O'zbekiston Prezidentining «Turizm yo'nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Hujjatga ko'ra, 2024 yil 1 yanvardan turoperatorlar tomonidan turistik oqim past bo'lgan xorijiy mamlakatlardan O'zbekistonga olib kelingan har bir turist uchun teng ulushlarda 20 AQSh dollaridan 100 AQSh dollarigacha rag'batlantiruvchi subsidiya ajratiladi. Shuningdek, turoperatorlar va aviatashuvchilarning xorijdan Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlariga charter aviaqatnovlari bo'yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublikada kamida 5 kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSh dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20 fevralgacha) esa 50 AQSh dollari ekvivalentida teng ulushlarda qoplab beriladi.
Bundan tashqari, 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam bo'lmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam bo'lmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past bo'lmagan mehmonxona 2026 yil 31 dekabrgacha foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi.
Jumladan, 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so'm, 4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so'm.
2026 yil 31 dekabrgacha dunyoning nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi O'zbekiston rezidentlari bo'lgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing to'g'risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan 3 yil mobaynida quyidagi miqdorda qisman moliyalashtiriladi:
-3 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 200 AQSh dollari ekvivalentida;
-4 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 400 AQSh dollari ekvivalentida;
-5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 600 AQSh dollari ekvivalentida.
Qarorga muvofiq, 2024 yil 1 yanvardan nogironligi bo'lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan «To'siqsiz turizm» dasturi amalga oshiriladi.
2026 yil 1 iyulgacha etib borish qiyin bo'lgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10 km. yoki qattiq qoplamali avtomobil' yo'llaridan 5 km uzoqlikda) alohida avtonom infratuzilmani yaratgan holda kempinglar tashkil etgan va «safari» turizmi xizmatlarini ko'rsatadigan yuridik shaxslarning mazkur faoliyat turi bo'yicha mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan er solig'i stavkalari ushbu soliqlar bo'yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.
Hujjatda, shuningdek, 2023/2024 o'quv yilidan har yili «Ipak yo'li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo mamlakatlar hamda Buyuk Ipak yo'lida joylashgan davlatlar fuqarolari magistraturada davlat granti asosida ta'lim olishlari uchun 10 milliard so'mdan kam bo'lmagan miqdorda mablag'lar ajratib borilishi qayd etilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan mazkur qarorga muvofiq, 2023 yil 1 sentyabrdan turagentlarning elektron to'lovlar, bron' qilish xizmatlarini ko'rsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga va turoperatorlarning elektron to'lovlar xizmatlarini ko'rsatadigan veb-saytga ega bo'lishi talablari bekor qilinadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
حدثنا العباس بن محمد الدوري نا يعلى نا موسى عن مصعب بن سعد عن أبيه سعد بن مالك قال: كنا جلوسا عند رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: ”أيعجز أحدكم أن يكسب في اليوم ألف حسنة“. قال: فسأله سائل من جلسائه: كيف يكسب أحدنا يا رسول الله كل يوم ألف حسنة قال: ”يسبح مائة تسبيحة يكتب له ألف حسنة أو يحط عنه ألف خطيئة.“
Mus’ab ibn Sa’d otasi Sa’d ibn Molikdan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edik.
Shunda u zot: “Sizlardan biringiz bir kunda mingta yaxshilik qilishga ojizmi?” dedilar.
U zot bilan birga o‘tirganlardan biri: “Yo Allohning Rasuli, qanday qilib har birimiz bir kunda mingtadan yaxshilik qila olishimiz mumkin?” deb so‘radi.
“Yuzta tasbeh (“Subhanalloh” deb) aytsa, unga mingta savob yoziladi yoki undan mingta xato o‘chiriladi”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi