Bugun, 22 fevral kuni muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan “I Xalqaro ziyorat turizmi forumi” o‘z ishini boshladi.
Mamlakatimizda ilk bora o‘tkazilayotgan mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Tashqi ishlar vazirligi, Buxoro viloyati hokimiyati, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ISESCO) hamda Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) ko‘magida tashkil etildi.
Forum Qur’oni karim oyatlari tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. Tadbirda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 120 dan ziyod vakillar ishtirok etmoqda.
Nufuzli anjumanning ochilishida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yurtimizning sayyohlik imkoniyatlarini dunyoga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni islom dunyosida ziyorat-turizmi bo‘yicha yirik markazlardan biriga aylantirish ushbu forumning asosiy maqsadi ekanini alohida qayd etdilar. Shuningdek, mamlakatimizda ziyorat turizmi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va Islom dini ta’limotlarida keltirilgan safar qilishning foydali jihatlari haqida bayon qildilar. Quyida muftiy hazratlarining nutqlarini e’tiboringizga havola etamiz.
Saytimiz orqali forum jarayonlari kuzatib boring.
بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الذِي خَلَقَ لَنَا الأَرضَ وذَلَّلَها، وسَهَّلَ لَنَا السَّيْرَ
فِي مَنَاكِبِها، وأَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ، وأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّداً عَبْدُهُ ورَسُولُهُ، خَيْرُ النَّاسِ خُلُقاً فِي الحَضَرِ والأَسفَارِ، صلى الله عليه وسلم وَعَلَى آلهِ وصَحْبِهِ وعَلَى أَتْبَاعِهِمْ
صَلاَةً وسَلاَماً دَائمَيْنِ. أَمَّا بَعْدُ،
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu!
Muhtaram mehmonlar, xalqaro tashkilotlar vakillari va forum ishtirokchilari.
Alloh taboraka va taologa cheksiz hamdu sanolarimiz, Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu salomlarimiz bo‘lsin.
O‘zbekiston zaminida o‘tkazilayotgan “Birinchi xalqaro ziyorat turizmi forumi”da ishtirok etish uchun dunyoning turli yerlaridan tashrif buyurgan Siz aziz mehmonlarimizga samimiy salomlarimizni yo‘llaymiz. Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, sharafli va mas’uliyatli vazifalaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston diyoridan jahon tamadduniga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan buyuk olimlar yetishib chiqqanki, ular qo‘nim topgan muborak joylar, ular barpo ettirgan muhtasham binolar va ma’naviy meroslarni ko‘pchilik o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni orzu qiladi.
O‘zbekiston qadimgi Buyuk ipak yo‘li chorrahasidagi mamlakat sifatida dunyoga tanilgan. Yurtimiz tarixi, jahon tamadduni va ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, tarixiy-me’moriy yodgorliklari va allomalari, mehmondo‘st xalqi bilan barchaning e’tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda.
Tarixiy bino va obidalar ko‘pligi bo‘yicha yurtimiz dunyoda 9-o‘rinni egallaydi. O‘zbekiston yetti mingdan ortiq kadimiy-me’moriy va tarixiy obidalarga ega. Mamlakatdagi ikki yuzdan ziyod tarixiy yodgorliklar va me’moriy obidalar YUNЕSKOning madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ularning aksariyati qayta tiklandi, ta’mirlandi va chor atrofi obodonlashtirildi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan sohaga oid qabul qilingan farmon va qarorlar ziyorat turizmini rivojlantirishga katta xizmat qilmoqda. Bugungi kunda 45 ta davlat fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz tartib joriy etilgani sayyohlarning mamlakatimizga qiziqishini yanada oshirdi.
Davlatimiz rahbarining sohaga oid farmon va qarorlari mavjud imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish sari tashlangan muhim qadamlar bo‘ldi. Mazkur qarorlarga muvofiq, diyorimizga tashrif buyurayotgan chet ellik sayyohlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, servis xizmatlar sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Sayyohlar orasida Islom madaniyati obidalari, ulug‘ allomalarimiz qadamjolarini ziyorat qiluvchilar tobora ko‘payib bormoqda. Buxoro shahridagi muborak qadamjolar – Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband va Chorbakr majmualari eng tabarruk ziyoratgohlar hisoblanadi. Shuningdek, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasi, Masjidi Kalon, Labi havuz va Ark majmuasi kabi muhtasham me’moriy obidalar ham ko‘plab sayyohlarning diqqat markazida bo‘lmoqda. Ayni kunlarda Abdulxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshbandning 700 yillik yubileylariga ham qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumki, butun jahondagi musulmonlar soni 1,8 milliardga yaqin. Shundan qariyb 150 millioni har yili sayohat qiladi. Shuni inobatga olib, mamlakatimizda Islom diniga e’tiqod qiluvchi sayyohlarga ham ibodat amallarini bajarish bo‘yicha zarur qulayliklar hozirlandi. Jumladan, yurtimiz mehmonxonalaridagi xonalarning jihozlari safidan Qur’oni karim, joynamoz hamda qibla ko‘rsatkich ham joy oldi. Aeroport va vokzallarda namozxonalar tashkil etildi. Katta yo‘l bo‘yidagi masjidlar soni ko‘paytirilib, ulardagi sharoitlar yaxshilandi va bunday ishlar faol ravishda davom ettirilmoqda.
Shuningdek, “halol” yorliqli oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarga qiziqish kun sayin ortib bormoqda. Shu munosabat bilan o‘tgan yili O‘zbekiston islomiy standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotga a’zo bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham ziyorat turizmini rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Muslim-tur” sayyohlik firmasi tashkil etilib, yurtimizdagi qadamjo, ziyoratgoh va tabarruk maskanlarga mahalliy va xorijiy fuqarolarning ziyoratlarini uyushtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Bugungi nufuzli anjumanimizga dunyoning Malayziya, Indoneziya, Misr, Pokiston, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Hindiston kabi ko‘plab mamlakatlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning vakillari tashrif buyurgani anjumanning ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Buxoroda ilk bor o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro ziyorat turizmi forumi qatnashchilari Buxoroning G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan va Kogon tumanlarida joylashgan qutlug‘ qadamjolarni ziyorat qiladilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
هُوَ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ ذَلُولًا فَامْشُوا فِي مَنَاكِبِهَا
وَكُلُوا مِنْ رِزْقِهِ وَإِلَيْهِ النُّشُورُ
«U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuringlar va (Allohning bergan) rizqidan yenglar! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir» (Mulk, 15).
Darhaqiqat, safar qilishning foydali bo‘lishi uning nima maqsadda ekaniga bog‘liq. Bunga jahonga mashhur, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy bobomizning hayotlari yorqin misol bo‘la oladi. Ulug‘ muhaddis bobomiz umrining ayni navqiron davrlarini xorijda ilm talabida safarda o‘tkazganlar. Jahon kezib ilm olgan bobomizning ilmiy meroslari hozirgi paytgacha butun dunyoga ziyo tarqatmoqda.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir hadisi shariflarida:
سَافِرُوا تَصِحُّوا وَتُرْزَقُوا
“Safar qilinglar, sog‘lom va rizqu nasibali bo‘lasizlar”, deb marhamat etganlar.
Manbalarda keltirilishicha, safar qilishda sog‘liq va ruhiy tetiklik uchun ko‘p manfaatlar bor. Chunki safar tabiatan harakatga bog‘liq bo‘ladi va tabarruk joylar ziyorati kishiga ruhiy quvvat bag‘ishlaydi.
Safarga targ‘ibdan maqsad ham kishining safar davomida ko‘rgan-kechirgan holatlaridan ijobiy taassurot olmog‘iga va hayotda himmatli bo‘lishga erishmog‘idir. Zero, arab tilidagi safar so‘zining yana bir ma’nosi ham “kashf etmoq, ko‘rsatmoq”dir.
Solih zotlardan biri hazrat Bishr Xofiy bunday deganlar: “Ey zohidlar jamoasi! Sayohat qilinglar, yaxshilardan bo‘lasizlar, chunki suv oqsa, yaxshi bo‘ladi. Agar suv bir o‘rinda ko‘p tursa, buziladi”.
Demak, inson ko‘p safar va ziyoratlar qilib turishida uning jismonan sog‘ligi, ruhiy tetikligi va ma’naviy olamiga juda katta foydalari bor.
Muhtaram tadbir ishtiroklari, bugungi o‘tayotgan ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forum har jihatdan foydali bo‘lishini bildirib, anjuman ishiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan