Misrda chop etiladigan yirik matbaa nashrlardan biri - “Al-Ahram” gazetasi sahifasida “O'zbekistonning Qohiradagi elchisi: Prezident Shavkat Mirziyoev yangi muddatga saylanganidan keyin Misr bilan o'zaro manfaatli aloqalarda ulkan rivojlanish kutilmoqda” sarlavhasi ostidagi interv'yu bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mamlakatimizning Qohiradagi diplomatiya vakolatxonasi rahbari Mansurbek Qilichev bilan bo'lgan ushbu suhbatda O'zbekiston va uning xalqi arab mamlakatlari, xususan, Misr xalqi bilan ko'plab tarixiy, madaniy va diniy rishtalar orqali bog'langani qayd etilgan.
Unda O'zbekistonning misrliklarga qadim zamonlardan beri Movarounnahr – “daryo ortidagi mamlakat” sifatida tanilgani va Qohirada ikki davlat o'rtasidagi tarixiy munosabatlarning tarixi uzoq o'tmishga borib taqalishini tasdiqlaydigan ko'plab dalillar va yodgorliklar saqlanib qolgani ta'kidlangan.
«Masalan, Qohiradagi “Nilometr”. “U Ahmad Al-Farg'oniy” tomonidan kashf etilgan, shuningdek, hududi bo'yicha Misrdagi eng yirik masjidlardan biri bo'lgan “Ibn Tulun” masjidi asli O'zbekistonning Buxoro shahridan bo'lgan Ahmad ibn Tulun tomonidan barpo etilgan. Qohira markazidagi bog'i bilan mashhur bo'lgan “Al-O'zbekiya” mahallasining nomi esa Sulton Qaytboy o'z qo'shini qo'mondoni Sayfuddin O'zbekka 60 gektar erni sovg'a qilishidan so'nggi davriga to'g'ri keladi. Bu erda Sayfuddin O'zbek obodonchilik qilgan, ko'plab inshootlar, jumladan, mazkur bog'ni barpo etgan», deb yozadi nashr.
Ushbu interv'yuda O'zbekistonning zamonaviy davrdagi munosabatlari tarixiy munosabatlaridan kam emasligi, Misr 1993 yili, sobiq sovetlar ittifoqi parchalangach, ya'ni O'zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng Toshkentda elchixonasini ochgan birinchi davlatlardan biri bo'lgani ham qayd etilgan.
Suhbatda Misr arab davlatlari orasidan birinchi bo'lib, 1991 yil 26 dekabrda O'zbekiston mustaqilligini tan olgani va 1992 yilda imzolangan Qo'shma bayonot asosida ikki davlat o'rtasida diplomatiya munosabatlari o'rnatilgani o'quvchilarning e'tiboriga havola qilingan.
Shuningdek, O'zbekiston va Misr etakchilari muntazam uchrashayotgani, Prezident Abdulfattoh as-Sisiy 2018 yilning sentyabr' oyida O'zbekistonga tashrif buyurgani, joriy yilning fevral oyida esa O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Misrga buyurgan tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish barcha sohalarda hamkorlik asoslarini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratgani alohida ta'kidlangan.
Yuqoridagilar bilan birga, O'zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichev joriy yil 9 iyul' kuni bo'lib o'tgan saylovlarda Prezident Mirziyoev yangi prezidentlik muddatiga saylanganidan keyingi davrda ham Misr bilan aloqalar ham muhim o'rin tutishini qayd etgani va buning sabablari atroflicha qalamga olingan.
«O'zbekiston elchisi Misr va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar o'zaro ishonchga asoslangan do'stlikka asoslanishini tasdiqlar ekan, ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi tarixiy va madaniy mushtaraklik o'zaro hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos ekanligi, Misr O'zbekiston uchun istiqbolli hamkor va o'z mamlakati eksportining Afrika bozorlariga kirish eshigi ekanini ta'kidladi», deb yozadi gazeta.
Ma'lumot tariqasida qayd etish joizki, “Al-Ahram” gazetasi 1875 yil 5 avgustda Misrning rasmiy gazetasi sifatida tashkil etilgan. U Misr va arab dunyosidagi eng yirik nashr bo'lib, kunlik adadi 1 millionga yaqin nusxani tashkil etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 14 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi. Unda turli ish beruvchi vazirliklar, tashkilot, korxona va muassasalar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimidagi Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov diniy-ma’rifiy sohadagi so‘nggi yangiliklar, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga berilayotgan e’tibor, oliygoh faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Uchrashuv davomida 2024-2025-o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasini bakalavr bosqichini 309 nafar, magistratura bosqichini 95 nafar talaba tamomlayotgani aytib o‘tildi.
Hamkor tashkilotlar ko‘lami yil sayin ko‘payib borayotgani, hozirgi kunga qadar Akademiya va tashkilotlar o‘rtasida 100 dan ortiq hamkorlik bo‘yicha memorandum va shartnomalar imzolangani bayon etildi.
Tadbirning amaliy qismida ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbatlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 70 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Milliy arxivi, Alfraganus universiteti va boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi. 100 dan ziyod talaba bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
Tadbirda faollik ko‘rsatgan ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari, tashakkurnomalar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati