Sahar vaqtida qalb sof, ixlosli va chalg‘itadigan narsalardan xoli bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo har kecha, kechaning oxirgi uchdan biri qolganida “Kim menga duo qiladi, Men unga ijobat qilay, kim Mendan so‘raydi, Men unga (so‘ragan narsasini) beray, kim Mendan kechirim so‘raydi, Men uni kechiray”, deydi» (Imom Buhoriy, Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan: “Kechaning duo qilish uchun maqbul va duolar tez ijobat bo‘ladigan eng afzal vaqti qaysi?” deb so‘radilar. Shunda Jabroil alayhissalom: “Sahar vaqtidan boshqa paytlarda Arshning larzaga kelganini ko‘rmadim”, dedilar (Doktor Vahba Zuhayliy rahimahulloh. Tafsirul Munir).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni shiddatlar paytida Alloh uni istijobat qilishi masrur qilsa, oroyish paytida duoni ko‘paytirsin”, dedilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Men ruku yoki sajda qilgan vaqtimda Qur’on o‘qishdan qaytarildim. Rukuda Robbni ulug‘langiz, sajdada esa duoni ko‘paytiring, u vaqt duolaringiz ijobat bo‘lishga yaqin vaqtdir” (Imom Muslim rivoyati).
Mujohid (rahmatullohi alayhi) aytadi: “Namoz eng yaxshi vaqtga belgilangan. Shuning uchun namozlardan so‘ng duo qilishni unutmang”.
Davron NURMUHAMMAD
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.