“Rajab” so‘zi qanday ma’noni anglatadi?
– Arab tilidagi “rajab” so‘zi o‘zbekchada “ulug‘lash”, “hurmatlash” ma’nolarini ifoda etadi.
Rajab oyi qanday oy?
– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa’da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir.
Rajab oyida qanday tarixiy voqealar yuz bergan?
– Yer yuzini suv bosgan to‘fonda Nuh alayhissalom kemaga rajab oyining birinchi kuni minganlar;
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo‘lgan;
– Mashhur qavlga ko‘ra, Isro va Me’roj voqeasi rajab oyida sodir bo‘lgan.
Rajab oyining qanday fazilatlari bor?
– Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh kecha borki, unda duolar rad etilmaydi: rajab oyining avvalgi kechasi; sha’bon oyining yarmidagi kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).
Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazganlar?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro‘za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ko‘p istig‘for aytishga targ‘ib qilganlar. Sayyidul istig‘for: “Allohumma anta robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va va’dika mastatotu a’uzu bika min sharri ma sona’tu, abuu laka bini’matika alayya va abuu bizambiy fag‘firliy fainnahu la yag‘firuz zunuba illa anta”.
– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana, va ballig‘na ramazona” (“Yo Alloh, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ulamolarimizdan biri: “Rajab shamolga, sha’bon bulutga, ramazon yomg‘irga o‘xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha’bon oyida uni sug‘ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan edi.
Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo‘l bo‘lmog‘i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olgan holda rajab oyida ko‘proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik!
G‘aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt yugurik, umr bevafo!
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD