Qishki ta’til davomida AQSHning nufuzli Garvard universitetining 30 nafar musulmon talabalari uchun Makka va Madina shaharlariga sakkiz kunlik sayohat uyushtirildi. Bu haqda universitet saytiga tayanib Islom.uz xabar berdi.
Tadbir tashkilotchilari Garvard tarixidagi ilk imom Xalil Abdurrashid va uning rafiqasi Samia Umar bo‘ldi. Deyarli barcha xarajatlar jamoat tashkilotlari va ko‘ngillilar tomonidan qoplanishi ma’lum qilingan.
Ko‘pchilik talabalar uchun bu umra nafaqat birinchi islomiy ziyorat, balki AQSHdan xorijga ilk safar ham edi. Ular umra qilishdek imkoniyatdan bahramand bo‘lganlari uchun ulkan minnatdorchiliklarini hamda bu ularning ruhan yuksalishlariga, iymonlari ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘lganini izhor qildilar.
«Mazkur safar men uchun o‘ta hayratlanarli bo‘ldi, – deydi 21 yoshli Injil Muhammad. – O‘ngim va chapimda shu qadar ko‘p – 300 tadan ziyod kishining namoz o‘qiyotganini ko‘rib, men aynan to‘g‘ri yo‘lda ekanimni his qildim. Go‘yo o‘z uyimdagidek edim».
Yana bir talaba Abdulaziz Banasey o‘z hissiyotlarini shunday ifodaladi: «Millionlab musulmonlar mendan avval ham umra qilishgan, mendan keyin ham qilishadi. Bu fikr meni ancha o‘yga toldirdi. Men hamisha o‘zimni diqqat markazda deb bilardim».
Bundan to‘rt asr muqaddam, 1636 yilda asos solingan Garvard universiteti AQSHning eng qadimgi oliy ta’lim muassasasidir.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati
Siz hech qachon yutqazmaydigan, kasodga uchramaydigan uchta tijoriy kelishuv haqida eshitganmisiz? Unda ushbu oyatga quloq tuting:
"Albatta, Allohning Kitobini tilovat qiladiganlar,
- namozni to‘kis ado etib,
- Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora nafaqa qiladiganlar hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar" (Fotir surasi, 29-oyat).
Izoh: "..hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar". Bu ushbu oyatning asosiy xulosasidir. Dunyodagi tijoratda foyda ham, zarar ham bo‘lishi mumkin. Lekin yuqorida sanab o‘tilgan uch amalni – Qur’on tilovati, namoz va infoqni – bajargan insonlar Alloh bilan bo‘lgan "tijorat"dan hech qachon yutqazmaydilar. Bu tijoratning foydasi bu dunyoda ham, u dunyoda ham bo‘ladi. Bu dunyoda qalb xotirjamligi, baraka, hayotda ma’no topish kabilar, u dunyoda esa Allohning roziligi, jannat va abadiy saodatdir. Bu tijorat – haqiqiy va abadiy muvaffaqiyatdir.
Doktor Ahmad Iso Ma’soraviy