Savol: Hurmatli ustozlar, Rajab oyining fazilati, unda qilinadigan ibodatlar haqida ma’lumot bersangiz.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Rajab oyi qamariy oylarning yettinchisi bo‘lib, urush harom qilingan ulug‘ oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so‘zi lug‘atda “ulug‘lash”, “hurmat bajo keltirish” ma’nolarini anglatadi. Johiliyat davri arablari bu oyni ulug‘lagani va hurmatlagani bois shu nom bilan atalgan.
Sahobai kiromlar va ulardan keyingi salafi solihlarimiz Ramazon oyidan so‘ng tutgan ro‘zalarini qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘rashar edi. Rajab oyi kelganda esa, Ramazonga sog‘-salomat yetishni so‘rar edilar. Bu haqda Nabiy alayhissalomdan zaif sanad ila hadis ham rivoyat qilingan:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ. قَالَ : كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ رَجَبٌ قَالَ: "اللهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِي رَجَبٍ، وَشَعْبَانَ، وَبَلِّغْنَا رَمَضَانَ"
(رواه الإمام ابن عساكر والبيهقي)
ya’ni: Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha’bana va ballig‘naa ramazona” (“Ey Alloh! Rajab va sha’bon oylarida bizga baraka bergin va Ramazon oyiga yetkazgin”) der edilar” (Imom Ibn Asokir va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan. Imom Navaviy va Ibn Rajab zaif hadis deyishgan).
Mashhur tobein Abu Qiloba rahimahulloh Rajab oyi fazilati haqida bunday degan:
عن عَامِرِ بْنِ شِبْلٍ رضي الله عنه، قَالَ: سَمِعْتُ أَبَا قِلابَةَ رضي الله عنه، يَقُولُ: "فِي الْجَنَّةِ قَصْرٌ لِصُوَّامِ رَجَبٍ"
(رواه الإمام البيهقي)
Omir ibn Shibldan rivoyat qilinadi, Abu Qiloba roziyallohu anhudan eshitdim, u zot aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Imkoni bor kishilar Rajab oyidan boshlab, nafl ro‘za tutib, Ramazon ro‘zasiga o‘zlarini tayyorlab borishlari maqsadga muvofiqdir.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, xalqimiz orasida Rajab oyida qilish shart, deb tushuniladigan ibodatlar paydo bo‘lgan. Aslida ularning asosi mavjud emas. Shariatimiz ko‘rsatmalarida Rajab oyining muayyan bir kunini ro‘za bilan xoslanmagan. Bu borada kelgan barcha hadislar “mavzu’” ya’ni to‘qima ekaniga barcha muhaddis ulamolar ittifoq qilishgan.
Aslida nafl ro‘za tutish, nafl namoz o‘qish savobli ishlardan. Lekin buning uchun muayyan kunni belgilab, ushbu ish shariat ko‘rsatmasi deb, odat qilib olish hamda bunga dalil sifatida turli to‘qima hadislarni rivoyat qilish to‘g‘ri emas. Ayniqsa, Rajab oyining yigirma yettinchi kechasida “Rag‘oib namozi”ni ado etish borasida naql qilingan hadislarning barchasi to‘qima bo‘lib, unga amal qilinmaydi. Chunki uning bid’at ekanini Ibn Nujaym, Ibn Obidin va Abdulhay Laknaviy kabi muhaqqiq ulamolarimiz tomonidan ochiq-oydin aytib o‘tilgan (manba: “Bahrur-roiq”, “Raddul Muhtor”, “al-Osorul marfu’a fil-axboril-mavzua” kitoblari).
Demak, Rajab oyida ham boshqa oylarda bo‘lgani kabi nafl ro‘za va namozni biror kunga belgilamasdan, odat qilmasdan o‘qilaveradi. Shundagina shariatimizda ko‘rsatilmagan turli bid’at va xurofotdan uzoq bo‘linadi. Vallohu a’lam.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
1. Kishini chap qo‘lda yeyishidan qaytardilar.
2. Suyanib yeyishdan qaytardilar.
3. Qabrlarni (gips bilan) suvashdan va ularning ustida namoz o‘qishdan qaytardilar.
4. Turib qolgan suvga bavl qilishdan qaytardilar.
5. Kishini bitta kavushda yurishdan qaytardilar.
6. Hojat chiqarish yoki bavl qilishda qiblaga yuzlanishdan qaytardilar.
7. (Azada baland ovozda) yig‘lashdan qaytardilar.
8. Tasvirlar, suratlar(ni uyga osish, uni chizish)dan qaytardilar.
9. O‘tda kuydirishdan qaytardilar.
10. Xo‘rozni so‘kishdan qaytardilar.
11. Ayol kishi boshqa ayol bilan bir to‘shakda kiyimsiz yotishdan qaytardilar.
12. Kishining boshqa kishiga “ayolim singlingdir”, deyishdan qaytardilar. Bu yerda maqsud: mahrsiz.
13. Arrofga (kohin, folbin) ga borishdan qaytardilar.
14. Nard o‘ynashdan qaytardilar.
15. G‘iybat va chaqimchilikdan qaytardilar.