بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَكْمَلَ لَنَا الدِّينَ وَأَتَمَّ عَلَيْنَا النِّعْمَةَ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي حَذَّرَ أُمَّتَهُ مِنَ الْبِدْعَةِ وَالضَلاَلَةِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ القِيَامَةِ، اَمَّا بَعْدُ
BID’AT VA XUROFOTLARGA BЕRILMAYLIK
Muhtaram jamoat! Islom ummatiga berilgan eng katta ne’matlardan biri – Alloh taolo ularga dinni komil, ahkomlarini to‘kis qilib berganidir.
الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيْتُ لَكُمُ الْإِسْلاَمَ دِيْنًا
ya’ni: “Ana, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo‘lishiga rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3-oyat).
Bizga Alloh taoloning kitobi, payg‘ambarimizning sunnatlari batafsil holda yetib keldi. Mana shunday mukammal dinimizga biror kishining o‘zicha yangilik kiritishi katta razolatdir. Dinda yo‘q narsani “bu ish dindan”, “savob bo‘ladi”, “qilmasa bo‘lmaydi” deb, unga qo‘shish yoki bir narsani olib tashlash bid’at amal hisoblanadi.
“Bid’at” so‘zi lug‘atda “o‘xshashi bo‘lmagan yangi narsani paydo qilish, diniy aqiydalarga kiritilgan o‘rinsiz isloh” degan ma’noni bildiradi. Istilohda esa:
اَلْبِدْعَةُ فِعْلُ مَا لَمْ يُعْهَدْ فِي عَصْرِ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ
“Bid’at – Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan narsani amalga oshirishdir”.
Demak, ibodatlarda bo‘lsin, odatlarda bo‘lsin, asri saodatda uchramagan, balki, keyinchalik dinda yangi paydo bo‘lgan amallar bid’at hisoblanar ekan. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"عَليْكُمْ بِسُنَّتِي وَسُنَّةِ الخُلَفَاءِ الرَّاشِدِيْنَ المَهْدِيِّينَ، عَضُّوا عَلَيْها بالنَّوَاجِذِ، وَإيَّاكُمْ وَمُحْدَثاتِ الأُمُورِ، فإنَّ كُلَّ بِدْعَةٍ ضَلالَةٌ"
(رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُدَ وَالإمام التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “Sizlar mening va to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi, hidoyat topgan xulafolarimning yo‘lini tutib, uni oziq tishlaringiz bilan tishlagandek, mahkam ushlanglar. Dinga yangiliklar kiritishdan saqlaninglar, albatta, har qanday bid’at – zalolatdir” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Dinga yangilik kiritish, go‘yoki, Alloh va uning Rasuli bilmagan narsani “men topdim” degan da’vo qilishdir. Vaholanki, Islom Alloh tomonidan yuborilgan mukammal va barkamol dindir. Biz musulmonlarning vazifamiz – dinimizning mohiyatini to‘g‘ri anglab yetib, hayotimizga tatbiq qilish va turli bid’at-xurofotlarni paydo qilmaslikdir.
Ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Bid’ati hasana – shariatda asli bo‘lgan amalni shu aslga tayanib, uni shakllantirish uchun joriy qilingan qo‘shimcha amallarga aytiladi. Bunga hazrati Umar raziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan taroveh namozini Rasululloh sallallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrlarida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildilar va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, – dedilar.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa – shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, uni shariatimizda rad etilgandir. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
"مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ"
(رَوَاهُ الإمام البُخَارِيُّ وَالإمام مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Kim bizning dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh bunday deydilar: “Bu – dinni soxtalashtirib, buzishdan asrovchi hadislar jumlasidan bo‘lib, muhim qoidani o‘z ichiga olgan. Ya’ni, dinga zid va dinning dalillari, qoidalariga xilof bo‘lgan har qanday bid’atni rad qilish lozim ekanligini ifodalaydi. Ammo dinga zid bo‘lmagan, shu bilan birga, uning asoslariga tayangan holda keyinchalik dinni himoyalash uchun joriy qilingan amallar rad etilmaydi”. Bu haqda hadisi shirifda shunday deyilgan:
"مَنْ سَنَّ في الإسْلامِ سُنَّةً حَسَنَةً فَلَهُ أجْرُهَا، وَأجْرُ مَنْ عَمِلَ بِهَا بَعْدَهُ مِنْ غَيرِ أنْ يَنْقُصَ مِنْ أُجُورهمْ شَيءٌ، وَمَنْ سَنَّ في الإسْلامِ سُنَّةً سَيِّئَةً كَانَ عَلَيهِ وِزْرُهَا، وَوِزْرُ مَنْ عَمِلَ بِهَا مِنْ بَعْدِهِ، مِنْ غَيرِ أنْ يَنْقُصَ مِنْ أوْزَارِهمْ شَيءٌ"
(رَوَاهُ الإمام مُسْلِمٌ والإمام التِّرْمِذِىُّ وَالإمام النَّسَائِىُّ وَالإمام ابْنُ مَاجَه)
ya’ni: “Kim Islomda go‘zal odat paydo qilsa va undan keyin o‘sha odatga amal qilinsa, unga o‘sha amalning ajri va unga amal qilganlarning ajri bo‘lur. Bunda ularning ajridan biror narsa noqis qilinmas. Kim Islomda bir yomon odat paydo qilsa va undan keyin o‘sha odatga amal qilinsa, unga o‘sha odatning gunohi va keyinchalik unga amal qilganlarning gunohi bo‘lur. Bunda ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilinmas” (Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy va Imom Ibn Mojalar rivoyatlari).
Ulamolarimiz bid’ati hasana va bid’ati sayyia o‘rtasini ajratib olish uchun asosiy mezon bu – shariatimizning umumiy qoidalaridir, deganlar. Ya’ni, Payg‘ambar alayhissalom davrlarida kuzatilmagan biror bir amal ushbu shariat qoidalariga muvofiq kelsa, zalolatga boshlovchi bid’at sanalmaydi. Aksincha, maqtalgan, yaxshi bid’at sanaladi.
Shariatimizga zid bo‘lgan yoxud unga asoslanmagan har qanday amal yoki e’tiqod esa zalolatga boshlovchi bid’at sanaladi. Har bir musulmon aynan ushbu bid’atdan saqlanishi lozim bo‘ladi. Hadisi shariflarda, sahoba va tobein raziyallohu anhumlardan naql qilingan rivoyatlarda qoralangan va musulmonlarni undan qaytarilgan odatlar aynan mana shu bid’ati sayyia ekani muhaqqiq ulamolar tomonidan ta’kidlangan. Jumladan, hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"أَنَا فَرَطُكُمْ عَلَى الْحَوْضِ، وَلَيُرْفَعَنَّ رِجَالٌ مِنْكُمْ، ثُمَّ لَيُخْتَلَجُنَّ دُونِي، فَأَقُولُ: يَا رَبِّ أَصْحَابى فَيُقَالُ: إِنَّكَ لاَ تَدْرِي مَا أَحْدَثُوا بَعْدَكَ"
( رَوَاهُ الإمام البُخَارِيُّ والإمام مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Men (Qiyomat kuni) xavzi kavsarga sizlardan birinchi borib, sizlarni kutib turaman. Huzurimda (ummatimdan bo‘lgan) kishilar tortib olinadilar. Men: “Ey Rabbim, bular mening as'hoblarim-ku”, – desam, “Sizdan keyin nimalar paydo qilishganini bilmaysiz”, – deyiladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Muhtaram jamoat! Vakt o‘tib, insonlar din qonun-qoidalaridan uzoqlashgan sayin ilm susayib, jaholat va nodonlik yuzaga kelishi oqibatida turli bid’at-xurofotlar yuzaga keladi. Masalan, hozir ba’zi joylarda o‘tganlar ruhini yod etish maqsadida sham-chiroq yoqish, dinda asli yo‘q turli ma’raka-tadbirlarni joriy qilish. Ayniqsa ayollar o‘rtasida “Mushkul kushod”, “Bibi seshanba” kabi tadbirlarni o‘tkazish ham aynan mana shunday bid’atlardan sanaladi. ushbu xurofotlarni dinimizdan deb bilinishi va amal qilinishi oldi olinmas ekan, kun sayin avj olib boraveradi. Mashhur sahoba Abdullox ibn Amr ibn Os raziyalloxu anxu: “Bid’at paydo bo‘lsa, kun sayin rivojlanib boradi. Sunnat amaldan chiqarilsa, kun sayin uzoqlasha boshlaydi” – deganlar.
Sufyon Savriy raximahullox: “Bid’at shaytonga gunohdan ham seviklirokdir. Chunki gunohdan tavba qilinadi, bid’atchi gunoh qilayotganini bilmay, unga tavba qilmaydi”, – deganlar.
Xalq orasida “ikkala hayit orasida nikohlanish joiz emas”, “safar oyida safar qilib bo‘lmaydi”, “ro‘za oyida tuxum yeb bo‘lmaydi”, “o‘lik chiqqan xonadonda sumalak, halim pishirilmaydi”, “iftorlikka hamirsiz ovqat tayyorlash lozim”, “mavlid o‘qilsa, xonadon sohiblari qatnashmaydi”, “baliq yesa, jig‘ildoni tozalanib, luqmasi halol bo‘ladi” qabilidagi e’tiqodlar ham ayni qoralangan bid’atlar turiga mansubdir. Bu kabi irim-sirimlarga ishonish, unga “ixlos” bilan amal qilish Alloh taologa yaqinlashtirmaydi, balki uning g‘azabiga olib boradi. Alloh bundan barchamizni asrasin! Shuning uchun ham obid zotlardan biri bo‘lmish Abu Ayyub Sixtiyoniy raximaxullox: “Bid’atchi o‘z bid’atida kancha tirishsa, Alloxdan shuncha uzok bo‘ladi” – deganlar.
Demak, hayotimiz davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini o‘rganib, kundalik hayotimizga tatbiq qilishimiz, turli shar’iy asosga ega bo‘lmagan odat va xurofotlardan saqlanishimiz lozim bo‘ladi. Imom Molik rahimahulloh: “Sunnat – Nuh alayhissalomning kemasi kabidir. Unga mingan kishi najot topadi. Undan qolib ketgan kishi g‘arq bo‘ladi”, – deganlar.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida janoza namozi va unga oid ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.
Janoza namozi farzi kifoya bo‘lib, undan xabardor bo‘lgan kishilardan bir qismi ado etishi bilan boshqalardan bu farz soqit bo‘ladi. Agar hech kim o‘qimasa, hammalari gunohkor bo‘ladilar. Janoza namozida ikkita farz bo‘lib, biri – to‘rt marta takbir aytish, ikkinchisi esa – tik turib o‘qish. Vojibi – salom berishdir. Sano, salavotlar va duo o‘qish esa – sunnatdir.
Janoza namozi quyidagicha o‘qiladi:
Imom mayyitning ko‘kragi to‘g‘risida turib, bosh barmog‘ini qulog‘i yumshog‘iga tekkizib “Allohu akbar” deydi. Iqtido qilganlar ham shunday qiladilar. So‘ng sano o‘qiladi:
سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ وَتَبَارَكَ اسْمُكَ وَتَعَالَى جَدُّكَ وَلَا إِلَهَ غَيْرُكَ
ya’ni: “Ey Alloh, Seni pok deb, hamd aytib yod qilaman, isming – muborak, martabang – ulug‘dir, Sendan o‘zga iloh yo‘q”.
Sanodan so‘ng ikkinchi takbir aytiladi va bunda, mazhabimizga ko‘ra, qo‘l ko‘tarilmaydi. Qo‘l faqat birinchi takbirda ko‘tariladi xolos. Ikkinchi takbirdan so‘ng salavot o‘qiladi:
اَللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ، كَمَا صَلَّيْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ وَعَلَى آلِ إِبْرَاهِيمَ، إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ. اَللَّهُمَّ بَارِكْ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ، كَمَا بَارَكْتَ عَلَى إِبْرَاِهِيمَ وَعَلَى آلِ إِبْرَاهِيمَ، إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ
ya’ni: “Ey Alloh, Ibrohim va uning oilasiga salavot yuborganing kabi, Muhammad va u zotning oilasiga ham yuborgin. Sen maqtovga loyiq, buyuk Zotsan! Ey Alloh, Ibrohim va uning oilasiga baraka nozil qilganing kabi, Muhammad va u zotning oilasiga ham baraka nozil qilgin. Sen maqtovga loyiq, buyuk Zotsan!”.
Salavotdan so‘ng uchinchi takbir aytiladi, ortidan mayyitning haqqiga duo qilinadi:
اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِـحَيِّنَا، وَمَيِّتِنَا، وشَاهِدِنَا، وَغَائِــبِنَا، وَصَغِيْرِنَا، وَكَبِيرِنَا، وَذَكَرِنَا، وَأُنْثَانَا، اللَّهُمَّ مَنْ أَحْيَيْتَهُ مِنَّا فَأَحْيِهِ عَلَى الْإِسْلَامِ، وَمَنْ تَوَفَّيْتَهُ مِنَّا فَتَوفَّهُ عَلَى الْإِيْمَانِ
ya’ni: “Ey Alloh, tiriklarimizni ham, o‘tganlarimizni ham, bu yerda borlarimizni ham, yo‘qlarimizni ham, kattayu kichigimizni ham, erkagu ayollarimizni ham mag‘firat qilgin! Ey Alloh, bizdan kimni yashatsang, Islomda yashat, kimni vafot ettirsang, imonda vafot ettirgin!”.
Mayyit balog‘atga yetmagan yosh bola bo‘lsa, yuqoridagi duoning o‘rniga quyidagi duo o‘qiladi:
اللَّهُمَّ اجْعَلْهُ لَنَا فَرَطًا وَاجْعَلْهُ لَنَا أَجْرًا وَذُخْرًا وَاجْعَلْهُ لَنَا شَافِعًا وَمُشَفَّعًا
ya’ni: “Ey Alloh, uni oxiratda bizni kutib oladigan xushxabarchi qil, uni bizga savob va zaxira qil, uni bizga shafoat qiluvchi va shafoati qabul bo‘luvchi qilgin!”.
Keyin to‘rtinchi takbir aytiladi va salom beriladi.
Janoza namoziga kech qolgan odam niyat qilib, imomning takbir aytishi bilan namozga qo‘shiladi. Imom salom berganidan keyin nechta takbirga kech qolgan bo‘lsa, takbirlarning o‘zini aytib qo‘yadi. Boshqa narsalarni o‘qimaydi.
Janoza o‘qish uchun albatta tahorat bo‘lishi shartdir. Tahorat qilib kelguncha namozga ulgurmaydigan bo‘lsa, janoza egasidan boshqalar tayammum qilib, namoz o‘qishlari mumkin bo‘ladi. Janoza namozi asnosida imom takbir aytsa, iqtido qilganlar boshini osmon sari ko‘tarmaydi, namoz ichida boshni osmon sari ko‘tarish bid’at hisoblanadi.
Tug‘ilgan chaqaloq ovoz chiqarib yoki qimirlab, so‘ngra o‘lgan bo‘lsa, unga ism qo‘yiladi, yuvilib kafanlanadi va janoza o‘qib ko‘miladi. O‘lik holda tug‘ilgan chaqaloqqa ism qo‘yilmaydi, janoza o‘qilmaydi, yuvib, bir matoga o‘rab ko‘miladi. Chaqaloqning tirik tug‘ilgani to‘g‘risida tuqqan ona yoki tug‘dirgan doyaning guvohligi qabul qilinadi. (Fatovoi Hindiyya va Badoius-sanoi’ kitoblaridan).
Alloh taolo barchamizga dinimizning ko‘rsatmalarini mukammal o‘rganib, unga O‘zi rozi bo‘ladigan tarzda amal qilish baxtini nasib etsin!
ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari haqida
Alloh taolo Rasululloh sallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashuvchi, bid’at xurofotlardan saqlanuvchi, imoni mustahkam mo‘minlardan bo‘lishimizni nasib etsin. Qiyomatda Rasuli akram alayhissalomning xavzlari oldida yorug‘ yuz bilan birga bo‘lishimizni muyassar aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “DINIMIZDA AYOL QADRI” haqida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Muhtaram imom-domla! Bid’at va uning mohiyatiga oid to‘liq ma’lumot olish uchun “Kuvayt fiqh ensiklopediyasi” (8-juz, 21-41-betlar), Alloma Abdulhay Laknaviyning “Iqomatul hujja” kitobi (16-58-betlar), Alloma Izziddin ibn Abdussalomning “Qavoidul ahkom” kitobi (2-juz, 208-201-betlar) va undan boshqa mo‘tabar manbalar bilan tanishib chiqishingiz tavsiya etiladi.
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati