بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ للهِ الَّذِي عَرَّفَ عِبِادَهُ غَوَائِلَ الكِذْبِ وَآفَاتِهَا. وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي حَذَّرَ أُمَّتَهُ مِنْ قَبَائِحِ الْخَدِيْعَةِ وَعَوْرَاتِهَا. وعلى آله وأصحابه أجمعين. اَمَّا بَعْدُ
ALDOV va firibgarlik – og‘ir gunoh
Muhtaram azizlar! “Firib” so‘zi fors tilida aldash, yo‘ldan ozdirish, makr-hiyla ma’nolarini bildiradi. Shu ishni qilgan yoki buni kasbga aylantirib olgan kimsani esa firibgar deyiladi. Aldov, firibgarlik, o‘g‘rilik shu qadar keng tarqaldiki, u kirib bormagan joy, u kirib bormagan soha qolmadi: imtihonlarda, tijoratda va hatto nikoh munosabatlarida ham odamlar yolg‘onni keng ishlatishmoqda.
Holbuki, dinimizda birovning molini aldov, firibgarlik, chuv tushirish yo‘li bilan o‘zlashtirishdan qattiq qaytarilgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday bayon etilgan. Alloh taolo aytadi:
وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ
ya’ni: “Mol va boyliklaringizni o‘rtalaringizda botil yo‘llar bilan yemangiz. Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘l bilan yeyish maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz.” (Baqara surasi, 188-oyat).
Islomda aldov, firibgarlik, birovni chuv tushirish, savdo-sotiqda aldamchilik kabi illatlar qoralangan. Sir emaski, keyingi vaqtlarda ba’zi kishilar odamlardan qarzga yoki sherikchilikka, deb pul olib, oxir-oqibat uni qaytarmay o‘rtada nizo chiqishi, yaqin kishilar bir-biri bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketish holatlari kuzatilmoqda. Albatta, zarurat uchun qarz olish yoki sherikchilik bilan shug‘ullanish joiz. Biroq, olgan qarzini paysalga solmay qaytarish, sherikchilikda esa xiyonat qilmaslik lozim. Aks holda boshlangan ishlar ortga ketib, kasodga uchrashi tayin. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
"مَنْ أَخَذَ أَمْوَالَ النَّاسِ يُرِيدُ أَدَاءَهَا أَدَّى اللَّهُ عَنْهُ وَمَنْ أَخَذَها يُرِيدُ إِتْلَافَهَا أَتْلَفَهُ اللَّهُ"
(رواه الامام البخاري)
ya’ni: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘zigi talofat yetkazadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ayniqsa, savdo-sotiq vaqtida haridorga firib berish, masalan, aybli molni aybini yashirib sotish yoki soxta molni asl mol, deb sotish eng og‘ir gunohdir. Quyidagi hadislar bunga ochiq dalil bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam don sotayotgan odamning yonidan o‘tib qolibdilar. Uning doni orasiga qo‘l tiqib ko‘rsalar, namlanib qolgan ekan. “Bu nimasi?”, deb so‘radilar. Sotuvchi: “Ey Rasullulloh, unga yomg‘ir tegibdi”, dedi. Shunda Rasullulloh sallallohu alayhi vasallam: “Uni ustiga chiqarib quymaysanmi, odamlar ko‘rar edi”, dedilar va:
ﻣَﻦْ ﻏَﺸَّﻨَﺎ ﻓَﻠَﻴْﺲَ ﻣِﻨَّﺎ
(رواه الإمام الحاكم)
ya’ni: “Kim bizni aldasa, u bizdan emas”, dedilar (Imom Hokim rivoyati). Imom Tabaroniyning rivoyatida esa:
ﻭَﺍﻟﻤَﻜْﺮُ ﻭَﺍﻟﺨّﺪِﻳْﻌَﺔُ ﻓِﻲ ﺍﻟﻨّﺎﺭِ
(رواه الإمام الطبراني)
ya’ni: “Makr va aldov do‘zaxdadir” deganlari ziyoda qilingan.
Demak, aldov, firibgarlik, biror narsani soxtalashtirish musulmonning ishi emas.
Firibgarlik jinoyatining bugungi kunda keng tarqalgan yana bir ko‘rinishi poraxo‘rlik hisoblanadi. Poraxo‘rlik dunyoning deyarli har burchagida ildiz otgan razil bir illatdir. Amaldorlarning o‘z vazifalarini suiste’mol qilib, shaxsiy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda davlat mol-mulkidan foydalanishi jamiyatning turli xil jabhalarda o‘sish va rivojlanishdan to‘xtab qolishi, oddiy xalqning islohotlarga bo‘lgan ishonchining yo‘qolishi, odamlarning o‘z hayotlarini o‘zgartirishga qaratilgan tashabbuslarining yo‘qqa chiqishi singari o‘ta salbiy holatlarga olib kelishi mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لَعَنَ اللهُ الرَّاشِى وَالْمُرْتَشِى وَالرَّائِشَ الَّذِي يَمْشِى بَيْنَهُمَا
(رواه الإمام أحمد)
ya’ni: “Pora berganga ham, pora olganga ham, ular o‘rtasida vositachi bo‘lganga ham Allohning la’nati bo‘lsin” (Imom Ahmad rivoyati).
Pora beruvchi jamiyatda belgilangan nizomni buzgan, adolatli qonun majmuasini o‘z foydasiga ishlatgan, haqsizlik qilib ishini bajarib ketgan hisoblanadi. Pora oluvchi vijdonini yegan, nohaqlikka, adolatsizlikka rozi bo‘lgan, o‘z manfaatini o‘ylagan, xalq haqiga xiyonat qilgan bo‘ladi.
Abu Humayd So’idiy raziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Banu Sulaym qabilasidan zakot yig‘ishda Ibn Lutbiya ismli biri kishining xizmatidan foydalandilar. U zakot yig‘ib kelgach, Rasululloh sallallohu alayhi vasalllamga hisob-kitob berayotib: “Bu (zakot) sizniki, bunisini esa menga hadya qilishdi”, – dedi. Shunda Nabiy alayhissalom minbarga chiqib: “Nega men yuborgan xizmatchi: “Bu sizga, bunisi esa menga”, – deb aytadi? Otasi yoki onasining uyida qolganda, unga hadya ulashisharmidi? Mening jonim Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, kimki o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsani olsa, u Qiyomat kuni yelkasida bo‘kirayotgan tuyani yoki morayotgan sigirni yoki balayotgan qo‘yni topadi”, deb aytdilar”.
Firibgarlikning bugungi kundagi yana bir ko‘rinishi sudxo‘rlikdir. Islom dini molni tijorat yo‘li bilan ko‘paytirishga ijozat beradi. Ammo molni sudxo‘rlik yo‘li bilan ko‘paytirmokchi bo‘lganlarni qattiq qoraladi va sudxo‘rlikning ozini ham, ko‘pini ham harom qildi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar:
"إِذَا ظَهَرَ الزِّنَا وَالرِّبَا فِي قَرْيَةٍ ، فَقَدْ أَحَلُّوا بِأَنْفُسِهِمْ عَذَابَ اللهِ"
(رواه الإمام الحاكم)
ya’ni: “Agar zino va ribo biron qavmda tarqalsa, ular o‘zlari uchun Allohning azobi kelishiga yo‘l ochibdilar”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Muhtaram jamoat! Harom luqmadan, birovning haqqidan qo‘rqmaydigan kishilarning farzandlari o‘zlari orzu qilgandek odam bo‘lishadimi? Yo‘q, albatta! Ular ham nari borsa birovning haqqidan qo‘rqmaydigan va eng yomoni, ota-ona roziligini topishga rag‘bat qilmaydigan kimsalar bo‘ladi, Alloh asrasin. Chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
لاَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ لَحْمٌ نَبَتَ مِنْ سُحْتٍ
(رواه ابن حبان في صحيحه)
ya’ni: “Harom yeb o‘sgan vujud jannatga kirmaydi”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
So‘fi Olloyor rahimahulloh bu borada shunday degan:
Ko‘ngil Haq fayziga bo‘lsun desang chok,
Ki, avval martaba xalqingni qil pok.
Ya’ni, agar ko‘nglingni Alloh taoloning ilhomi kirishi uchun ochiq qilay desang, uning birinchi sharti tomog‘ingni butkul haromdan pok qilmog‘ing kerakligidir. Chunonchi:
Yema zarra harom og‘ushta nondin,
Bo‘lur chohi najas bir qatra qondin.
Ya’ni, halqumni pok qilmoqlik avval boshda harom aralashgan ne’matlarni yemaslik bilan bo‘ladi. Agar yegan ne’matingda bir zarracha harom bo‘lsa-da, ul taomni yemaslik kerak. Chunki, quduqqa bir tomchi qon yoki xamr tushsa, najas qilar. Shunga o‘xshab ko‘p ibodatdan hosil qilgan savobing bir oz harom aralashgan ne’matdan yeyish bilan yo‘qqa chiqar. Ulamolar ayturlarki, birov harom luqma bilan toat-ibodat qilsa, garchi kechalari uyg‘oq turib, kunduzlari ro‘za tutsa-da, qabul bo‘lmas.
Oila va farzandlarimizga oz bo‘lsa ham halol rizq topib berishga harakat qilaylik. Zero, baraka halollikda ekani hamda dunyo va oxirat saodatiga erishishning asosiy omili poklikda ekanligini aslo unutmaylik.
ILOVA: RAJAB OYI FAZILATI
Rajab oyi qamariy oylarning yettinchisi bo‘lib, urush harom qilingan ulug‘ oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so‘zi lug‘atda “ulug‘lash”, “hurmat bajo keltirish” ma’nolarini anglatadi. Johiliyat davri arablari bu oyni ulug‘lagani va hurmatlagani bois shu nom bilan atalib qolgan.
Sahobai kiromlar va ulardan keyingi salafi solihlarimiz Ramazon oyidan so‘ng tutgan ro‘zalarini qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘rashar edi. Rajab oyi kelganda esa, Ramazonga sog‘-salomat yetishni so‘rar edilar. Bu haqida Payg‘ambarimizdan quyidagi hadis ham rivoyat qilingan:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ. قَالَ : كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ رَجَبٌ قَالَ: اللهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِي رَجَبٍ، وَشَعْبَانَ، وَبَلِّغْنَا رَمَضَانَ
(رواه الإمام ابن عساكر والبيهقي)
ya’ni: Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh! Rajab va Sha’bon oylarida bizga baraka bergin va Ramazon oyiga yetkazgin”, der edilar” (Imom Ibn Asokir va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Mashhur tobeinlardan bo‘lgan Abu Qiloba rahimahulloh Rajab oyi fazilati haqida shunday degan:
عن عَامِرِ بْنِ شِبْلٍ رضي الله عنه، قَالَ: سَمِعْتُ أَبَا قِلابَةَ رضي الله عنه، يَقُولُ: فِي الْجَنَّةِ قَصْرٌ لِصُوَّامِ رَجَبٍ
(رواه الإمام البيهقي)
ya’ni: Omir ibn Shibldan rivoyat qilinadi, Abu Qiloba raziyallohu anhudan eshitdim, u zot aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shunday ekan, imkoni bor kishilar Rajab oyidan boshlab, nafl ro‘zalarni tutib, Ramazon ro‘zasiga o‘zlarini tayyorlab borishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Demak, Rajab oyida ham boshqa oylarda bo‘lgani kabi nafl ro‘za va namozlar biror kunga belgilamasdan, odat qilib olmasdan o‘qilaveradi. Shundagina shariatimizda ko‘rsatilmagan turli bid’at va xurofotdan uzoq bo‘linadi.
Ilova: Hashar – elga yarashar!
Ma’lumki, bahor ko‘klam faslidir. Shu kunlarda atrof-muhit tozaligiga yana bir karra e’tibor berish dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiqdir. Mana shunday xayri ishlarni amalga oshirish maqsadida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 11-17 mart kunlari Toshkent shahrida “Hashar Week” ijtimoiy loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Mazkur hasharda barchamiz faol qatnashib, uy-joylarimiz va mahalla-ko‘yimizda obodonlashtirish, ariq va suv hovuzlarini tozalash, qabriston va ziyoratgohlarni tartibga keltirish, shu bilan birga, bo‘sh yerlarga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlar ekish, gul ko‘chatlarini o‘tqazish ayni muddaodir.
Alloh taolo barchamizni xayrli ishlarda bardavom aylab, yurtimiz obodligi yo‘lida olib borayotgan ishlarimizda O‘zi madadkor bo‘lsin.
ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘tgan haftada Buxoro viloyatida imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 12 000 000 (o‘n ikki million) so‘m, sog‘lig‘ini tiklash, dori-darmon va jarrohlik amaliyotlari uchun moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan 38 nafar kishiga 27 000 000 (yigirma yetti million) so‘m, jami 39 000 000 (o‘ttiz to‘qqiz million) so‘m xayriya qilindi.
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “TADBIRKORLIK – YARIM RIZQ” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Tezisga ilova
Muhtaram jamoat! Alloh taologa beadad hamdu sano va shukronalarimiz bo‘lsinki, Parvardigorning bizga ato etgan eng bebaho ne’matlaridan biri bo‘lmish yurtimizdagi tinchlik va xotirjamligimiz barcha sohada rivojlanish va taraqqiy etishimiz uchun asosiy omil hisoblanadi. Shunday ekan, bu ne’matning qadriga yetishimiz, uni ko‘z qorachig‘idek asrab avaylashimiz shu zaminda yashayotgan kattayu kichik fuqarolarning burchimiz hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida:
قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: نِعْمَتَانِ مَغْبُونٌ فِيْهِمَا كَثِيْرٌ مِنَ النَّاسِ اَلصِّحَةُ وَالْفَرَاغُ
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” - deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Sir emaski, hozirgi kunda axborot xuruji shiddat bilan avj olib borayotgan bir davrda turli ekstremistik kayfiyatdagi shaxslar tomonidan oqibatini o‘ylamay yo‘l qo‘yilgan birgina xato ko‘plab notinchliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ana shunday xatolar sodir etilishini kutib turgan g‘alamis kuchlar ham borki, ular bunday fursatni qo‘ldan bermay aholi orasida fitna olovini yoqishga harakat qiladilar. Shu nuqtayi nazardan mo‘min-musulmonlar Alloh va Rasulining tinchlik va osuda hayot uchun qilgan chaqirig‘lariga labbay deb, javob bermoqlari dunyo va oxiratda saodatmand bo‘lishlariga sabab bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اسْتَجِيبُوا لِلَّهِ وَلِلرَّسُولِ إِذَا دَعَاكُمْ لِمَا يُحْيِيكُمْ ۖ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ يَحُولُ بَيْنَ الْمَرْءِ وَقَلْبِهِ وَأَنَّهُ
إِلَيْهِ تُحْشَرُونَ (24) وَاتَّقُوا فِتْنَةً لَّا تُصِيبَنَّ الَّذِينَ ظَلَمُوا مِنكُمْ خَاصَّةً ۖ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ (25))
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlarni tiriltiruvchi narsa (ilm olish) uchun chorlaganlarida, Allohga va Rasulga (labbay deb) javob qilingiz! Yana bilib qo‘yingizki, Alloh inson bilan uning dili (o‘rtasi)da “parda” bo‘lib turadi va Uning (huzuriga) jamuljam bo‘lursiz. Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (Anfol surasi, 24-25-oyatlar).
Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: Alloh taolo bu oyatda mo‘minlarga munkar ishlarni tark etishga amr etib, aks holda boshlariga ommaviy balo kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Huddi shuningdek, Zubayr ibn Avvom raziyallohu anhu ushbu oyatni Jamal voqeasidagi fitnaga ta’vil qilib, “bu oyatda aynan biz iroda qilinganimizni bilmagan ekanman”, deganlar (Tafsiri Qurtubiy).
Alloh taolo Qur’oni karimda: الْفِتْنَةُ أَشَدُّ مِنَ الْقَتْلِ
ya’ni: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir” degan (Baqara surasi, 191-oyat).
Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam qilib, turli fitnalarda O‘z panohida asrasin!
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati