Olimlarning ta’kidlashicha, inson miyasi quloq orqali sekundiga 16 gersdan tortib 20 000 gersgacha bo‘lgan chastotali tarang-siqiq to‘lqinlarni qabul qiladi. 16 gersdan past bo‘lgan tovushlarni infratovushlar deyilib, tabiiy holda odamlar bu tovushlarni eshitish imkoniyatiga ega emas. Agar inson shu to‘lqinlarni eshita olganida, o‘z yuragi orqali o‘tayotgan qon hamda tana muskullarining ovozini eshitar edi. Bu esa insoniyatni uzluksiz azobda yashashiga sabab bo‘lardi. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, agar inson 7 gers chastotali to‘lqinlarni eshitsa, darhol vafot etar ekan.
Shuningdek, inson 20 000 gersdan ortiq chastotali to‘lqinlar, ya’ni ultratovushlarni ham eshita olmaydi. Bordiyu mazkur tovushlarni eshita olganida, sayyoramizning Quyosh atrofida aylanishida sodir bo‘ladigan tovushlarni, fazodagi turli portlashlarni hamda qabrlarda azoblanayotgan mayyitlarning ovozlarini ham eshitish imkoniyati paydo bo‘lardi.
Ha, azizlar! Alloh taolo biz bandalari uchun ona zaminimiz bo‘lgan Yerda barcha qulayliklarni, hatto miyamiz qabul qiladigan tovushlarni ham me’yorlashtirib qo‘ygan. Bu Uning bizga ato etgan ulkan rahmatidir!
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
قُلْ بِفَضْلِ اللّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُواْ هُوَ خَيْرٌ مِّمَّا يَجْمَعُونَ
“Sen: “Allohning fazli ila va Uning rahmati ila. Bas, ana shu bilan xursand bo‘lsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”. (Bir ummatga ikki dunyo baxtiga erishtiruvchi ilohiy kitob berilishi o‘sha millatga Allohning fazli va marhamatidir. Bu millat ushbu oyatga amal qilib, qancha xursand bo‘lsa, arziydi. Alloh taoloning fazli va marhamati bo‘lmish Qur’oni Karimga iymon keltirib, uni o‘ziga dastur qilib olgan zotlar o‘sha eng ulug‘ fazl va rahmatga erishgan kishilar sifatida qanchalik xursand bo‘lsalar, shunchalik oz. Qur’onga erishish dunyodagi boshqa hamma narsalarni jamlab, o‘shalarga ega bo‘lishdan ko‘ra yaxshiroqdir.) (Yunus surasi, 58-oyat).
Alloh taolo barchamizga O‘zining Kalomi hamda biz uchun manfaatli bo‘lgan ovozlarni eshitishni nasib etsin!
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov taryyorladi
Tumandagi “Mulla Jumaboy” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda qoziyot mas’ullari, bosh imom-xatiblar, hojilar va mahalla raislari jam bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iyul oyining “Obodonlashtirish va mehr-saxovat oyligi” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, imom-xatiblar va masjid qavmi boshchiligida ko‘chalar, masjid atroflari tozalandi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning hovli-joylarida hashar yo‘li bilan obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Ishchi guruh a’zolari To‘rtko‘l tumanidagi 10 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, quyidagi xayrli amallar bajarildi:
Hojilarni jalb etgan holda mahallalardagi muammoli oilalar holidan xabar olindi;
Homiylar ko‘magida 120 ta ehtiyojmand xonadonga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi;
Ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlariga yangi o‘quv yili uchun maktab formalari tarqatildi;
Imom-xatiblarning faoliyati o‘rganilib, masjid boshqaruvi va ma’rifiy ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, hududda diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati