Ma’lumki, inson bu dunyoda qilgan ishlariga va gapirgan gaplariga oxiratda javob beradi. Yelkamizdagi farishtalar qilgan ishlarimiz bilan birga og‘zimizdan chiqqan har bir so‘zni yozib borishadi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
إِذْ يَتَلَقَّى الْمُتَلَقِّيَانِ عَنِ الْيَمِينِ وَعَنِ الشِّمَالِ قَعِيدٌ مَا يَلْفِظُ مِن قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ
“Zotan ikki kutib oluvchi o‘ngda va chapda o‘tirgan hollarida kutib olurlar. U biror so‘z aytmas, magar huzurida (farishta) hoziru nozir” (Qof surasi, 17-18-oyatlar).
Buyuk tobeinlardan bo‘lgan Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh “Aytayotgan gapini amalidan deb bilgan odamning gapi oz bo‘ladi” deganlar.
Bir masalni keltirsak: “Bir kuni eshak arslonning terisini yopinib olib, hamma hayvonlarni qo‘rqita boshlabdi. Shu payt u tulkiga yo‘liqib qoldi va boshqa hayvonlarni qo‘rqitganidek, uni ham qo‘rqitmoqchi bo‘ldi. Shunda tulki: “Menga ishon, agar sening hangraganingni eshitib qolmaganimda, sendan qo‘rqib ketgan bo‘lardim” dedi”.
Ahmoq kimsalar aqlli insonlarning “liboslari”ni kiyib oladilar. Keyin o‘zlarining bema’ni mahmadonaliklari bilan ahmoq ekanliklarini fosh qilib qo‘yadilar.
Do‘stlar, dunyo va oxiratimizga foydali bo‘ladigan o‘rinlardagina gapiraylik. Bo‘lmasa, sukut saqlab turaylik. Zero, muborak hadisda shunday deyilgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir», dedilar».
Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Go‘zal musulmonning qiladigan ishlari va aytadigan so‘zlari faqat foydali, o‘rinli bo‘lib, behuda, keraksiz gaplarni gapirmaydi, unday ishlarni qilmaydi.
Alloh taolo bizni ham aytadigan so‘zini amalidan deb, foydali o‘rinlardagina gapiradigan bandalaridan qilsin, omin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
أَلْعِلْمُ فِى الصِّغَرِ كَالنَّقْشِ فِى الْحَجَرِ
Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir.
Ilm olish uchun eng afzal davr bu insonning yoshlik chog‘idir. Chunki yoshlikda bolaning xotirasi kuchli bo‘ladi. Bu vaqtda olingan ilm bola xotirasida uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Shuningdek, yoshlikda har xil tashvish va yumushlardan uzoq bo‘lgan bolaning fikri faqat o‘qishda bo‘lib, natijada u ilmni yaxshi o‘zlashtiradi. Katta bo‘lib, ishlari ko‘paygach, fikri bo‘linadi yoki ilm olishga vaqt ajratolmay qoladi.
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda ham o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuraveradilar. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida bola taxminan 3-4 yoshlarida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Mashhur alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim, tabib darajasiga ko‘tarilgan. Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarni egallashlari uchun qulay sharoitlarni ta’minlab berishlari lozim.
مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا
Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi.
Ushbu maqolni ikki xil ma’noda tushunish mumkin:
1. Kim yoshlik chog‘ini g‘animat bilib, ilm egallamasa, katta bo‘lganida bunga iloj topa olmaydi. Kishining yoshi keksaygan sari uning xotirasi pasayishi ham bor haqiqat.
2. Kim yoshligida ilm olmasa, katta bo‘lganida biron pog‘onaga ko‘tarila olmaydi, insonlar orasida ham eng keyingi o‘rinda turadi, chunki uning ilm-ma’rifati yo‘q. Ilm insonni yuksaltiradi va ravnaq topishiga yordam beradi. (Lekin, o‘rni kelganida shuni ham aytib qo‘yish lozimki, ilm faqat biron martabaga erishish uchungina o‘rganilmaydi).
يُطَيَّبُ القَلْبُ لِلْعِلْمِ كَمَا تُطَيَّبُ الأَرْضُ لِلزِّرَاعَةِ
Yer ekin ekish uchun tozalangani kabi qalb ham ilm uchun tozalanadi.
Ilmning makoni qalbdir. Ma’lumki, ilm ezgulik va nurdir. Kishi ilmni puxta egallash uchun qalbini turli xil ma’naviy illatlar, jumladan kibr, hasad, gina, kudurat, g‘iybat va shu kabilardan tozalashi lozim. Ushbu kamchiliklar bor qalbga ilm yaxshi o‘rnashmaydi, tezda unutiladi yoki biron manfaat keltirmaydi. Shuning uchun ilm olishga kirishayotgan kishi birinchi navbatda qalbini tozalashi, so‘ngra yaxshi niyat bilan ilm tahsliga o‘tishi kerak.
Bola yoshligida xotirasi kuchli, qalbi toza va beg‘ubor bo‘ladi. Bunday paytda olingan ilm har taraflama pishiq va mustahkam bo‘ladi. Demak, ota-onalar bu borada mas’uliyatliroq bo‘lsalar, farzandlarining kamolga yetib, olim bo‘lib, dini va yurtiga foydasiga tegadigan chin inson bo‘lishida hissa qo‘shgan bo‘ladilar.
Odilxon qori Ismoilov