Moddiy jihatdan qiynalgan odam o‘g‘li bilan tobut ortidan borardi. Shu payt bola janoza ortida yig‘lab qolgan ayolni ko‘rib qoldi. Ayol “Hozir azizimni chirog‘i yo‘q, to‘shagi yo‘q, noni yo‘q joyga olib borishadi” deb yig‘lardi. Bu gapni eshitgan bolakay darhol otasiga yuzlanib, “Otajon, bu tobutdagi odamni bizning uyimizga olib borishadimi?” deb so‘radi.
Ha, azizlar, bu dunyo sinov maydonidir. Boylik va faqirlik, shohlik va gadolik, sog‘lik va bemorlik kabi holatlar imtihondir.
Kimdir boylik bilan imtihon qilinadi. Inson bu boylikka shukr qilishi, faqirlarga saxovat ko‘rsatishi, boyligini yaxshi ishlarga yo‘naltirishi, oxiratiga zaxira bo‘ladigan joylarga sarf etishi, boylikka aldanib qolmasligi, manmanlikka berilmasligi bilan bu sinovdan o‘tadi.
Kimdir faqirlik bilan imtihon qilinadi. Inson bu yetishmovchilikka sabr qilishi, Alloh taologa ko‘p duo qilishi, boy bo‘laman deb harom ishlarga qo‘l urmasligi, qanoat va bardoshi bilan bu sinovdan o‘tadi.
Tanasi sog‘ inson sog‘ligining qadriga yetib, uni asrashi, shukrini ado qilishi, bemorlardan ibrat olishi va salomatligida ko‘p ibodat qilib olishi bilan sinovdan o‘tadi.
Bemor odam sog‘lik katta ne’matligini anglashi, bemorligi uning gunohlariga kafforot bo‘lishini tushunib, tanasidagi og‘riqlarga sabr qilishi va Alloh taolodan ofiyat so‘rashi bilan sinovdan o‘tadi.
Boshqa imtihonlar haqida ham shu kabi gaplarni aytish mumkin.
Azizlar, har birlarimiz o‘zimiz turgan holatning sinovligini anglab, undan yaxshi o‘tishga, boy bo‘lsak, shukr qilib, faqirlarning ko‘nglini olishga, faqir bo‘lsak, sabr qilib, Alloh taolodan halol rizq so‘rashga va qanoatli bo‘lishga harakat qilaylik!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.
Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.
Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه رواه احمد
“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.