidan boshlab, nafl ro‘za tutib, Ramazon ro‘zasiga o‘zlarini tayyorlab borishlari maqsadga muvofiqdir.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, xalqimiz orasida Rajab oyida qilish shart, deb tushuniladigan ibodatlar paydo bo‘lgan. Aslida ularning asosi mavjud emas. Shariatimiz ko‘rsatmalarida Rajab oyining muayyan bir kunini ro‘za bilan xoslanmagan. Bu borada kelgan barcha hadislar “mavzu’” ya’ni to‘qima ekaniga barcha muhaddis ulamolar ittifoq qilishgan.

Aslida nafl ro‘za tutish, nafl namoz o‘qish savobli ishlardan. Lekin buning uchun muayyan kunni belgilab, ushbu ish shariat ko‘rsatmasi deb, odat qilib olish hamda bunga dalil sifatida turli to‘qima hadislarni rivoyat qilish  to‘g‘ri emas. Ayniqsa, Rajab oyining yigirma yettinchi kechasida “Rag‘oib namozi”ni ado etish borasida naql qilingan hadislarning barchasi to‘qima bo‘lib, unga amal qilinmaydi. Chunki uning bid’at ekanini Ibn Nujaym, Ibn Obidin va Abdulhay Laknaviy kabi muhaqqiq ulamolarimiz tomonidan ochiq-oydin aytib o‘tilgan (manba: “Bahrur-roiq”, “Raddul Muhtor”, “al-Osorul marfu’a fil-axboril-mavzua” kitoblari).

Demak, Rajab oyida ham boshqa oylarda bo‘lgani kabi nafl ro‘za va namozni biror kunga belgilamasdan, odat qilmasdan o‘qilaveradi. Shundagina shariatimizda ko‘rsatilmagan turli bid’at va xurofotdan uzoq bo‘linadi. Vallohu a’lam.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yoshligimni saqlab qoldim

23.12.2024   3812   1 min.
Yoshligimni saqlab qoldim

Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadilar: “Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsalarda, tetik, hatto tishlari ham soppa-sog‘, ko‘zlari ravshan edi. Qiziqib buning sababini so‘raganimizda: “Yoshligimizda a’zolarimizni gunohlardan asragandik, qariganimizda Alloh taolo ularning xizmatidan bizni mahrum etmadi”, deb javob berdilar”.

 

Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham kemadan quruqlikka sakrab tushardilar. Yoshlar taajjublanib: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganda, u zot: “Biz a’zolarimzni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedilar.

 

Tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh yoshlari 90 dan oshgan bo‘lsada dalada ishlardilar. Buni ko‘rgan odamlar: “Yoshligingni qanday saqlab qolding?” deb so‘rashdi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedilar.

 

“Yoshligini saqladi” degan iboradan maqsad – zinodan uzoq bo‘lish tushuniladi. Chunki zino umrni qisqartiradi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD