Biror musibat yoki qiyinchilik yetsa sabrli bo‘ling. Odamlarga shikoyat qilmang, holingizdan nolimang!
Yolg‘iz Allohga yuzlanib: “Men g‘am va tashvishlarimdan yolg‘iz Allohgagina shikoyat qilaman...” (Yusuf surasi, 86-oyat), deb ayting.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bag‘rikeng bo‘lingiz va (Alloh yo‘liga) taxt bo‘lib turingiz va Allohdan qo‘rqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz!” (Oli Imron surasi, 200-oyat).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Maxfiy sadaqa berish, boshiga tushgan qiyinchiliklardan odamlarga shikoyat qilmaslik va musibatlarini hech kim kimga bildirmaslik jannat xazinalaridandir”, dedilar.
Alloh taoloni yanada ko‘proq zikr qiling. Istig‘for va hamd ayting.
Musibat yetganida Allohni eslash, istig‘for so‘rash va O‘zidan umidvor bo‘lish musibatning yechimidir. Yunus alayhissalom ana shu yo‘l bilan musibatdan forig‘ bo‘ldilar. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘i zulmatlar ichra: “Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim”, deb nido qilgan (paytini eslang!) Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz» (Anbiyo surasi, 87–88-oyatlar).
Unutmang! Har bir banda sinovga duchor bo‘luvchidir.
Bu dunyo – sinov maydoni. Undagi sinovlar biri ortidan to‘xtamay ikkinchisi, uchinchisi..... yetib keladi. Hayot aslida ana shunday bitmas-tuganmas imtihonlar zanjiridir. Alloh taolo bu haqda bunday ogohlantiradi: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” (Baqara surasi, 155-oyat).
Sinov toqatga qarab bo‘ladi.
Chunki “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi” (Baqara surasi, 286-oyat).
Payg‘ambarlar hammadan ko‘ra ko‘proq aziyat, ozor chekishgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar ichida musibati eng og‘iri payg‘ambarlardir. So‘ngra ularga ergashgan solihlar, undan so‘ng o‘shalarga ergashgan solihlarga bo‘ladi”, deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo rizq miqdoriga qarab yordamchilarni tushiradi. Balo darajasiga qarab sabrni tushiradi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Har bir sinov Allohning xohish-irodasi bilan bo‘ladi.
Har bir yaxshilik va yomonlik Alloh taoloning huzuridandir. Unga qalb ila taslim va rozi bo‘lish lozim. Har qanday sinovlarni rozilik bilan qabul qilish musibatlarni yengishning go‘zal muolajasidir. Aksincha, sinovlarga noshukrlik qilish, jazavaga tushish musibat ustiga musibatdir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir” (Hadid surasi, 22-oyat).
Abu Dardo roziyallohu anhu: “Imonning yuksak darajasi Allohning hukmiga sabr qilish va taqdirga rozi bo‘lishdir”.
Musibatlarga sabr qilish ulkan ajru mukofotlarga noil etadi, gunohlarni ketkazadi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, jannatda ostidan anhorlar oqib turadigan ko‘shklarga joylashtirurmiz. Ular u yerda mangu qolurlar. (Yaxshi) amal qiluvchilarning (qiyomat kuni oladigan) mukofoti naqadar yaxshidir! Ular sabr qilgan va yolg‘iz Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan zotlardir” (Ankabut surasi, 58-59 – oyatlar).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Yodda tuting! Har bir qiyinchilikdan so‘ng albatta yengillik keladi.
Alloh taolo hech bir bandasiga biror sinov yubormaydiki, uning ortidan yaxshiliklar, muvaffaqiyatlar kelmasa. Alloh taolo aytadi: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (Sharh surasi, 5-6 – oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kengchilikda Allohni tanigin, U ham seni qiyinchilik paytida taniydi. Bilginki, senga yetmagan narsa, senga yetadigan emas edi. Senga yetgan narsa, senga yetmaydigan emas edi. Albatta, nusrat (g‘alaba) sabr bilan birga, albatta, shodlik g‘am ila birga, qiyinchilik yengillik bilan birga bo‘ladi”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Jaloliddin Rumiy quddisa sirruhu aytadi: “Har torlik ortida kenglik, g‘amlar ortida shodlik bor. G‘am-tashvishlarning kaliti – sabr”.
Har bir sinov ortida Allohning hikmati yashiringan.
Albatta, Alloh taolo bandalariga o‘ta mehribon va rahmlidir. Alloh bandalariga biror yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Sinovlar orqali Alloh o‘z bandalarini sinab, O‘ziga yaqin qiladi va gunohlarni mag‘firat etadi. Muvaffaqiyatlarga erishish uchun mashaqqat talab qilinganidek, Alloh taoloning roziligini topish uchun ham sinovlarga sabr qilish lozim.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshiliklar katta sinovlar bilan keladi. Qachonki Alloh bir bandasini yaxshi ko‘rsa, Alloh o‘sha bandaga bir sinovni yuboradi. Agar banda sinovga sabr qilsa, Allohning rahmatiga erishadi, ammo sabrsizlik qilsa Uning g‘azabiga duchor bo‘ladi”, deganlar.
Har qanday holatda ham sabrli bo‘ling! Inshaalloh barcha yaxshiliklarga erishasiz. Alloh taolo barchamizni O‘zidan o‘zgaga muhtoj qilmasin.
Davron NURMUHAMMAD