Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2025   |   8 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:19
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:09
Bismillah
02 Avgust, 2025, 8 Safar, 1447

AQSH universiteti talabalar uchun umra safari tashkil qildi

27.02.2019   4423   1 min.
AQSH universiteti talabalar uchun umra safari tashkil qildi

Qishki ta’til davomida AQSHning nufuzli Garvard universitetining 30 nafar musulmon talabalari uchun Makka va Madina shaharlariga sakkiz kunlik sayohat uyushtirildi. Bu haqda universitet saytiga tayanib Islom.uz xabar berdi.

Tadbir tashkilotchilari Garvard tarixidagi ilk imom Xalil Abdurrashid va uning rafiqasi Samia Umar bo‘ldi. Deyarli barcha xarajatlar jamoat tashkilotlari va ko‘ngillilar tomonidan qoplanishi ma’lum qilingan.

Ko‘pchilik talabalar uchun bu umra nafaqat birinchi islomiy ziyorat, balki AQSHdan xorijga ilk safar ham edi. Ular umra qilishdek imkoniyatdan bahramand bo‘lganlari uchun ulkan minnatdorchiliklarini hamda bu ularning ruhan yuksalishlariga, iymonlari ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘lganini izhor qildilar.

«Mazkur safar men uchun o‘ta hayratlanarli bo‘ldi, – deydi 21 yoshli Injil Muhammad. – O‘ngim va chapimda shu qadar ko‘p – 300 tadan ziyod kishining namoz o‘qiyotganini ko‘rib, men aynan to‘g‘ri yo‘lda ekanimni his qildim. Go‘yo o‘z uyimdagidek edim».

Yana bir talaba Abdulaziz Banasey o‘z hissiyotlarini shunday ifodaladi: «Millionlab musulmonlar mendan avval ham umra qilishgan, mendan keyin ham qilishadi. Bu fikr meni ancha o‘yga toldirdi. Men hamisha o‘zimni diqqat markazda deb bilardim».

Bundan to‘rt asr muqaddam, 1636 yilda asos solingan Garvard universiteti AQSHning eng qadimgi oliy ta’lim muassasasidir.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar

“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

01.08.2025   2448   1 min.
“Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar

Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:

“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.


“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.


“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.


“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.


“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.


“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.


“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.


“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.


“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.


Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat dedi.
 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV