“Rajab” so‘zi qanday ma’noni anglatadi?
– Arab tilidagi “rajab” so‘zi o‘zbekchada “ulug‘lash”, “hurmatlash” ma’nolarini ifoda etadi.
Rajab oyi qanday oy?
– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa’da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir.
Rajab oyida qanday tarixiy voqealar yuz bergan?
– Yer yuzini suv bosgan to‘fonda Nuh alayhissalom kemaga rajab oyining birinchi kuni minganlar;
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo‘lgan;
– Mashhur qavlga ko‘ra, Isro va Me’roj voqeasi rajab oyida sodir bo‘lgan.
Rajab oyining qanday fazilatlari bor?
– Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh kecha borki, unda duolar rad etilmaydi: rajab oyining avvalgi kechasi; sha’bon oyining yarmidagi kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).
Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazganlar?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro‘za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ko‘p istig‘for aytishga targ‘ib qilganlar. Sayyidul istig‘for: “Allohumma anta robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va va’dika mastatotu a’uzu bika min sharri ma sona’tu, abuu laka bini’matika alayya va abuu bizambiy fag‘firliy fainnahu la yag‘firuz zunuba illa anta”.
– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana, va ballig‘na ramazona” (“Yo Alloh, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ulamolarimizdan biri: “Rajab shamolga, sha’bon bulutga, ramazon yomg‘irga o‘xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha’bon oyida uni sug‘ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan edi.
Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo‘l bo‘lmog‘i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olgan holda rajab oyida ko‘proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik!
G‘aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt yugurik, umr bevafo!
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy, Abu Ubayd va Ibn Asokirlar Suvayd ibn G‘afla roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu Shomga kelganida ahli kitoblardan biri: «Ey mo‘minlarning amiri! Mo‘minlardan biri meni o‘zing ko‘rib turgan holga soldi», dedi. U kaltaklangan, boshi yorilgan holda edi. Umar roziyallohu anhu qattiq g‘azablandi va Suhayb roziyallohu anhuga:
«Bor, qara-chi, buning sohibi kim ekan?» dedi.
Suhayb roziyallohu anhu borib qarasa, u Avf ibn Molik roziyallohu anhu ekan.
Suhayb unga: «Mo‘minlarning amiri sendan qattiq g‘azablandi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga bor, u zot bilan gaplashsin. Umar shoshilib, seni bir narsa qilib qo‘yadimi, degan xavfdaman», dedi.
Umar roziyallohu anhu namozni o‘qib bo‘lib:
«Suhayb qani?! U odamni keltirdingmi?!» dedi.
«Ha», dedi Suhayb.
Avf Muozning oldiga borib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, bas, Muoz o‘rnidan turib:
«Ey mo‘minlarning amiri! U Avf ibn Molik ekan. Uning gapini eshitib ko‘ring. Shoshilib, uni bir narsa qilib qo‘ymang», dedi. Umar unga:
«Sening bu bilan nima ishing bor?!» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, qarasam, bu bir muslima ayolning eshagini yetaklab ketayotgan ekan. Eshak sakrab, ayolni yiqitib yuboray debdi. Lekin ayol yiqilmabdi. Manavi bo‘lsa, uni turtib yiqitib, o‘zini ayolning ustiga otdi», dedi Avf.
Umar unga: «Menga ayolni olib kel, aytganingni tasdiqlasin», dedi.
Avf ayolning oldiga bordi. Ayolning otasi bilan eri: «Nima qilib qo‘yding?! Bizning sohibamizni sharmanda qilding-ku!» dedilar.
Biroq ayol: «Allohga qasamki, u bilan boraman!» dedi.
Otasi bilan eri: «Biz borib, sening nomingdan gapiramiz», dedilar va Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelib, Avf aytgan gaplarga o‘xshash gap aytdilar.
Bas, Umar amr qildi. Yahudiy osildi.
So‘ngra Umar: «Biz sizlar bilan bunga sulh qilganimiz yo‘q. Ey odamlar! Muhammadning zimmasi haqida Allohdan qo‘rqinglar! Ulardan kim bu ishni qilsa, unga zimma yo‘q!» dedi.
Suvayd: «O‘sha men ko‘rgan yahudiy Islomda birinchi osilgan odam edi», dedi».
Bu hodisada Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning siyosat yoki tashviqot uchun emas, balki adolat uchun ish olib borishlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur yahudiy qilar ishni qilib qo‘yib, makkorligini ishga solgan edi. U: «Musulmonlarning xalifasi kelib turibdi, hozir siyosat nozik paytda unga arz qilsam, siyosat uchun mening tarafimni oladi», deb o‘ylagan edi.
Darhaqiqat, ish avvaliga, sirtdan qaraganda yahudiy o‘ylaganicha boshlandi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta sahobiy Avf ibn Molik roziyallohu anhuning obro‘siga e’tibor qilmay, ishning haqiqatini surishtira boshladilar. U kishidan boshqa odam bo‘lganida bir yahudiyni deb, o‘zimizning obro‘li odamni xijolat qilmaylik, degan mulohazaga borishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhuning tabiatlarida va u kishi ko‘rgan tarbiyada bunday mulohaza bo‘lishi mumkin emas edi.
U kishidan boshqa odam bo‘lganida siyosat uchun, nohaqdan bo‘lsa ham ularning yonini olishi mumkin edi. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu bunday qilishlari mumkin emas edi. U kishi aybdor kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning aybiga yarasha jazosini berish tarbiyasini olganlar. Va shunday qildilar ham.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi