Mardlik – seni o‘ziga qalqon deb bilib ortingda turgan, senga sirlarini aytib, ishongan ayolni xo‘rlamasligingdir.
*****
Biror kishini aldagan bo‘lsang, uni ahmoq deb o‘ylama. U shunchaki senga ishongan edi.
*****
Kimgadir sening puling, obro‘ying, mansabing kerak. Kimgadir o‘zing keraksan.
*****
Muhabbatning rostligini ta’kidlovchi narsa – fe’llardir. Ammo (“sevaman, yaxshi ko‘raman” kabi) gaplarga kelsak, hamma ham gapira oladi.
*****
Do‘st og‘riqni bo‘lisholmaydi. Yaxshi ko‘rganing iztirobning yarmini ko‘tarolmaydi. Biror yaqining o‘rningga bedor bo‘lolmaydi. Shuning uchun o‘zingga ko‘proq e’tibor ber. Voqealarga hajmidan katta tus berma.
*****
Tanalar qarisa ham, vafo qarimaydi.
*****
Birorta insondan biror narsa kutma! Borligingni bayram, yutuq deb bilmagan kishi yo‘qligingni aza, motam deb bilmaydi.
*****
Ayollarning pastkashi – erining qalbiga uning oilasiga nisbatan yomon fikrlarni solganidir.
Erkaklarning pastkashi - ayolining shunday fikrlariga quloq solib, o‘z ota-onasi va aka-ukalariga nisbatan qo‘pol bo‘lib qolganidir.
*****
Agar sening oilang, chin do‘stlaring, dasturxoningda taoming va boshing tepasida shifting bo‘lsa (ya’ni yashaydigan uying bo‘lsa), sen tasavvur qilganingdan-da boyroq ekansan. Alhamdulillah degin!
*****
Opa – uyning ziynati, oilaning ulfati va atiri, onaning bir bo‘lagi, Alloh taoloning hadyasidir. Ey Robbim! Bizni ulardan mahrum qilma!
Feysbukdagi “Habibam jurnali” nomli sahifadan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov