Shu yil 22-23 fevral kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan birinchi xalqaro ziyorat turizmi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan davlat va din arboblari bilan muloqot o‘tkazdilar.
Muftiy hazratlari dastlab Turkiya diyonat ishlari raisi o‘rinbosari professor, doktor Usmon Tiraschi bilan uchrashib, O‘zbekiston va Turkiya davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Professor, doktor Usmon Tiraschi Turkiya davlatining O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibori yuqori ekani haqida gapirib, O‘zbekistonning tarixiy obidalari va tariqat namoyondalarining maqbaralari aks etgan “Oltin silsila” taqvimi nashr etilgani to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Shuningdek, muftiy hazratlari Rossiya muftiylar kengashi va diniy idorasi raisi o‘rinbosari Rushan Abbasov, Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi o‘rinbosari Rustam Valiulin, Misr Arab Respublikasi Parlamenti a’zosi, Misr so‘fiy tariqatlari kengashi raisi Abdulhodiy al-Qasabiy, Dog‘iston Respublikasi musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shixabuddin Guseynov va Indoneziyaning “Istiqlol”, “Doral-Qur’on” muzeylari direktori Muxlis Muhammad Hanafiy bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Muloqotda O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlarini dunyoga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni islom dunyosida ziyorat-turizmi bo‘yicha yirik markazlardan biriga aylantirish va jahonning turli mintaqalaridan, xususan, musulmon dunyosidan diyorimizga sayyohlarni jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi hamda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘MI Matbuot xizmati
Rasmlar muallifi Shahzod Shomansur
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi