Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

G‘aflatda qolmang! Duo qabul bo‘ladigan vaqt va holatlar

26.02.2019   13900   4 min.
G‘aflatda qolmang! Duo qabul bo‘ladigan vaqt va holatlar
  • Saharda duo qilish. Alloh taolo: “Saharlarda ular (Allohdan) mag‘firat so‘rar edilar”, deb marhamat qilgan (Zoriyot surasi, 18-oyat).

Sahar vaqtida qalb sof, ixlosli va chalg‘itadigan narsalardan xoli bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo har kecha, kechaning oxirgi uchdan biri qolganida “Kim menga duo qiladi, Men unga ijobat qilay, kim Mendan so‘raydi, Men unga (so‘ragan narsasini) beray, kim Mendan kechirim so‘raydi, Men uni kechiray”, deydi» (Imom Buhoriy, Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan: “Kechaning duo qilish uchun maqbul va duolar tez ijobat bo‘ladigan eng afzal vaqti qaysi?” deb so‘radilar. Shunda Jabroil alayhissalom: “Sahar vaqtidan boshqa paytlarda Arshning larzaga kelganini ko‘rmadim”, dedilar (Doktor Vahba Zuhayliy rahimahulloh. Tafsirul Munir).

 

  • Azon va iqomatdan keyin duo qilish. Nabiy alayhissalom: “Azon va iqomat orasidagi duo rad qilinmaydi”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati)

 

  • Iftorlik va saharlikda duo qilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘zadorning duosi qaytarilmaydi” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati), deganlar.

 

  • Qalblar “erigan” vaqtda duo qilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalblar yumshagan vaqtda duo qilib qolinglar, chunki u rahmatdir!” dedilar.

 

  • Faqat musibat yetganda emas, balki, tinch-osuda vaqtda ham duo qilish. Agar banda kengchilik vaqtida Allohni zikr qilsa, Alloh uni torchilik vaqtida zikr qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni shiddatlar paytida Alloh uni istijobat qilishi masrur qilsa, oroyish paytida duoni ko‘paytirsin”, dedilar.

 

  • Sajdada duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: “Banda Robbisiga eng yaqin bo‘ladigan holati sajda qilgan vaqtidir. Bas, shu vaqtda duoni ko‘paytiring” (Imom Muslim rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Men ruku yoki sajda qilgan vaqtimda Qur’on o‘qishdan qaytarildim. Rukuda Robbni ulug‘langiz, sajdada esa duoni ko‘paytiring, u vaqt duolaringiz ijobat bo‘lishga yaqin vaqtdir” (Imom Muslim rivoyati).

 

  • Har namozdan so‘ng duo qilish. Abu Umoma roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, qaysi duo ko‘proq qabul bo‘ladi?”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechaning oxiridagi va farz namozlar ortidagi lahzalarda”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Mujohid (rahmatullohi alayhi) aytadi: “Namoz eng yaxshi vaqtga belgilangan. Shuning uchun namozlardan so‘ng duo qilishni unutmang”.

 

  • Yomg‘ir yoqqanda duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Saflar Alloh yo‘lida jipslashganida, yomg‘ir yoqqanda, farz namozlari ado etiladigan vaqtlarda osmon eshiklari ochiladi. Bu paytlarda duo qilishni g‘animat biling”.

 

  • Juma tuni va kunduzi duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni haqida bunday dedilar: “Unda bir soat borki, unga tik turib namoz o‘qiyotgan musulmon banda Allohdan biron narsani tilab to‘g‘ri kelib qolsa, Alloh unga bu tilagini beradi” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

  • Safarda duo qilish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uchta duo, shubhasiz, ijobatdir: mazlumning duosi, musofirning duosi va otaning bolasiga qilgan duosi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   3367   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.